Karvonsaroy
Siyosat

Putin hukmronligining “umrbod prezidentlik” bilan mustahkamlanishi siyosiy stagnatsiya xavfini yuzaga keltirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ikkinchi Jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini nishonlash marosimida Kreml va Qizil maydon uzra parvoz qilayotgan harbiy samolyotlarni kuzatmoqda, Moskva, 9-may, 2020-yil. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ikkinchi Jahon urushida fashistlar Germaniyasi ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligini nishonlash marosimida Kreml va Qizil maydon uzra parvoz qilayotgan harbiy samolyotlarni kuzatmoqda, Moskva, 9-may, 2020-yil. [Aleksey Drujinin/Sputnik/AFP]

MOSKVA – Prezident Vladimir Putin oʻtgan haftada oʻz hukmronligini uzaytirishni koʻzda tutuvchi tarixiy saylovlar chogʻida rossiyaliklarni oʻz farzandlari va nabiralariga tashlab ketishni xohlaydigan mamlakatni tasavvur qilishga chaqirdi.

Lekin, qachonlardir uning oʻrnini kim egallaydi, degan muhim savolni ortga surayotgan Putinga Kremlning hafsalasini pir qiladigan uzoq yillik siyosiy turgʻunlik davri xavf solayotgan boʻlishi mumkin, deydi tahlilchilar.

Aynan shunday turgʻunlik davri – 1960-yillarning oʻrtalaridan 1980-yillarning oʻrtalariga qadar davom etgan mashʼum “Period zastoya” Sovet Ittifoqining parchalanishini tezlashtirib, Rossiyani uzoq yillik xaosga yetaklagan edi.

Oʻsha vaqtda boʻlgani kabi, ruslarni oʻzgarishlardan noumid qilish xavfli boʻlishi mumkin.

Moskva markazida tilanchilik qilayotgan kampir, 2019-yil. Rossiya iqtisodiyotining uzoq yillardan beri qulashda davom etayotgani oddiy rossiyaliklar hayotini qiyinlashtirgan. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Moskva markazida tilanchilik qilayotgan kampir, 2019-yil. Rossiya iqtisodiyotining uzoq yillardan beri qulashda davom etayotgani oddiy rossiyaliklar hayotini qiyinlashtirgan. [Yuriy Kadobnov/AFP]

Putin “ruslarni endorfinlar va birdamlik hissi bilan toʻyintirish” maqsadida puxta hisob-kitob bilan har yilgi Gʻalaba paradini 24-iyunga – referendumdan taxminan bir hafta oldinga koʻchirdi.

Putin “ruslarni endorfinlar va birdamlik hissi bilan toʻyintirish” maqsadida puxta hisob-kitob bilan har yilgi Gʻalaba paradini 24-iyunga – referendumdan taxminan bir hafta oldinga koʻchirdi.

“Rejimning zaifligi – hokimiyatni topshirish mexanizmiga ega emasligida”, deydi “Meduza” yangiliklar saytining bosh muharriri Maksim Trudolyubov.

Prezident va uning jamoasi Putindan keyin qachondir hokimiyat tepasiga keladigan odam masalasini erkin va adolatli saylovlar orqali hal etilishiga “mutlaqo ishonmaydi”, dedi u.

“Ular oʻzlarini hech qachon oʻlmaydigandek tutmoqdalar”.

20 yildan beri prezident yoki bosh vazir sifatida hukumat tepasida oʻtirgan Putin yanvar oyida Konstitutsiyaga pensiyalar va minimal ish haqini oshirish boʻyicha populistik choralarni oʻz ichiga olgan bir qator islohotlarni kiritishni taklif qilgan.

Ularda Kremlda anchadan beri targʻib qilinayotgan konservativ qadriyatlar mustahkamlangan: jumladan, ularning birida mamlakatning “Xudoga eʼtiqodi” tilga olingan boʻlsa, boshqasi bir jinsli nikohlarni qonunan taqiqlashni koʻzda tutadi.

