Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Markaziy Osiyolik jurnalistlar rossiyalik hamkasblarining “davlatga xiyonati”ga oid iddaolarni shubha ostiga olmoqda

Kanat Altinbayev

Sobiq jurnalist va Rossiyaning “Roskosmos” kosmik agentligi bosh direktorining yordamchisi Ivan Safronov 7-iyul kuni Moskvada boʻlib oʻtgan sud jarayonida temir panjara ortida turibdi. (Vasiliy Maksimov/AFP)

Sobiq jurnalist va Rossiyaning “Roskosmos” kosmik agentligi bosh direktorining yordamchisi Ivan Safronov 7-iyul kuni Moskvada boʻlib oʻtgan sud jarayonida temir panjara ortida turibdi. (Vasiliy Maksimov/AFP)

OLMAOTA – Markaziy Osiyodagi jurnalistlar va huquq himoyachilari moskvalik jurnalist Ivan Safronovning hibsga olinganini qoralab, bu holatni Kremlning soʻz erkinligiga rahna solish va OAVni nazoratga olish urinishlarining soʻnggi yorqin namunasi oʻlaroq baholadilar.

7-iyul kuni Moskvada Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari Safronovni davlatga xiyonatda ayblab hibsga olishdi. Safronov oʻn yilcha Rossiyaning “Kommersant” gazetasida harbiy jurnalist boʻlib ishlagan, may oyida esa Rossiyaning kosmik sohadagi davlat korporatsiyasi – “Roskosmos” bosh direktori Dmitriy Rogozinning maslahatchisiga aylangan edi.

FSB Safronovni 2017-yilda muxbir boʻlib ishlayotgan vaqtida Chexiya razvedkasiga Rossiya mudofaa sanoatiga oid maxfiy maʼlumotlarni berganlikda ayblamoqda, deb xabar qilgan OAV uning advokatlariga tayanib.

Sud Safronovni ikki oyga – 6 sentabrga qadar qamoqqa olishga buyruq bergan.

Kremlga muxolif rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko (oʻngda) va Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) boshligʻi Vasil Gritsak (chapda) Kiyevdagi matbuot anjumanida nutq soʻzlamoqda, 2018-yil. Ukraina Rossiya tomonidan jurnalist hayotiga suiqasdning oldini olish uchun Babchenkoning qotilligini sahnalashtirganini tan olgan. [Sergey Supinskiy/AFP]

Kremlga muxolif rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko (oʻngda) va Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) boshligʻi Vasil Gritsak (chapda) Kiyevdagi matbuot anjumanida nutq soʻzlamoqda, 2018-yil. Ukraina Rossiya tomonidan jurnalist hayotiga suiqasdning oldini olish uchun Babchenkoning qotilligini sahnalashtirganini tan olgan. [Sergey Supinskiy/AFP]

FSB Safronovga qoʻyilgan ayblov tafsilotlarini ochiqlamagan. Rossiyada amalda boʻlgan tartibga koʻra, oʻta maxfiy maʼlumotlar bilan bogʻliq ishlar yopiq sud majlisida koʻrib chiqiladi.

“Jamoatchilik bilan bogʻliq yoʻnalishda ishlovchi har qanday Rossiya fuqarosi – u huquq himoyachisi boʻladimi, olim, jurnalist yoki davlat korporatsiyasi xodimimi – istalgan vaqtda jiddiy ayblovlarga uchrashi mumkin”, deyiladi “Kommersant” bayonotida.

“Jamoatchilik faqat maxsus xizmatlarning soʻzlariga tayanishga majbur, ularning faoliyati esa yildan-yilga yanada koʻproq savollarni paydo qilmoqda. Bu savollarni berayotgan jurnalistlarning oʻzlari xavf ostida qolmoqdalar”, deb yozadi “Kommersant”.

Shubhali ayblovlar

Safronovning hibsga olinishi uning “Roskosmos”da egallagan lavozimi bilan bogʻliq, deydi Yevropada istiqomat qiladigan tojik jurnalisti, ASIA-Plus va Deutsche Welle saytlarida ishlagan Xayrullo Mirsaidov.

“Rossiyadagi korrupsiya darajasi inobatga olinsa, bu mamlakat fazoviy sohaga juda katta miqdordagi pul ajratayotgan bir paytda jurnalist mislsiz miqyosdagi oʻgʻriliklar haqida fosh etuvchi maʼlumot toʻplagan boʻlishi mumkin. Shuning uchun uni yoʻqotishmoqchi”, dedi Mirsaidov.

Safronov kimgadir maxfiy maʼlumotlarni topshirgani haqidagi iddaolar esa hech qanday asosga ega emas, dedi Mirsaidov.

“Rossiya kontrrazvedka xizmati oʻz ishini bir necha yilga kechikib bajarayotgan ekan, uni tugatish vaqti kelgan, chunki undan foyda yoʻq”, dedi Mirsaidov Safronovning 2017-yilda davlatga xiyonat qilishda ayblangani haqidagi iddaolarni nazarda tutib.

