Karvonsaroy
Inson huquqlari

Pandemiya Markaziy Osiyodagi inson huquqlarining buzilishi va oilaviy zoʻravonlik muammolarini kuchaytirdi

Kanat Altinbayev

Avtobusdagi yoʻlovchilar, 31-may. Oy boshidan Bishkekda jamoat transporti qatnovi qayta yoʻlga qoʻyilgan. Karantin davrida Qirgʻizistonda oilaviy zoʻravonlik holatlari 65 foizga oshgani kuzatilgan. [Maqsad Osmonaliyev]

Avtobusdagi yoʻlovchilar, 31-may. Oy boshidan Bishkekda jamoat transporti qatnovi qayta yoʻlga qoʻyilgan. Karantin davrida Qirgʻizistonda oilaviy zoʻravonlik holatlari 65 foizga oshgani kuzatilgan. [Maqsad Osmonaliyev]

OLMAOTA – Hukumatlar eʼtiborni COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashga qaratar ekan, Markaziy Osiyoda odam savdosi va oiladagi zoʻravonlik kabi inson huquqlarining buzilishi bilan bogʻliq holatlar soni koʻpayib bormoqda.

Yaqinda BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi (UNODC) tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot xulosalariga koʻra, karantin, harakatlanishning cheklanishi, ishlarning yopilishi va moddiy yetishmovchilik mintaqaning himoyalanmagan aholisi hayotiga salbiy va koʻp hollarda xavfli taʼsir koʻrsatgan.

“COVID-19 tufayli harakatlanish cheklangani, huquq-tartibot organlarining resurslari boshqa tarafga yoʻnaltirilgani, jamoatchilik va sotsial xizmatlarning qisqargani oqibatida odam savdosi jabrdiydalarining qutulib qolish va yordam olish imkoniyati kamaygan”, deydi UNODC ijrochi direktori Gada Uoli BMT saytidagi bayonotida.

“Global pandemiyani yengish uchun birgalikda ish olib borar ekanmiz, mamlakatlar boshpana va ishonch telefonlari faoliyatini taʼminlashi, adolatni qaror toptirishi va himoyaga muhtoj odamlarning uyushgan jinoyatchilar qoʻliga tushib qolishining oldini olishi kerak”, deb qoʻshimcha qildi Uoli.

Olmaota markazida oʻtirgan xotin-qizlar, 2018-yil. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, har yili Qozogʻistonda maishiy zoʻravonlik oqibatida 400 ga yaqin ayol hayotdan koʻz yumadi. [Vladimir Tretyakov]

Olmaota markazida oʻtirgan xotin-qizlar, 2018-yil. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, har yili Qozogʻistonda maishiy zoʻravonlik oqibatida 400 ga yaqin ayol hayotdan koʻz yumadi. [Vladimir Tretyakov]

“Islom davlati” (ID) kabi terrorchilik tashkilotlari oʻtmishda odam savdosidan oʻz faoliyatini moliyalashtirish va yollash vositasi sifatida foydalangan.

Masalan, oʻz safiga yangi aʼzolarni jalb etish maqsadida, ID jangari guruhga qoʻshilgan erkaklarga jinsiy qullik uchun Iroqdagi yazidiy xotin-qizlarni oʻgʻirlagan.

Mintaqa miqyosidagi kurash choralari

Koʻplab Markaziy Osiyoliklar noqonuniy ravishda Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo mamlakatlariga olib oʻtilar ekan, Markaziy Osiyo – odam savdosining qaynoq nuqtalaridan biri boʻlib qolmoqda, deyiladi 2018-yilgi BMT hisobotida.

Pandemiyadan oldin Markaziy Osiyo mamlakatlari bu muammoga qarshi kurash choralarini kuchaytirganlar.

Qozogʻistonda hukumat va nodavlat tashkilotlar AQSH koʻmagida odam savdosiga qarshi kurashib kelmoqda. 2019-yilda AQSH Davlat departamenti “Sana Sezim” nodavlat notijorat tashkilotiga Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurashish uchun 750 ming AQSH dollari (303,9 mln tenge) miqdorida grant ajratgan.

Uch yilga moʻljallangan bu tashabbus doirasida odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatuvchi tashkilotlar tarmogʻi yaratilgan.

Qozogʻiston politsiyasi muntazam ravishda “STOP trafik” operatsiyasini oʻtkazib kelmoqda.

12-19-iyun kunlari koʻngilochar maskanlar, saunalar, mehmonxonalar, ijara xonadonlari, fermer xoʻjaliklari va qurilish inshootlarida oʻtkazilgan soʻnggi reydlarning birida odam savdosi bilan bogʻliq 50 ta holat aniqlandi.

Chimkentlik siyosatshunos Rauan Dautaliyevning fikricha, bir vaqtning oʻzida Markaziy Osiyoning bir necha davlati ishtirokida oʻtkaziladigan tashabbuslar yaxshiroq samara beradi.

Oʻtgan yili bir vaqtning oʻzida Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Tojikiston huquq-tartibot organlari tomonidan hamjihatlikda oʻtkazilgan maxsus operatsiyalar misolida bunday hamkorlikning qanchalik ahamiyatli ekani maʼlum boʻldi, degan edi u iyun oyida.

