Karvonsaroy
Inson huquqlari

Eron rejimining turkmanlarni siquvga olayotgani haqidagi radiodastur efirga uzatildi

Jumaguli Annayev

2009-yilning 21-aprel kuni Eronning Guliston viloyatidagi Goʻrgon shahriga kelgan prezidentlikka nomzod, islohotchi Mir Husayn Musaviyni kutib olishga chiqqan eronlik turkman ayollari. Guliston – Eronning kamsitish va bosimga uchragan turkman ozchiliklari yashaydigan aholi punkti. Musaviy murosasiz siyosatchi Mahmud Ahmadiynajodga magʻlub boʻlgan. [AFP FOTOSURATI/ATTA KENARE]

2009-yilning 21-aprel kuni Eronning Guliston viloyatidagi Goʻrgon shahriga kelgan prezidentlikka nomzod, islohotchi Mir Husayn Musaviyni kutib olishga chiqqan eronlik turkman ayollari. Guliston – Eronning kamsitish va bosimga uchragan turkman ozchiliklari yashaydigan aholi punkti. Musaviy murosasiz siyosatchi Mahmud Ahmadiynajodga magʻlub boʻlgan. [AFP FOTOSURATI/ATTA KENARE]

ASHXOBOD – Turkmaniston jamoatchiligi Eron hukumatining mamlakatda yashovchi etnik turkmanlar huquqlarini muntazam ravishda poymol qilayotganidan gʻazabga kelgan.

Erondagi etnik turkmanlar boshdan kechirayotgan qiyinchiliklar 12-iyul kuni Ozod Yevropa/Ozodlik (RFE/RL) radiosining turkman xizmati tomonidan efirga uzatilgan “Dunyo turkmanlari” maxsus radiodasturida batafsil yoritildi.

“Hukumat zoʻrlik bilan turkmanlarning yerlarini tortib olib, ularga Afgʻonistonning Hirot viloyatidan olib kelingan shialarni joylashtirgani bilan bogʻliq holatlar ham yuz bergan” deydi Ozodlik radiosi bilan suhbatda boʻlgan eronlik turkman ziyolilaridan biri.

Xavfsizlik vajidan ovozi oʻzgartirilgan bu erkak Eron maxfiy politsiyasi xodimlari tunda etnik turkmanlarning uylariga bostirib kirishi, kompyuterlar va boshqa uskunalarni musodara qilib, hibsga olinganlarni bir necha yillarga nomaʼlum joylarga olib ketishi haqida soʻzlab bergan.

2019-yilgi harbiy amaliyot chogʻida safga tizilayotgan Eron askarlari. Mamlakatdagi turkmanlarga bosim oʻtkazishda Eron xavfsizlik kuchlari muhim rol oʻynaydi. [Eron mudofaa vazirligi]

2019-yilgi harbiy amaliyot chogʻida safga tizilayotgan Eron askarlari. Mamlakatdagi turkmanlarga bosim oʻtkazishda Eron xavfsizlik kuchlari muhim rol oʻynaydi. [Eron mudofaa vazirligi]

Eronda turkmanlarning siyosiy va fuqarolik huquqlari doim cheklab kelingan boʻlsa-da, soʻnggi paytlarda ozchilikka nisbatan bosim yanada kuchaydi, deydi tarixchi Ogʻaniyozov.

“Bu boradagi vaziyat hozir eng yuqori darajaga chiqdi”, dedi u.

Uning aytishicha, 1979-yilda Paxlaviylar sulolasi agʻdarilganidan soʻng, etnik turkmanlar muxtoriyat tuzishga va hokimiyatning yuqori organlarida oʻz vakillariga ega boʻlishga, shuningdek til, anʼana va urf-odatlariga nisbatan hurmatda boʻlinishiga intilganlar.

Hozir esa bular haqida gap ham boʻlishi mumkin emas.

Oyatullohlar rejimi bu yoʻnalishdagi har qanday urinishlarni shafqatsizlarcha bostirmoqda, dedi Ogʻaniyozov.

Turkmaniston tashqi ishlar vazirligidagi manbaning aytishicha, Eron hukumati Turkmaniston bilan munosabatlarning yomonlashuvi va Xalqaro arbitraj sudidagi gaz mojarosida Eronning yutqazgani tufayli etnik turkmanlarga qarshi bosimni kuchaytirgan.

Qarindoshlari Eronda yashaydigan Annaberdining soʻzlariga koʻra, davlat etnik ozchilikni tashkil qiluvchi oddiy fuqarolarga oʻz gʻazabini sochishi qabihlikdir.

Turkmaniston hukumati Eron rejimiga turkmanlarning siyosiy va fuqarolik huquqlarini hurmat qilish talabini qoʻyishi kerak, deb qoʻshimcha qildi u.

