OLMAOTA – Prezident Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya rejimi shu oy boshida ziddiyatli referendumda saylovchilar faolligini oshirish uchun gomofobik tashviqot va nafratni qurol oʻlaroq ishga soldi.
Uzoq yillar davomida xorijda dezinformatsiya, tarqoqlik va ishonchsizlikni targʻib qilgan, shu bilan birga, Rossiyada ichida ham faollashib borayotgan Kreml tashviqotchilari ruslar orasida keng tarqalgan gomofobiyadan foydalangan holda, Rossiya fuqarolik jamiyatining parchalanishiga oid asossiz qoʻrquvlarga tayanib, oʻz qarorlarini saylov bilan bogʻlashga urindilar.
Kremlning saylovoldi tashviqotida bir jinsli nikohlar markaziy masala boʻlib, referendumdan bir necha hafta oldin barcha ijtimoiy tarmoqlarda Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritishni qoʻllab-quvvatlovchi videolavhalar tarqatildi.
Videolarning birida mehribonlik uyidagi maʼyus bolalardan birining asrab olinishi bilan bogʻliq voqea aks ettirilgan. U yangi otasini koʻrib xursand boʻladi, ammo onasi qayerdaligini soʻraganida, kamera mashina oldida kutib turgan boshqa bir erkak tarafiga buriladi.
Bola oʻzining besoqolboz juftlik tomonidan asrab olinayotganini anglab, yigʻlay boshlaydi. Esankirab qolgan mehribonlik uyi xodimlaridan biri yerga tupurib, jahl bilan ketib qoladi.
“Sen shunday Rossiyani tanlaysanmi? Rossiyaning kelajagini hal qil. Konstitutsiyaga kiritilajak oʻzgartishlar uchun ovoz ber”, deydi kadr ortidagi erkak ovozi.
“Oʻzgartishlar” orasida gomofobiya katta ahamiyatga ega, chunki bir jinsli nikohlar taqiqi oddiy rossiyaliklarning saylov uchastkasiga borishi va islohotlarni qoʻllab-quvvatlashi uchun mohirlik bilan tanlangan masala”, deb yozadi Rossiyada LGBT-muammolarini yorituvchi “Parni” kanali. Guruh LGBTga qarshi kampaniya mohiyatini koʻrsatib berish uchun videorolikni oʻz kanalida joylashtirgan.
“Biz “RIA FAN” deb nomlangan OAVning bunday tashviqotini nomaqbul deb hisoblaymiz!” deyiladi videoning taʼrifida.
Dushanba, 13-iyul holatiga koʻra, videoga 3100 ta odam “layk” qoʻygan, 37000 ta odam esa “yoqmadi” tugmasini bosgan.
RIA FAN yoki Federal yangiliklar agentligi “Putinning oshpazi” sifatida tanilgan, “Vagner” guruhiga rahbarlik qiluvchi biznesmen Yevgeniy Prigojinga qarashli, deb xabar bergan BBC oʻtgan yil oktabr oyida. Xususiy yollanma armiya Rossiyadan tashqarida Kremlning maqsadlarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi.
Putin puxta hisob-kitob bilan har yilgi Gʻalaba paradini 24-iyunga – referendumdan taxminan bir hafta oldinga koʻchirdi, bundan maqsad – “ruslarni endorfinlar va birdamlik hissi bilan toʻyintirish” edi.
Rossiyalik saylovchilar 25-iyun – 1-iyul kunlari boʻlib oʻtgan referendum chogʻida konstitutsiyaga kiritilajak oʻzgartishlarni yoqlab ovoz berishdi. Bu haqda 2-iyul kuni mamlakat Markaziy saylov komissiyasi maʼlum qildi.
Natijada, konstitutsiyada nikoh faqat erkak va ayol oʻrtasida qayd etilishi belgilab qoʻyildi.
Referendumning asosiy maqsadi – 2024-yilda tugaydigan olti yillik muddatdan soʻng Putinga yana ikki marta prezidentlikka saylanishga imkon berib, muddat cheklovlarini olib tashlash masalasi ham qabul qilindi.
