Karvonsaroy
Terrorizm

Qozogʻistonda aholidan qurollar sotib olish aksiyasi davomida hozirgacha 100 dan ortiq qurol yigʻib olindi

Aydar Ashimov

Qustanay viloyatida topshirilgan qurollarni koʻzdan kechirayotgan politsiya xodimi, 3-iyul. [Qozogʻiston IIV]

Qustanay viloyatida topshirilgan qurollarni koʻzdan kechirayotgan politsiya xodimi, 3-iyul. [Qozogʻiston IIV]

NUR-SULTON – 1-iyul kuni Qozogʻistonda aholidan noqonuniy saqlanayotgan qurol-yarogʻlarni sotib olish boʻyicha har yilgi aksiya boshlandi.

Aksiya qurol sotib olish uchun ajratilgan mablagʻ toʻliq sarf qilinguniga qadar davom etadi. Bu yilgi summa oshkor qilinmagan.

Oʻtgan yili hukumat bu maqsadlar uchun 100 million tenge (263 ming dollar) ajratgan edi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli bu yil internet orqali oʻtkazilayotgan tadbirning ilk haftasida huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari mamlakat boʻylab 100 dan ortiq noqonuniy qurollarni yigʻib oldilar, deyiladi Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi (IIV) bayonotida.

Arralanib, qayta eritish uchun tayyorlab qoʻyilgan qurollar, Shimoliy Qozogʻiston viloyati, 3-iyul. (Qozogʻiston IIV)

Arralanib, qayta eritish uchun tayyorlab qoʻyilgan qurollar, Shimoliy Qozogʻiston viloyati, 3-iyul. (Qozogʻiston IIV)

Radikal guruhga aʼzolikda gumonlanib qoʻlga olingan shaxs, 3-iyun, Atirau. [Qozogʻiston IIV]

Radikal guruhga aʼzolikda gumonlanib qoʻlga olingan shaxs, 3-iyun, Atirau. [Qozogʻiston IIV]

“Ixtiyoriy ravishda qaytarilgan har bir qurol-aslaha uchun uning texnik holatiga qarab, 27780 dan 277800 tengegacha (68 dan 680 AQSH dollarigacha) kompensatsiya toʻlanishi kutilmoqda”, deyiladi IIV xabarida.

Vazirlikka koʻra, roʻyxatga olinmagan qurollarni ixtiyoriy tarzda topshirganlar jinoiy yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilmaydi.

Koronavirus pandemiyasi va karantin tufayli, qurol egalari politsiyaga internet orqali ariza yuborishi yoki 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilishi mumkin.

Politsiya xodimlari arizada koʻrsatilgan manzilga borib, qurollarni olib ketadilar. Pul mukofoti qurollarni topshirganlarning bankdagi hisob raqamlariga oʻtkazib beriladi.

Joriy yilda hozirga qadar topshirilgan qurol-aslahalar orasida ov miltiqlari, oʻq-dorilar, gazli va rezina oʻqli toʻpponchalar, silliq stvolli qurollar bor.

Aksiyaning ilk haftasida Jambil viloyatida 27 kishidan jami 54 dona qurol yigʻib olinib, ularga 3 million tenge (7400 AQSH dollari) pul toʻlandi.

Shuningdek, Shimoliy Qozogʻiston viloyati politsiyasi dastlabki uch kun davomida 31 dona qurol, asosan ov miltiqlarini yigʻib oldi.

Qustanay viloyatida aktsiya deyarli oʻz nihoyasiga yetgan boʻlib, uning ilk kunlaridayoq 43 ta qurol davlat ixtiyoriga topshirildi. Ajratilgan 3,2 million tengedan (7900 dollar) 2,5 million tenge (6150 dollar) toʻlab boʻlindi.

Qurollarni yoʻq qilish

Yigʻib olingan qurollar boʻlaklarga boʻlinib, zavodlarda eritiladi.

“Qozogʻiston qonunchiligida musodara qilingan qurollarni legallashtirish koʻzda tutilmagan, shu sababli ular yoʻq qilinadi”, deydi Nur-Sultonlik advokat Alibek Basheyev.

Qurol egalari ularni qanday qoʻlga kiritganliklarini turlicha tushuntirganlar. Baʼzilar qurol ota-onasidan meros qolganini, boshqalar esa uni dashtda topib olganini aytgan.

Qurol topshirganlar javobgarlikka tortilmasa-da, politsiya bu qurollarning jinoyat uchun ishlatilgan yoki yoʻqligini tekshirmoqda, dedi Basheyev.

Qurolni ixtiyoriy ravishda topshirgan fuqaro nafaqat javobgarlikka tortilmaydi, balki bu unga moliyaviy foyda ham keltirishi mumkin, dedi u.

“Masalan, roʻyxatdan oʻtmagan qurolni topshirgan shaxsga 100 ming tenge (250 AQSH dollari) beriladi. Bu uning qora bozordagi narxidan yuqori”, dedi Basheyev.

IIV aholidan noqonuniy qurollarni sotib olish aktsiyasini 2012-yildan beri oʻtkazib keladi.

Oʻtgan vaqt mobaynida aholidan 51 mingdan ortiq shaxsiy qurol va 2 million oʻq-dori sotib olingan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, dastur boshlanganidan beri oʻqotar qurollar vositasida sodir etilgan jinoyatlar soni 2012-yildagi 694 dan 2019-yilda 238 ga kamaygan.

Terrorizmning oldini olish

“Jinoyatchilar va terrorchilar qoʻliga tushishi mumkin boʻlgan noqonuniy qurollarni musodara qilish muhim”, dedi Basheyev.

3-iyun kuni Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) Atiraudagi shunday guruhlardan birining besh nafar aʼzosi qoʻlga olingani haqida xabar berdi. Hududdagi tadbirkorlardan pul undirish bilan shugʻullangan bu kimsalar transmilliy uyushgan jinoiy guruhga aloqador boʻlishgan.

Ulardan toʻpponcha, qirqma ov miltigʻi va oʻq-dorilar musodara qilingan.

Shu bilan birga, 8-iyun kuni Atirauda KNB va politsiya ekstremistik guruhga aʼzolikda gumonlangan 32 yashar fuqaroni qoʻlga oldi. U sintetik giyohvand moddalar tarqatish bilan shugʻullangan.

Huquq-tartibot xodimlari undan giyohvand moddalar, taqiqlangan diniy adabiyotlar va qoʻlbola portlovchi qurilmalarni musodara qildilar, deb yozadi Tengri News.

Ekstremistlar va buzgʻunchi oqimlar Qurʼon va diniy matnlarni oʻzgartirib talqin qilishadi. Ular oʻz jinoiy faoliyatini moliyalashtirish yoʻllarini izlar ekan, taʼmagirlik, qurol va giyohvand moddalar savdosidan ham bosh tortmaydi”, deydi chimkentlik diniy mutaxassis Murat Argimbayev.

Huquqni muhofaza qilish idoralari va profilaktik choralar natijasida soʻnggi yillarda Qozogʻistonda birorta ham terrorchilik harakati sodir etilmadi, dedi u.

“Ammo, bir necha bor terrorchilik harakatlarini sodir etish urinishlarining oldi olindi. Bu doimiy kurash va bu yoʻlda boʻshashmaslik kerak”, deydi Argimbayev.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu juda yomon . Uzbekistanda hamisha tinch totuv yaxshi hayot .

Javob berish