Karvonsaroy
Salomatlik

Birlashgan Qirollik: “COVID-19 vaksinasiga oid maʼlumotlarning xakerlik yoʻli bilan oʻgʻirlanishi ortida Rossiya razvedkasi turibdi”

Karvonsaroy va AFP

Oksford vaksina guruhi laboratoriyasida ishlayotgan olim, Britaniyaning Oksford shahridagi Cherchil shifoxonasi, 24-iyun. (Stiv Parsons/POOL/AFP)

Oksford vaksina guruhi laboratoriyasida ishlayotgan olim, Britaniyaning Oksford shahridagi Cherchil shifoxonasi, 24-iyun. (Stiv Parsons/POOL/AFP)

LONDON – Yakshanba (19-iyul) kuni Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab Birlashgan Qirollik va uning ittifoqdoshlari Rossiya josuslarining koronavirusga oid tadqiqotlar olib borayotgan laboratoriyalarni nishonga olganiga “ishonchi komil” ekanini aytar ekan, bu xatti-harakatlarni “oʻta xunuk va nomunosib ish” deb atagan.

16-iyul kuni Britaniya, Qoʻshma Shtatlar va Kanada APT29 deb nomlangan xakerlik guruhini COVID-19 vaksinasini ishlab chiqish bilan shugʻullanayotgan turli tashkilotlarga qarshi onlayn hujum uyushtirganlikda aybladi.

Ularga koʻra, Rossiya razvedkasiga aloqador bu guruh maʼlumotlar va intellektual mulkni oʻgʻirlashga uringan.

Bayonotga zudlik bilan javob qaytargan Moskva bu ayblovlarni “asossiz” deb rad etgan, mamlakatning Londondagi elchisi esa 19-iyul kuni Britaniya televideniyesiga bergan intervyusida bu iddaolarning “maʼnosiz” ekanligini taʼkidlagan.

Shunday boʻlsa-da, Raab uchlikning xulosalari Britaniya milliy kiberxavfsizlik markazi (NCSC) va uning AQSH hamda Kanadadagi hamkasblari bergan bahoga asoslanganini yana bir karra taʼkidladi.

“Rossiya razvedka idoralari mamlakatimizda va xalqaro miqyosda vaksina yuzasidan tadqiqot va ishlanmalar olib borayotgan tashkilotlarga nisbatan sabotaj yoki foyda olish maqsadida kiberhujumlar uyushtirganiga ishonchimiz komil”, deb aytgan u Sky News nashriga.

“Butun dunyo COVID-19ga qarshi kurashish uchun birlashgan vaqtda Rossiya hukumatining bunday xatti-harakatlari oʻta xunuk va nomunosib ishdir”, deb qoʻshimcha qildi u.

Kiberhujumlar va dezinformatsiya kampaniyalari

Yuz bergan soʻnggi hodisa Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya va Xitoy hukumati qoʻllovidagi xakerlarni soxta xabarlar yoyinlashdan tortib, ishchilar va olimlarni nishonga olish kabi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq zararli faoliyatda ayblovchi xabarlarning davomi boʻldi.

Xitoy qoʻllovidagi xakerlar COVID-19ni davolash hamda unga qarshi vaksina bilan bogʻliq tadqiqotlar va intellektual mulkni oʻgʻirlashga uringan, deb ogohlantirgan edi AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) hamda Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) 13-may kuni.

Shu oyning oʻzida Buyuk Britaniya va AQSH “koʻp hollarda boshqa davlat subyektlari bilan aloqador” uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan tibbiyot mutaxassislarga qarshi kiberhujumlar soni oshgani haqida ham ogohlantirgan.

CISA va Britaniya milliy kiberxavfsizlik markazi keng miqyosli “parollarni purkash” usuli qoʻllanganini aniqladilar – bu sogʻliqni saqlash idoralari va tibbiy tadqiqot tashkilotlariga qaratilgan, keng tarqalgan parollar yordamida tizimga kirishga urinishdir.

Bu orada Xitoy va Rossiya rejimlari koronavirus pandemiyasi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish yoʻlidagi hamkorlikni jadallashtirganlar.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Oʻzlari eplolmaydilar, shuning uchun Gʻarbdan oʻgʻirlaydilar. Rossiya doim shunday qilgan.

Javob berish

Oʻgʻirlash – ruslarning azaliy odati

Javob berish