Yangi islohotlar 1999-yildan beri prezident yoki bosh vazir boʻlib kelgan Putinga Rossiyani 2036-yilgacha boshqarish imkonini beradi, ayrim kuzatuvchilar esa buni “umrbod prezidentlik” deb taʼriflamoqdalar.
Markaziy Osiyoliklar tashviqot ortida nimani koʻrmoqda?
43 yoshli toshkentlik advokat Shuhrat Yoʻldoshevning fikricha, Kremlning tashviqoti jamoatchilik eʼtiborini konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy maqsadi – Putinning prezidentlik vakolatlari muddatini uzaytirishdan chalgʻitishga qaratilgan.
“Bunday axborot kampaniyasi ortida nima yashiringanini tushunish uchun tajribali piar-mutaxassisi boʻlish shart emas”, deb qoʻshimcha qildi u.
“Moskvadagi hukumatning oʻz xalqiga nisbatan qanchalik “hurmat” bilan munosabatda boʻlishi oydinlashmoqda”, dedi Yoʻldoshev.
Rossiya hukumati oʻzining siyosiy manfaatlarini koʻzlab, jamiyatni manipulyatsiya qilish uchun qoʻrquvdan foydalanmoqda. Uning oʻzi LGBTga nisbatan shunday qoʻrquvni shakllantirdi, deydi LGBT-hamjamiyatiga mansub Kok.team yangiliklar sayti taʼsischilaridan biri, olmaotalik Amir Shaykejanov.
Soʻnggi yillarda Kreml chor mustabid yakkahokimligi gʻoyalarini targʻib qilmoqda va jamiyatning ayrim aʼzolari “rus qadriyatlariga” mos emasligi haqidagi mujdani yoyinlamoqda, dedi u.
“Odamlarni bir-biriga qarshi qoʻyadigan har qanday tashviqot nosogʻlomdir”, deydi Shaykejanov. “Kurashda taqiqlangan usullarning ishga solinishi uning naqadar keskin ekanligini koʻrsatadi – buyurtmachilar bu kabi reklamaga juda katta narsa tikishgan”.
Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya hukumati uzoq yillardan beri targʻib qilib kelayotgan ruscha-slavyancha va pravoslav nasroniylik mafkurasi “yovuz Gʻarb” va “tahdidli Osiyo” – Yaponiya va Xitoyga qarshi qoʻyiladi, dedi u.
“Shunday boʻlsa-da, Rossiya goʻyoki oqqa turib, dushmanlarga qarshi kurashmoqda. Bu kabi tashviqot toʻlaligicha sermahsul poydevor asosiga qurilgan boʻlib, LGBT bayrogʻi bilan bogʻliq nayrang buning yaqqol namunasidir”, dedi Shaykejanov AQSHning Moskvadagi elchixonasi oldida rangli bayroqqa oyoqlarini artgan namoyishchilarni nazarda tutib.
Aksincha, Qozogʻiston hukumati LGBT-hamjamiyatiga qarshi urush olib bormayapti, chunki Qozogʻiston Rossiyadagi kabi mafkuraga ega emas, deb qoʻshimcha qildi u.
Rossiyada gomofobiya avj olgan, chunki aholi orasida anʼanaviylik tarafdorlari koʻp, ular yangi va notanish narsadan xavfsiraydilar, deydi bishkeklik psixolog Andrey Demchenko.
“Ular faqat LGBT emas, balki... turli irqqa mansublar oʻrtasidagi nikohlarni ham tanqid qilishadi va Markaziy Osiyolik mehnat migrantlariga ham doʻstona munosabatda emaslar”, dedi u.
Rossiyada jinsiy ozchiliklarning rad etilishiga ijtimoiy-iqtisodiy omillar taʼsir qiladi, deb qoʻshimcha qildi u.
“Koʻp hollarda taʼlim darajasi va maoshlar qanchalik past boʻlsa, agressiya ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi. Shundoq ham mingta muammosi bor odam qoʻl ushlashib yurgan ikkita yigitni koʻrsa nima qiladi? Bu holatda u qanday qilib oʻzini tiyib turishi mumkin?” deydi Demchenko.