Shundan soʻng, 67 yoshli Putin oʻzining prezidentlik muddatlarini nolga tenglashtiruvchi va unga 2036-yilga qadar hokimiyat tepasida qolishga imkon beruvchi shoshilinch tuzatishlarni qoʻllab-quvvatladi. Bu chora “umrbod prezident” boʻlish uchun oʻylab topilgan hiyla sifatida tanqidga uchragan.

Islohotlarga “qodir emas”

Siyosatshunos Tatyana Stanovayaga koʻra, bu oʻzgarishlar shunchaki Putinning prezidentlik muddatini nolga tenglashtirishgina emas.

“Islohotlarga, anʼanaviy qadriyatlar va sotsial huquqlarga taalluqli barcha oʻzgartishlarga yetarlicha baho bermaslik xato boʻladi”, dedi u.

“Bu Rossiyani, amaldagi rejimni yanada mustahkamlash, Putin merosini qonuniylashtirishning bir usuli.”

Rossiyaliklar 1-iyulda yakunlangan bir haftalik ovoz berish jarayonida bu islohotlarni qoʻllab-quvvatladilar – saylovchilarning 77,92 foizi ularni yoqlab ovoz berdi.

Shunga qaramay, yoqlab berilgan ovozlar Putin uchun qiyin boʻlgan davrga toʻgʻri kelmoqda va Rossiya yetakchisining tiyiqsiz reytingini aks ettirmaydi.

Soʻnggi oylar davomida Putinga boʻlgan ishonch reytingi tarixiy minimumga tushib, 59 foizni tashkil etgan, bu qisman hukumatning koronavirus pandemiyasiga qarshi barvaqt javob choralarigina emas, balki davomli iqtisodiy tanazzul bilan ham bogʻliq.

Tahlilchilarga koʻra, Putin shundoq ham bir necha yildan beri daromadi kamayib ketganidan qiynalgan rossiyaliklarga pandemiyaning iqtisodiy oqibatlari zarba bermasidan avval saylovni oʻtkazib olishni xohlagan.

Ammo, Kreml uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyotni qayta qurish va prezidentning pasayib borayotgan reytingini tiklashga yordam beruvchi zaruriy oʻzgarishlarni amalga oshirolmasligi mumkin, deydi kuzatuvchilar.

Putin “tub iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishga qodir emas”, deydi Shimoliy Irlandiyaning Belfast shahridagi Qirollik universiteti professori, siyosatshunos Aleksandr Titov.

“U buni uddalay olmasa, asta-sekin Brejnev davridagi singari turgʻunlik yuzaga kelib, uning aholi orasidagi obroʻsi va legitimligi kamayadi.”

“Putin uchun paranoya”

Stanovaya bu fikrga qoʻshilishini va yaqin yillarda Putin maʼmuriyati iqtisodiyot samaradorligini oshirish yoki biznesni himoya qilishga qodir boʻlmasligini aytadi.

“Hozirgi vaytda Putin uchun eng muhimi – hech boʻlmaganda moliyaviy va ijtimoiy inqirozlarga yoʻl qoʻymaslik.”

Mustaqil soʻrovlardan maʼlum boʻlishicha, ayniqsa islohotlarga qarshi chiqayotgan yosh saylovchilarning hafsalasi pir boʻlgani sezilmoqda.

Putin hukmron elita tarkibiga yosh siyosiy arboblarni kirita olmadi va hokimiyatni yosh saylovchilarga maʼqul keladigan islohotlarga qodir boʻlgan yangi siyosatchilarga topshirishi dargumon, deb qayd etadi tahlilchilar.

“Rossiyada allaqachon avlodlar oʻzgaradigan vaqt kelgan. Bu jarayon qachon va qanday oʻtishi – vaqt masalasi, xolos”, dedi Trudolyubov.

