Karvonsaroy
Texnologiya

Xitoy “kiberjinoyatchilar uchun boshpanaga” aylanmoqda

Karvonsaroy va AFP

Kundalik brifing chogʻida soʻzlayotgan Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan, Pekin, 8-aprel. Vazirlik Pekinning dunyo boʻylab dezinformatsiya tarqatishga oid faoliyati markaziga aylangan. (GREG BEYKER/AFP)

Kundalik brifing chogʻida soʻzlayotgan Xitoy tashqi ishlar vazirligi vakili Chjao Litszyan, Pekin, 8-aprel. Vazirlik Pekinning dunyo boʻylab dezinformatsiya tarqatishga oid faoliyati markaziga aylangan. (GREG BEYKER/AFP)

VASHINGTON – Xitoy kiberjinoyatchilar uchun boshpanaga aylandi, deb xabar beradi AQSH rasmiylari seshanba (12-iyul) kuni. Bu xabar ikki xitoylikning COVID-19 vaksinasiga oid tadqiqotlarni oʻgʻirlashga uringani va dunyo boʻylab yuzlab kompaniyalarga xakerlik hujumi uyushtirishda ayblanishi ortidan paydo boʻldi.

“Xitoy ham sharmandali tarzda kiberjinoyatchilar uchun boshpana boʻlib xizmat qilayotgan davlatlar – Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya safiga qoʻshildi”, deb aytgan AQSH bosh prokurori yordamchisi Jon Demers AQSH adliya vazirligi bayonotida.

Vazirlikning maʼlum qilishicha, Chendudagi elektrotexnika kollejida birga taʼlim olgan 34 yashar Li Syaoyu va 33 yashar Dong Szyaji soʻnggi oʻn yil davomida kompyuter xakerligi bilan shugʻullangan.

Hujjatga koʻra, “ular yuqori texnologiyalar sanoati, tibbiy jihozlar, fuqarolik va sanoat injiniringi, biznes, taʼlim, kompyuter oʻyinlari, quyosh energiyasi, farmatsevtika, mudofaa kabi sohalarni nishonga olganlar”.

“Ayblanuvchilar COVID-19 vaksinasi, test olish texnologiyasi va davolash usullarini ishlab chiqayotgan qator kompaniyalarning zaifliklarini tekshirishgan”, deyiladi hujjatda.

“Xitoyda yashiringan”

Ularning ikkovi ham Xitoyda ekani va Pekin tomonidan himoya qilinayotgani aytiladi.

Li va Dong biotexnologik kompaniyalarni nishonga olgan, biroq, aftidan COVID-19 tadqiqotlariga putur yetkazmagan, deydi adliya vazirligi rasmiylari.

Shuningdek, ular “nodavlat tashkilotlar, muayyan dissidentlar, diniy arboblar, demokratiya va inson huquqlari faollarini” ham nishonga olishgan, deyiladi adliya vazirligi bayonotida.

Ayblov xulosasiga koʻra, Li va Dong Pekinga kerakli odamlarning shaxsiy elektron pochtalari parollarini davlat xavfsizlik vazirligiga topshirgan.

Juftlik softver kompaniyalaridan manba kodlari, farmatsevtik kompaniyalardan dorilarga oid maʼlumotlar, mudofaa pudratchilaridan qurol-aslaha ishlanmalari va sinov axborotini oʻgʻirlashda ayblangan.

Li va Dong mudofaa pudratchilaridan harbiy sunʼiy yoʻldoshlar dasturlari, harbiy simsiz aloqa tarmoqlari, kommunikatsiya tizimlari, mikrotoʻlqin va lazer tizimlariga oid maʼlumotlarni oʻgʻirlashda ham gumon qilinmoqda.

May oyida AQSH rahbariyati Xitoy qoʻllovidagi xakerlarning COVID-19 vaksinasi va davolash usullariga oid tadqiqotlarni hamda intellektual mulkni oʻgʻirlashga urinayotgani haqida ogohlantirgan edi.

Pekinning buyurtmasi bilan sodir etilgan kiberjinoyatlar tarixi uzun boʻlishiga qaramay, Xitoy tashqi ishlar vazirligi voizi Vang Venbin “Xitoy hukumati kiberxavfsizlikning ashaddiy himoyachisi ekani hamda barcha turdagi kiberjinoyatlar va kiberhujumlarga qarshi kurashib, ularni fosh qilib kelganini” aytgan edi.

Kiberhujumlar va dezinformatsiya

Xitoy tomonidan amalgan oshirilgan yangi xakerlik hujumi Eron, Shimoliy Koreya, Rossiya va Xitoy hukumati qoʻllovidagi xakerlarning soxta xabarlar yoyinlashidan tortib, ishchilar va olimlarni nishonga olish kabi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq zararli faoliyatda ayblovchi bir qator xavotirli voqealar va xabarlarning davomi boʻldi.

May oyida Buyuk Britaniya va AQSH “koʻp hollarda boshqa davlat subyektlari bilan aloqador” uyushgan jinoyatchilar tomonidan sogʻliqni saqlash sohasidagi mutaxassislarga qarshi kiberhujumlar soni koʻpaygani haqida ogohlantirgan edi.

CISA va Britaniya milliy kiberxavfsizlik markazi keng miqyosli “parollarni purkash” usuli qoʻllanganini aniqladilar – bu sogʻliqni saqlash idoralari va tibbiy tadqiqot tashkilotlariga qaratilgan, keng tarqalgan parollar yordamida hisobga kirishga urinishdir.

Bu orada Xitoy va Rossiya rejimlari koronavirus pandemiyasi haqida yolgʻon maʼlumotlar tarqatish boʻyicha hamkorlikni jadallashtirganlar.

“Biz COVID-19 inqirozi boshlanmasidan avval ham Rossiya va Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasida tashviqot sohasidagi oʻzaro muvofiqlashtirish choralarini aniqlagan edik”, dedi AQSH Davlat departamentining Global hamjihatlik markazi koordinatori Lea Gabriel.

“Pekin voqelikka moslashib, Moskva anchadan beri qoʻllab kelayotgan usullardan keng foydalanmoqda”, dedi Gabriel.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500