“Qullikka tushib qolgan odamlar savdosi koʻpincha bir davlatdan boshqasiga koʻchadi, shu sababli bunday xalqaro operatsiyalar yaxshi samara berishi mumkin”, dedi Dautaliyev.

Maishiy zoʻravonlik kuchaymoqda

Koronavirus pandemiyasi davrida odam savdosidan tashqari boshqa qonunbuzarliklar ham avj olmoqda, deb ogohlantiradi Markaziy Osiyodagi huquq himoyachilari.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining (RFE/RL) iyul oyidagi podkastida boshlovchi Muhammad Tohir Markaziy Osiyolik tahlilchilar bilan oiladagi zoʻravonlik masalasini muhokama qildi.

Kasallikning avj olishi va karantin sabab odamlar uyda oʻtirishga majbur boʻlgani tufayli Qirgʻizistonda oilaviy zoʻravonlik holatlari 65 foizga oshgan, deydi ayollar huquqlari bilan shugʻullanuvchi bishkeklik jurnalist Aliya Suranova.

U Issiqkoʻl viloyatining Qorakoʻl shahrida yashovchi fuqarolardan biri oʻz xotiniga benzin sepib yoqib yuborgani bilan bogʻliq mudhish voqeani misol qilib keltirgan.

“Afsuski, qirgʻiz jamiyatida zoʻravon oila boshliqlari tarafini oluvchilar ham bor, ular buni normal holat deb biladilar”, deydi Suranova.

Qozogʻistondagi ikki oylik (mart-may) karantin davomida oiladagi zoʻravonlik holatlari oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga oshgan, deydi olmaotalik Xolida Ajigulova.

“Shuningdek, oiladagi zoʻravonlik tufayli oʻlim koʻrsatkichi ham oshib, 44 foizga yetgan. Qayd etish kerakki, barcha inqiroz markazlari yopiq boʻlgan va zoʻravonlik qurbonlari hech qayerga murojaat qila olishmagan”, dedi Ajigulova.

Oʻta shafqatsiz holatlar ham kam emas, deydi u.

Jazoni qatʼiylashtirish chaqiriqlari

Gʻarbiy Qozogʻistonda bir erkak gʻazab ustida oʻz xotini hamda olti va sakkiz yoshli ikki qizini oʻldirgan. Jinoyat izlarini yashirish uchun uyiga oʻt qoʻygan, dedi Ajigulova.

Ajigulovaning soʻzlariga koʻra, zoʻravonlik holatlarining koʻpayishi ortidan Qozogʻistonda maishiy zoʻravonlik uchun jazoni kuchaytirish masalasi qizgʻin muhokama qilinmoqda.

Suhbatning boshqa bir ishtirokchisi – huquq himoyachisi va Toshkentdagi Global Shapers Community vakolatxonasining kuratori Dilfuza Qurolova Oʻzbekistonda ikkinchi norasmiy xotin boʻlib erga tekkan 18 yoshli qiz haqida gapirdi. Jamiyat ham, hatto qarindoshlari ham qoʻllab-quvvatlamagan ayol erining doimiy kaltaklariga chidab kelgan.

Oxir-oqibat, u navbatdagi kaltaklashdan soʻng, halokatli jarohatlar tufayli vafot etgan.

“Mamlakatimizda oilaviy zoʻravonlik muammolari bilan shugʻullanuvchi mutaxassislar ajrashgan ayollar duch keladigan or-nomus va moliyaviy qiyinchiliklar sababli ayollarni ajrashishdan qaytaradilar”, deydi Qurolova. “Ular ogʻir vaziyatda ayollarga yordam berishni emas, balki oilani saqlab qolishni oʻz burchlari deb hisoblaydilar.”

Suranovaning aytishicha, oilada zoʻravonlikka qoʻl urgan erkaklarning bahonalarini uzrli deb boʻlmaydi.

“Hibsga olingan erkaklar oʻz qilmishlarining sababini tushuntirar ekan, xotini qarindoshlarinikida uzoq vaqt qolib ketganini yoki uy yumushlarini qoniqarsiz bajarayotganidan gʻazabga kelganini aytgan”, dedi u.

Suranova soʻzlariga koʻra, huquq-tartibot idoralari koʻpincha oiladagi zoʻravonliklarni eʼtiborsiz qoldiradi.

“Tartib posbonlarining aksariyati erkaklar boʻlgani uchun ular jinoyatchilar bilan birdamlikni namoyish qiladilar”, dedi jurnalist.

Suranovaning taʼkidlashicha, aksariyat hollarda ayollar hech qayerga murojaat qilmaydilar va sharmanda boʻlishdan qoʻrqib oʻz muammolarini yashiradilar, chunki jamiyat oilaviy zoʻravonlik qurbonini qoʻllab-quvvatlash oʻrniga uning oʻzini ayblaydi.

“Shu tariqa, ayollar koʻpincha oʻz erlarini kechirishga va ular bilan hayotni davom ettirishga majbur boʻladilar”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500