Kremlning kvo-maqomni saqlab qolish yoʻlidagi qatʼiyati “Putin paranoyasiga” olib kelishi mumkin, deb qoʻshimcha qildi u. Bu asta-sekin vaziyatni yanada qaltislashtiradi.

Kreml voris tanlash masalasini qanchalik keyinga qoldirsa, oʻzgarishlar “shunchalik keskin boʻladi”, deb hisoblaydi Titov.

“Oʻzgarishlar talabini juda uzoq vaqt toʻxtatib turadigan boʻlsangiz, u keragidan ancha radikalroq shaklda namoyon boʻladi”.

Markaziy Osiyoliklarning istehzolari

Putinning Rossiyani yana oʻnlab yillar davomida boshqarishi ehtimoli koʻpchilik Markaziy Osiyoliklarni xavotirga solmoqda.

“Rossiyadagi iqtisodiy turgʻunlik, katta ehtimol bilan Qirgʻizistondagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatga taʼsir qiladi”, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

“Rossiyada ishlaydigan qarindoshlarining pul joʻnatmalari hisobiga kun koʻradigan minglab oilalarning iqtisodiy ahvoli yomonlashishi turgan gap.”

“Bu Qirgʻizistonning Rossiyaga mustahkam iqtisodiy integratsiyasi, aniqrogʻi, Rossiyaga qaramligining oqibatlaridan biri, zero biz Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining rishtalariga oʻralib qolganmiz”, dedi u.

Oʻtgan oy Rossiyani proteksionizmda ayblagan Qirgʻiziston Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy blokni boykot qilish masalasini koʻrgan edi.

“Qozogʻistonda jamoatchilik fikri Rossiya bilan siyosiy integratsiyani qabul qilmaydi”, deydi Qozogʻiston hukumatining markaziy kommunikatsiya xizmati iqtisodiy tahlilchisi Nur-Sultonlik Gaziz Abishev.

“Qozogʻistonlik millatchilar Moskvaning imperialistik shovinizmiga qarshilik qilayotgan bir vaqtda, shaharlik liberallar Rossiyaning aksilgʻarb qarashlari va odamlarga Gʻarb naqadar yomon va Rossiya naqadar ajoyib ekanligini uqtirish harakatlaridan gʻazabga tushmoqda.”

“Putin prezidentligi uzaytirilganidan yaxshilik kutmayman”, deydi toshkentlik maktab oʻqituvchisi Umar Yunusov.

“U 20 yillik hukmronligi davomida hanuzgacha neft va gaz eksportiga qaram boʻlib qolayotgan mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilgani yoʻq.”

“Endi Rossiya iqtisodiyoti pandemiya sababli uzoq muddat oʻtkir muammolardan aziyat chekadi, rossiyaliklar esa qiyinchiliklarga chidashga majbur boʻladilar”, dedi u.

“Oʻzbekiston Rossiya bilan iqtisodiy munosabatlarga umid bogʻlashi kerak yoki yoʻqligini qayta koʻrib chiqishi zarur.”

(Maqolaga Kanat Altinbayev oʻz hissasini qoʻshdi.)

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Menimcha, birlashga oʻzar, birlashmagan – toʻzar.

Javob berish

Respublikaning Rossiya, Xitoy kabi davlatlarga qaram boʻlishligiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim, aksincha rivojlangan davlatlar rivojlanishidan qiyos olgan holda mamlakatni rivojlantirishimiz va mustaqilligini saqlashimiz lozim.

Javob berish

Xabarovsk Putinga qarshi isyon koʻtardi. Uning hukmronligi poyoniga yetib bormoqda

Javob berish

Moskva, Mitino. Politsiya xodimlari fuqaroning pasport va uyali telefonini olib qoʻydi https://www.youtube.com/watch?v=I4Ehvcy6dwY

Javob berish

Rossiyada konstitutsiyaviy toʻntarish yuz berdi. Oldinda – fuqarolar urushi va ehtimol, Rossiyaning parchalanishi.

Javob berish