Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Rossiya va Xitoy dezinformatsiyasi Qozogʻistonda pandemik vahima keltirib chiqarmoqda

Kanat Altinbayev

Olmaotadagi COVID-19 test markazi, 1-iyun. (Kanat Altinbayev)

Olmaotadagi COVID-19 test markazi, 1-iyun. (Kanat Altinbayev)

OLMAOTA – Rossiya va Xitoy ommaviy axborot vositalari mintaqada kuchayib borayotgan pandemiya va uning halokatli oqibatlaridan foydalanib, Markaziy Osiyoda vahima va sarosima qoʻzgʻash maqsadida koronavirus pandemiyasiga oid soxta xabarlar tarqatishda davom etmoqda.

Koronavirus pandemiyasi haqida yolgʻon xabarlar tarqatishda oʻzaro hamkorlikni jadallashtirgan bu ikki rejim yaqinda Qozogʻistonda ham til biriktirgan.

9-iyul kuni Rossiyaning “Vzglyad” internet-nashri Rossiya hukumatiga qarashli TASS axborot agentligi xabariga asoslanib, Qozogʻistonda koronavirusdan koʻproq odamni olib ketayotgan “nomaʼlum infeksiya” tarqalayotgani haqida maqola chop etgan.

Xabarning asosiy manbai Nur-Sultondagi Xitoy elchixonasi boʻlgan.

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi Nur-Sultondagi Xitoy elchixonasi tomonidan “soxta xabarlar” tarqatilayotgani haqida ogohlantirdi. (Facebook/Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi)

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi Nur-Sultondagi Xitoy elchixonasi tomonidan “soxta xabarlar” tarqatilayotgani haqida ogohlantirdi. (Facebook/Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi)

“Diplomatik missiya Qozogʻiston fuqarolarini yangi xavf haqida ogohlantirgan. Nomaʼlum virus Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligi mutaxassislari tomonidan oʻrganilmoqda”, deyiladi maqolada.

“Mazkur kasallik sabablarini yangi koronavirus bilan solishtirish boʻyicha tadqiqot olib borilmoqda. Oʻlim holatlari yangi koronavirusdan ancha koʻp”, deb yozadi “Vzglyad”.

Shuningdek, TASS va “Vzglyad” Xitoy elchixonasining goʻyoki “Qozogʻistondan olingan maʼlumotlar asosidagi” bayonotiga tayanib, Atirau va Aqtoʻbe viloyatlari va Chimkent shahrida “iyun oyida pnevmoniya holatlari sezilarli yuqorilagani, ammo ular yangi koronavirus tufayli kelib chiqmaganini” yozgan.

Shu kunning oʻzida “South China Morning Post” nashrida “Xitoy elchixonasi Qozogʻistonda koronavirusdan halokatliroq nomaʼlum pnevmoniya tarqagani haqida ogohlantirmoqda” nomli xuddi shunday maqola chop etilgan.

AFP agentligiga koʻra, Xitoy elchixonasi bayonotida dastavval “Qozogʻiston pnevmoniyasi” haqida gap borgan. Keyinroq bu jumla “COVID boʻlmagan pnevmoniya” deb oʻzgartirilgan.

Sarosima va vahima qoʻzgʻash

TASS va “Vzglyad” maqolalari Qozogʻistonda sarosima keltirib chiqardi.

Xavotirli yangiliklar xabar almashish ilovalari orqali tarqatilib, ijtimoiy tarmoqlarda ulashildi, buning ortidan yangi halokatli virus ustida qizgʻin bahslar boshlangan.

Xabarni oʻqiganlarning koʻpchiligi depressiya va tushkunlikka tushib qolganini aytgan. Ayrimlar hukumatni tanqid qilib, mamlakatdagi oʻlimlar soni ortishining haqiqiy sababini yashirishda va harakatsizlikda ayblaganlar.

“Vzglyad” sayti tashrifchilari Qozogʻiston haqida Kremlning “trollar fabrikasi” uslubiga oʻxshash istehzoli fikr-mulohazalar qoldirishgan. Ularning aksari “yangi virus” Qoʻshma Shtatlarning moliyaviy koʻmagida ishga tushirilgan Olmaotadagi Markaziy referens laboratoriyasidan tarqaldi, deb iddao qilgan.

“Qozogʻistonda biolaboratoriya ochgan va u yerdan viruslarni chiqarib yuborgan Qoʻshma Shtatlarga Qozogʻiston rahmat aytishi kerak”, deb yozgan Sergey Aleksandrovich ismli shaxs.

“Hech kimga mustaqil Qozogʻiston kerak emas. Qozogʻistonni bizniki deb tan olishni taklif qilaman. Qozoqlar rus tilini oʻrgansin”, deya izoh qoldirgan Maks Kyorli.

Ertasiga, 10-iyul kuni mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri Qozogʻistondagi “nomaʼlum virus” haqidagi xabarlar soxta ekanini aytdi.