Oʻshlik jurnalist Kuban Berdibayevga koʻra, vaqt oʻtishi bilan Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimi Rossiya ommaviy axborot vositalariga tobora koʻproq bosim oʻtkazmoqda.

“Shubha yoʻqki, Safronovga qarshi ish avval ham Kreml uchun nomaqbul reportajlar tayyorlagan rossiyalik jurnalistlarga qarshi ochilgan ishlar kabi soxtalashtirilgan”, dedi u.

Rossiya hukumatining soʻz erkinligi haqida oʻziga xos tushunchasi bor va Qirgʻiziston undan oʻrnak olmasligi kerak, dedi Berdibayev.

Rossiya hukumati anʼanaviy ravishda mustaqil jurnalistlarni jazolab kelgan, deydi Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi (CPJ) nodavlat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo dasturi koordinatori Gulnoza Said.

“Rossiya hukumati konstitutsiyaviy islohotlarga kelganda tanqid va oʻzgacha fikrga toqat qilolmaydi. U Kreml uchun nomaqbul reportajlar tayyorlagan jurnalistlarni jazolamoqda”, dedi u shu oyda Putinga 2036-yilga qadar hukumat tepasida qolish imkonini bergan konstitutsiyaviy referendumni nazarda tutib.

“OAV Rossiya tarixiy referendum deb atayotgan jarayon haqida haqiqatni aytish huquqiga ega boʻlishi kerak”, deb qoʻshimcha qildi Said.

Bundan tashqari, Kreml koronavirus pandemiyasi borasida mustaqil tekshiruv olib borayotgan jurnalistlarni ham taʼqib qilmoqda va bu bilan jamoatchilikning virus haqida xolis maʼlumot olish imkoniyatini cheklamoqda, dedi Said bunday holatlarga misol keltirmay.

Kreml tomonidan amalga oshirilayotgan choralarga “hibslar, jurnalistlar va OAVga qarshi yangi sud jarayonlari, qoʻrqitish, saytlarni bloklash va hokazolar” kiradi, deb taʼkidladi Said.

“Rossiyadagi byurokratlar tom maʼnoda odamlar hayotini xavf ostida qoldirmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Qonli tarix

Oʻtmishda Kremlga qarshi chiqqan bir nechta jurnalist hayotdan koʻz yumgan.

2018-yilda shubhali tarzda Yekaterinburdagi xonadoni balkonidan yiqilib tushgan Maksim Borodin va 2016-yil Ukrainaning Kiyev shahrida mashinasi portlab ketgan Pavlo Sheremet shular jumlasidandir.

Omadi kelib, Kreml bilan toʻqnashuvdan omon qolgan muxbirlar ham yoʻq emas.

2019-yilda Rossiya hukumati Ivan Golunovni korrupsiyani yoritishdan toʻxtatishga uringan edi. Xalqaro miqyosdagi norozilik tufayli unga qoʻyilgan narkotiklar bilan bogʻliq asossiz ayblovlar bekor qilingan.

2018-yilda Rossiya tomonidan jurnalist hayotiga suiqasdning oldini olish maqsadida Ukraina hukumati Arkadiy Babchenkoga suiqasdni sahnalashtirgandi.

Safronovning ayanchli ahvoli oʻz erkinliklari uchun kurashishdan boshqa chorasi qolmagan va postsovet hukumatlari sobiq mustamlaka kuchlari taʼsirida boʻlgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi jurnalistlarni xavotirga solmoqda.

Jurnalistlarni sud qilishdan ularni qoʻrqitish maqsadi koʻzlangan, deydi Olmaotadagi “Huquqiy media markazi” nodavlat tashkiloti rahbari Diana Okremova.

Rossiya hukumati qozogʻistonlik hamkasblari uchun yomon oʻrnak boʻlishmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

“Rossiya rasmiylari jurnalistlar faoliyatini nazorat qilish vakolatiga egamiz deb oʻylaydilar va afsuski bunday fikr Qozogʻiston voqeligiga ham oʻz taʼsirini oʻtkazmoqda”, dedi u.

Kremlning xatti-harakatlari Qozogʻistondagi soʻz erkinligi ravnaqiga xavf solishi mumkin.

“Qozogʻiston hukumati tuhmat borasida muhim qonunchilik islohotlarini amalga oshirmoqda”, deydi Jurnalistlarni himoya qilish qoʻmitasi vakili Said.

U yaqinda Qozogʻistonda qabul qilingan tuhmatga oid qonunni nazarda tutgan boʻlib, unga koʻra tuhmat Jinoyat kodeksidan olib tashlangan va bu yoʻnalishdagi jarimalar miqdori sezilarli kamaytirilgan.

Saidga koʻra, Qozogʻiston haqoratga nisbatan ham jinoiy javobgarlikni olib tashlab, bu boradagi islohotlarni davom ettirishi kerak.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500