Karvonsaroy
Xavfsizlik

Belarusda vaziyatni beqarorlashtirishga uringan Rossiyaning yollanma jangarilari qoʻlga olindi

Karvonsaroy va AFP

Belarus davlat televideniyesida efirga uzatilgan videolavhada 25-iyul kuni Belarusga kirib kelgan “Vagner” guruhining oʻnlab yollanma askarlari aks etgan. [Fayl]

Belarus davlat televideniyesida efirga uzatilgan videolavhada 25-iyul kuni Belarusga kirib kelgan “Vagner” guruhining oʻnlab yollanma askarlari aks etgan. [Fayl]

MINSK, Belarus – Payshanba (30-iyul) kuni kelasi oy Belarusda oʻtkaziladigan prezident saylovlari arafasida mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishda ayblanib qoʻlga olingan rossiyalik yollanma jangarilarga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Umumiy hisobda yana oʻnlab boshqa yollanma askarlar qidirilayotgani maʼlum qilingan.

33 nafar “Vagner” yollanma jangarisining hibsga olinishi ortidan prezident Aleksandr Lukashenko chorshanba (29-iyul) kuni favqulodda majlis chaqirib, ushbu fitnani qoralagan va Kremldan izoh talab qilgan.

“Belta” davlat axborot agentligiga koʻra, huquq-tartibot idoralariga “saylov kampaniyasi chogʻida vaziyatni izdan chiqarish uchun” Belarusga 200 nafar jangari kelgani haqida maʼlumot kelib tushgan.

Ular harbiycha uslubdagi kiyimlarda boʻlishgan va uchta ogʻir chamadonni avtomashinaga ortayotib qoʻlga olingan, deyiladi xabarda.

Suriyada jang qilayotgan Rossiya yollanma askarlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat. [Fayl]

Suriyada jang qilayotgan Rossiya yollanma askarlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat. [Fayl]

Qrimdagi “Perevalnoye” Ukraina harbiy bazasi oldida qoʻriqchilik qilayotgan nomaʼlum erkaklar, 2014-yilning 16-marti. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rejalarini amalga oshiruvchi “Vagner” yollanma armiyasi ilk bor aynan Ukrainada paydo boʻlgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

Qrimdagi “Perevalnoye” Ukraina harbiy bazasi oldida qoʻriqchilik qilayotgan nomaʼlum erkaklar, 2014-yilning 16-marti. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning rejalarini amalga oshiruvchi “Vagner” yollanma armiyasi ilk bor aynan Ukrainada paydo boʻlgan. [Dimitar Dilkoff/AFP]

“Belta” axborot agentligining xabar qilishicha, jangarilikda gumonlanayotganlar oddiy rossiyalik turistlarga xos boʻlmagan harakatlari bilan eʼtiborga tushganlar.

Milliy televideniyeda namoyish etilgan videolavhada hibsga olinganlarga tegishli ekani aytilgan bir nechta Rossiya pasportlari, shuningdek, bir necha dasta dollarlar, prezervativ qutilari va arab yozuvi bitilgan qogʻozlarni koʻrish mumkin edi.

Ukraina sharqida Moskva qoʻllovidagi ayirmachilar bilan birga jang qilgan rossiyalik yozuvchi Zaxar Prilepin qoʻlga olinganlardan ayrimlarini tanishini aytgan.

“Ular orasida bizning batalyonimizdan bir nechta jangchi bor”, dedi Prilepin.

Kreml Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirishga oid iddaolarni rad etgan.

Putin bilan ziddiyatda

Hibslar haqidagi xabar Belarusda 9-avgust kuni oʻtadigan prezidentlik sayloviga ikki haftacha qolgan bir vaqtda paydo boʻldi. Lukashenko aholi orasida kuchayib borayotgan norozilikka qaramay, 6-muddatga prezident etib saylanish niyatida.

Rossiya ushbu postsovet mamlakatning eng yaqin siyosiy va iqtisodiy ittifoqchisi boʻlsa-da, baʼzida oʻzaro munosabatlar keskinlashib turgan.

Soʻnggi yillarda Rossiyaga yaqinlashishi uchun Lukashenkoga nisbatan bosim kuchayib borayotgan edi, ammo Belarus rahbari Moskva bilan toʻgʻridan-toʻgʻri birlashishdan bosh tortib, Gʻarb bilan aloqalarni yaxshilashga intildi.

Rossiyaning strategik rejalari orasida Belarus markaziy oʻrinni egallaydi va ehtimol, Ukrainadan boshqa istalgan qoʻshni mamlakatga qaraganda koʻproq ahamiyatga ega.

Rossiya oʻzining deyarli barcha neft va gazini Belarusga sotgani uchun ham bu mamlakatdan yaxshigina manfaatdor.

Joriy yil bu sirtmoqdan xalos boʻlishga uringan Belarus Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va AQSHdan neft sotib oldi, bu qadam Rossiya prezidenti Vladimir Putinni gʻazabga solgan.

Lukashenko saylov arafasida oʻzining eng asosiy raqiblarini qamoqqa olib, ayrim tanqidchilarni Rossiya bilan til biriktirishda ayblagan.