10-iyul kuni Jenevada oʻtgan matbuot anjumanida Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining (JSST) sogʻliqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturi ijrochi direktori Maykl Rayan “Qozogʻistondagi pnevmoniya koronavirus tufayli kelib chiqqani ehtimoli katta”, deya mish-mishlarni rad etgan.

Eʼtiborni chalgʻitish

Qozogʻistondagi shifokorlar JSST tarafini olishmoqda.

Rossiya va Xitoy ommaviy axborot vositalari tomonidan tilga olingan “nomaʼlum pnevmoniyaga” koronavirus infeksiyasi sabab boʻlgan. Bundan tashqari, testlar soxta salbiy natija koʻrsatishi ham mumkin, dedi Olmaotadagi markaziy klinik shifoxona bosh neyrojarrohi Minjilki Berdixoʻjayev.

“Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar bu kabi xabarlardan keyin tahlikaga tushib, 4-5 ta antibiotik qabul qila boshlaganliklari haqida menga yozishdi”, deydi Berdixoʻjayev. “Bu bilan ular oʻz salomatliklariga zarar yetkazishyapti, chunki oʻzlarini shifokor nazoratisiz davolashyapti.”

Pandemiya vaqtidagi dezinformatsiya koronavirusga qarshi kurashni qiyinlashtiradi, deydi shifokorlar.

“Xavotir va ruhiy tushkunlikka tushish holati bilan birga, negativ xabarlar oqimi immunitetni pasaytirishi va kasal odamni yanada ogʻirroq holatga tushirishi mumkin”, deydi bahorda Nur-Sultonda ishga tushgan COVID-19 kasalxonasi shifokori Asel Isaleyeva.

Rossiya ommaviy axborot vositalaridagi dezinformatsiya pnevmoniya bilan ogʻrigan yuzlab qozogʻistonlik bemorlarni davolayotgan shifokorlarning ishlarini yoʻqqa chiqarmoqda va saʼy-harakatlariga putur yetkazmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Ayrim tahlilchilarga koʻra, Xitoy hukumati soxta xabarlardan foydalanib, Qozogʻistonga pandemiya manbasi degan tamgʻa yopishtirish bilan oʻzidan eʼtiborni chalgʻitishga urinmoqda.

“Global pandemiyada COVID-19 manbai boʻlgani bois, Xitoyning salbiy obroʻsi unga ogʻir botmoqda”, dedi Olmaotadagi marketing boʻyicha tahlilchi Bolat Sakeyev. “Shu tariqa Xitoy Qozogʻistonda yangi virus “yaratishga” harakat qilayotgan boʻlishi mumkin.”

Bu Rossiya va Xitoy rejimlarining koronavirus haqida dezinformatsiya tarqatayotgani bilan bogʻliq ilk holat emas. Iyunda Yevropa Ittifoqi va Twitter Pekin va Moskvani koronavirus pandemiyasiga oid dezinformatsiya “oqimini” yaratishda ayblagan edi.

12-iyun kuni Twitter Xitoy hukumati tomonidan olib borilgan dezinformatsiyaga aloqador 170 mingdan ortiq akkauntni oʻchirib tashlagan. Undan avval, 9-iyun kuni Yevropa Ittifoqi (YI) Xitoy va Rossiya hukumatlarini Yevropa demokratiyasiga putur yetkazishga qaratilgan maqsadli xalqaro dezinformatsiya kampaniyasi olib borishda ayblagan edi.

Bundan tashqari, YIning dezinformatsiyaga qarshi kurash boʻyicha ishchi guruhi aprel oyidayoq virus manbai boʻlgan Xitoyning pandemiya bilan bogʻliq aybni oʻzidan soqit qilish maqsadida “rasmiy Xitoy manbalari yordamida muvofiqlashgan choralar koʻrgani” haqida xabar bergan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 7

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Dunyo aqldan ozganga oʻxshaydi, Qozoq davlatining boshiga balolar kelmoqda. Bunday boʻlmasligi kerak!!!

Javob berish

Rossiya va Xitoy – Qozogʻistonning dushmanlari; Ayniqsa Rossiya, bu tarixda isbotlangan!!!

Javob berish

Hurmatli Olmaotadagi marketing boʻyicha tahlilchi Bolat Sakeyev, vahima qoʻzgʻamang va vaziyatni keskinlashtirmang: Hamdoʻstlik dushmanlari kunu tun tinim bilmayapti, Rossiya va Xitoy kabi mamlakatlarga nisbatan ishonchni yoʻqotish yoʻlida sizga oʻxshaganlar uchun pul ishlashyapti. Mabodo siz ham ulardan biri emasmisiz?

Javob berish

Butun dunyo ruslardan faqat zarar koʻradi

Javob berish

Virus rostan boʻlsachi??

Javob berish

Bu sassiq Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qilish kerak.

Javob berish

Библияда Шимолий царь (Россия) йўқликка юз тутади дейилган.

Javob berish