“Eronning Ashxоboddagi elchisini chaqirtirib, unga Erondagi vatandoshlarimizning huquqlari muntazam ravishda buzilayotgani borasida norozilik notasi taqdim etishning ayni vaqti”, dedi u.

Koʻp asrlik diaspora

Yirik va koʻp asrlik turkman diasporasi Eronning Turkmaniston bilan chegaradosh Guliston va Shimoliy Xuroson viloyatlarida yashaydi.

Ashxobodlik tarixchilarga koʻra, Erondagi turkman aholisining soni 20-asrning birinchi yarmida – Turkmanistonda sovet tuzumining oʻrnatilishi va 1930-1940-yillarda Stalin qatagʻonlari vaqtida oʻsib borgan.

Bu davrda koʻplab turkmanlar Eron shimoli-sharqida joylashgan Turkman sahrosidan panoh topdilar, deydi tarixchi Yusuf Ogʻaniyozov (familiyasi oʻzgartirilgan).

Eron hukumati hisob-kitoblariga koʻra, ikki shoh zamonida (1925-1979-yillarda) mamlakatda 1,5-2 mln. turkman bor edi. Hozirgi rejim maʼlumotlariga koʻra, ularning soni taxminan 500 ming-1 mln. kishiga kamaygan, deb xabar beradi Ozodlik radiosining turkman xizmati.

Turkmanistonlik kuzatuvchilarga koʻra, Tehron etnik turkmanlar sonini ataylab kamaytirib koʻrsatmoqda va ularning milliy oʻzligini yoʻqotishga harakat qilmoqda.

“Ularning huquqlari yoʻq”

Turmanistonning Axal viloyati Saraxs shaharchasida yashovchi Annaberdi eronlik turkmanlar ahvolidan yaxshi xabardor.

“Mening ota tomondan deyarli hamma qarindoshlarim oʻsha yerda va hech qanday huquqqa ega emas”, dedi u.

Ikki mamlakat oʻrtasida chegaralar belgilangan paytda Annaberdining qarindoshlari Eron tomonida qolib ketishgan.

“Sovet davrida bobom tikanli sim toʻsiqlar bilan oʻralgan chegara chizigʻida qoʻy boqar edi. Narigi tarafdan uning aka-ukalari oʻz suruvlarini haydab kelishar va ular oʻz ona tillarida qoʻshiq kuylayotgandek boʻlib, bir-birlari bilan gaplashar edilar” dedi Annaberdi bobosining hikoyalarini eslab.

Hozir esa chegaraga hech kimni yaqin yoʻlatishmaydi, shu sabab turkmanistonliklar va eronlik turkmanlar endi faqat elektron pochta yoki uyali telefon orqali muloqot qilishlari mumkin, dedi u.

“Hozirda Eron turkmanlari hech qanday huquqqa ega emas. Ular kamsitilmoqda. Oyatullohlar rejimi etnik ozchiliklarga qarshi genotsid siyosatini olib bormoqda. Qarindoshlarimiz bizga shunday deyishmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Erondagi turkmanlar hamma narsadan mahrum, deydi u. Ular oʻz farzandlariga ona tilida taʼlim berish yoki kitob oʻqish huquqiga ega emas, shuningdek, oʻz milliy urf-odat va anʼanalariga rioya qila olmaydi.

“Forslar uchun ruxsat etilgan koʻp narsalar – jumladan, dengizda baliq ovlash, ov miltigʻiga ega boʻlish va parranda ovlash ular uchun taqiqlangan. Bu qoidalarni buzgan odamlar nomaʼlum joyga olib ketilib, hatto ikki-uch yil sud va tergovsiz ushlab turilishi mumkin”, dedi Annaberdi.

“Men sizga qarindoshlarim bilan gaplashib bilgan narsalarimni aytyapman”, deb qoʻshimcha qildi u.

Inson huquqlarini kuzatuvchi qator tashkilotlar Eron rejimini turkmanlarga oʻxshagan fors ham, shia ham boʻlmagan ozchiliklarga tazyiq oʻtkazishda ayblab keladi.

Rejim “diniy ozchiliklar, jumladan sunniy musulmonlarni ham diskriminatsiya qilmoqda”, deyiladi Human Rights Watch tashkilotining 2020-yilgi hisobotida.

“Davlat maktablarida bolalarga fors tilidan boshqa tilda soʻzlashish yoki taʼlim olish taqiqlangan”, deyiladi Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti tomonidan eʼlon qilingan 2019-yilgi tadqiqotda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Men uchun bu maqolani oʻqish qaygʻuli. Turkmanistonga ancha oldin sayohat qilgan edim, ularning anʼanalari va Forslar merosi bilan aloqalari menda katta taassurot qoldirgan. Yurtimizda sodir bo‘layotgan voqealar xalqimizni parokanda qilishga qaratilgan sharmandali taktikadir.

Javob berish