Kuzatuvchilarning taxminicha, yollangan shaxslar Lukashenkoni hokimiyatdan chetlatishga oid harakatlarni rejalashtirgan.

Vagner guruhi: dunyo boʻylab

Bu yangilik Putin rejimi qoʻllovidagi ijrochilar xorijiy mamlakatlar jamoatchiligini manipulyatsiya qilish, hukumatlar ishiga putur yetkazish, xalqaro shartnomalarni buzish, dezinformatsiya tarqatish va inson huquqlarini poymol qilishda davom etayotganini koʻrsatmoqda.

Kremlning ziyonkor faoliyatiga doir yaqqol belgilardan biri – bu Moskva uchun strategik deb hisoblangan mamlakatlar va mintaqalarga uning toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy aralashuvidir.

Bunga Belarusdan tashqari Liviya ham misol boʻla oladi. Moskva bu mamlakatda oʻzining “Vagner” yollanma armiyasi yordamida harbiy qoʻmondon Xalifa Haftarning BMT tomonidan tan olingan hukumatga qarshi kurashini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda.

Butun dunyo boʻylab haqiqatnamo inkor bilan Putinning rejalarini amalga oshirish bilan shugʻullanuvchi “Vagner” guruhi dunyoning bir qator davlatlari, jumladan Suriya, Sudan, Venesuela va Madagaskarda ham faoliyat yuritgan yoki yuritib kelmoqda.

“Vagner” Rossiya harbiy kuchlari bilan hamjihatlikda Ukraina sharqidagi fuqarolar urushini keltirib chiqarish va 2014-yilda Moskvaning Qrimni noqonuniy egallab olishida muhim rol oʻynagan.

Markaziy Osiyo kuzatmoqda

Markaziy Osiyoliklar Rossiyaning qachondir mintaqada oʻzining gibrid urush strategiyasini qoʻllashi mumkinligidan xavotirlanib keladilar, zero Moskva Markaziy Osiyoni oʻz taʼsir doirasidan chiqarmoqchi emasligi aniq.

Gibrid urushi odatda siyosiy majburlov, oddiy va noanʼanaviy harbiy ziddiyatlar, kiber-urushlar va taʼsir choralarini oʻz ichiga oladi.

Bu maqsadlar uchun Kreml “Vagner” guruhidan va avval GRU nomi bilan mashhur boʻlgan Rossiya harbiy razvedka boshqarmasiga bevosita aloqador boʻlinmalardan foydalanadi.

Masalan, 29155 boʻlinmasi Kremlning Yevropa va undan tashqaridagi gibrid urushlari, jumladan, Moldovada tartibsizliklar keltirib chiqarish kampaniyasi, Bolgariyada qurolfurushning zaharlanishi, Chernogoriyadagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan davlat toʻntarishi va Britaniyaning Solsberi shahrida rossiyalik sobiq josus Sergey Skripal va uning qiziga qilingan suiqasdga jalb etilgan.

29155-boʻlinma zobitlari Rossiyaning eng qonli urushlari, jumladan Afgʻoniston, Checheniston va Ukrainadagi urushlarda qatnashgan va koʻplab unvonlar olgan faxriylar ekanligi aytiladi.

“Agar Rossiya qiziqish bildirgan va oʻziga sherik deb atagan davlat Moskvaning geosiyosiy manfaatlariga zid harakat qilishni boshlasa, u yerda “kutilmagan mehmonlar” paydo boʻlishi mumkin”, degan edi qozoq armiyasining sobiq zobiti, mayor Dauren Ospanov may oyida.

Markaziy Osiyo anchadan beri Rossiyaning strategik qiziqishi doirasidagi mintaqa sifatida Moskva tomonidan olib borilayotgan gibrid urushning passiv bosqichida turibdi.

Buni Qirgʻiziston misolida ham koʻrish mumkin – 2005 va 2010-yilgi inqiloblar vaqtida Kreml mamlakatda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarga taʼsir oʻtkazishga uringan, deydi Qozogʻiston amaliy siyosatshunoslik va xalqaro tadqiqotlar markazi direktori, olmaotalik Aydar Amrebayev.

“Qozogʻiston 2014-yilgacha Ukraina bosib oʻtgan passiv davrni boshdan kechirmoqda, oʻshanda Rossiya Ukrainadagi turli jarayonlarga taʼsir qilishga uringan”, degan edi u iyun oyida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya sobiq ittifoq respublikalari bilan yaxshi munosabatda boʻlishni istaydi, bor-yoʻgʻi shu. Rossiyaning faqat ikkita ittifoqchisi bor – uning armiyasi va dengiz floti. Unga hech qanday vassal davlatlar kerak emas.

Javob berish

Iqtisodiy va siyosiy mustaqillik, shuningdek, xalqlar doʻstligi uchun!

Javob berish

Xodimlardan birini rahbar qilib tayinlash bilan ish vaqtida olingan jarohat uchun javobgarlikdan qochishga uringan ish beruvchi haqidagi hikoya. Juda uzun. https://www.youtube.com/watch?v=Y9SvYzwV0yA

Javob berish

Ruslar endi boshqa slavyan xalqlar oldida quruqlanishga oʻtdi

Javob berish