Karvonsaroy
Inson huquqlari

Pekin Shinjondagi milliy oʻzlikni yoʻq qilishga urinar ekan, Xitoyda uygʻur olimlari yoʻqolib bormoqda

Karvonsaroy va AFP

2019-yil 2-iyun kuni olingan ushbu fotosuratda Xitoyning Shinjon boʻlgasidagi Artush shahrida asosan musulmon etnik ozchilik vakillari saqlanadigan qayta tarbiyalash maskani deb gumon qilingan muassasalardan biri aks etgan. [Greg Beyker/AFP]

2019-yil 2-iyun kuni olingan ushbu fotosuratda Xitoyning Shinjon boʻlgasidagi Artush shahrida asosan musulmon etnik ozchilik vakillari saqlanadigan qayta tarbiyalash maskani deb gumon qilingan muassasalardan biri aks etgan. [Greg Beyker/AFP]

PEKIN – Bugra Arkinning otasi Ayyerken kutilmaganda milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan Xitoyning notinch Shinjon viloyatidagi uyidan olib ketilganiga qariyb ikki yil boʻldi.

2018-yil oktabr oyida hibsga olingan Ayyerken Ibulayinning noshirlik kompaniyasi mintaqadagi eng yiriklaridan biri boʻlib, minglab kitoblarni uygʻur tiliga tarjima qilgan. Oʻshandan beri uning daragi chiqmagan.

“Otam uygʻur nashriyot industriyasiga kuchli taʼsir koʻrsatgani sababli Xitoy hukumatining nishoniga aylandi”, deydi Kaliforniyada yashovchi Arkin.

“Ular hayotimizni tom maʼnoda vayron qilishdi”, dedi u.

2019-yil 4-iyun kuni olingan fotosurat: Kuzatuv va ommaviy hibslar bilan siquvga olingan Xitoyning gʻarbiy Shinjon viloyatidagi turar joy majmuasida oʻrnatilgan tikonli sim toʻsiqlar ortidan koʻrinayotgan Xitoy bayrogʻi. [Greg Beyker /AFP]

2019-yil 4-iyun kuni olingan fotosurat: Kuzatuv va ommaviy hibslar bilan siquvga olingan Xitoyning gʻarbiy Shinjon viloyatidagi turar joy majmuasida oʻrnatilgan tikonli sim toʻsiqlar ortidan koʻrinayotgan Xitoy bayrogʻi. [Greg Beyker /AFP]

Bu borada u yolgʻiz emas.

Uygʻur inson huquqlari tashkilotiga koʻra, 2017-yil aprel oyidan beri kamida 435 uygʻur ziyolisi qamoqqa olingan yoki gʻoyib boʻlgan.

Xorijdagi huquqbon tashkilotlar tilshunoslar, olimlar va noshirlarning taʼqib ostiga olinishini Xitoy kommunistik partiyasining etnik guruh milliy oʻzligini yoʻqotish va uni mandarin tilida soʻzlashuvchi hukmron Xan aholisi tarkibiga singdirish harakati oʻlaroq baholamoqda.

Uygʻur tilshunosi Olim Hasaniy 2018-yil avgust oyida Pekinga ish safari chogʻida kuch idoralari tomonidan olib ketilgan. Bu haqda uning oʻgʻli Ershat Olim xabar bergan.

Olimning aytishicha, uning otasi – Shinjondagi etnik guruhlar tillari bilan ishlash qoʻmitasining sobiq boʻlim boshligʻi uygʻur-mandarin tarjimalarini standartlashtirishga oid tadqiqotlari uchun hibsga olingan.

“Ilk marta otam hibsga olinganini eshitganimda, qachondir shunday boʻladi deb oʻylamagandim. Bundan uning oʻzi ham hayratda qolgan boʻlsa kerak”, deydi Fransiyada yashovchi Olim.

Huquqbon tashkilotlarga koʻra, Shinjonda etnik zoʻravonliklar avj olganidan beri bir milliondan ortiq uygʻur va aksari musulmon boʻlgan boshqa turkiyzabon ozchiliklar vakillari qayta tarbiyalash markazlariga joylashtirilgan.

Xitoy tashqi ishlar vazirligi oʻz bayonotida hukumat ziyolilarni hibsga olayotganini rad etgan.

“Uygʻur madaniyatini yoʻq qilish uchun uygʻur ziyolilarining qamalayotgani” haqidagi iddaolar mish-mish va boʻhtondan boshqa narsa emas”, deyiladi bayonotda.

Qozogʻiston va Qirgʻizistondagi aks-sadolar

Uygʻurlar boshiga tushgan musibat Qozogʻiston va Qirgʻizistonda ham aks-sado bergan.

Shinjon maʼmurlari soʻnggi bir necha yil davomida yuz minglab xitoylik musulmonlar, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlarni ham mafkuraviy tarbiya lagerlariga joylagan.

Etnik qozoqlar Shinjonda uygʻurlardan keyin ikkinchi eng yirik turkiy guruh hisoblanadi. Ularning soni kamida 1,5 millionga teng.

Shinjonda 200 mingga yaqin etnik qirgʻiz istiqomat qiladi. Xitoy hukumati 2018-yilda ulardan kamida 50 mingini qayta tarbiyalash markazlarida hibsda saqlagan, degan edi oʻshanda Qirgʻiziston prezidenti Sooronbay Jeyenbekov.

Xitoydan kelayotgan tashvishli xabarga javoban, Qozogʻiston hukumati may oyida Xitoydan Qozogʻistonga koʻchib kelmoqchi boʻlgan etnik qozoqlar uchun immigratsiya jarayonini yengillashtirdi .

Nom-nishonsiz

Olim oxirgi marta tanishidan otasi ustidan yanvar oyida boshlangan sud jarayoni koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilganini eshitgan, ammo tez orada uning sudlanib, qamoqqa tashlanishidan xavotirda ekanini aytgan.

Shinjonda yashaydigan onasi Hasaniyning hibsga olingani haqida “gapirishga jurʼat ham qilolmas edi”.

“Men haqiqatda oʻzimni juda yomon his qilar va kimga yorilishni ham bilmas edim. Ancha vaqtgacha ishga ham qoʻlim bormadi”, dedi Olim.

Uning otasi ishlagan boʻlimdagi 11 nafar tilshunosning hammasi hibsga olingan, ular orasida 64 yoshli Hamdulla Abdurahmon ham bor, bu haqda uning oʻgʻli Yashar Hamdulla maʼlum qilgan.

“Hozir uning qayerdaligi nomaʼlum”, deydi Norvegiyada yashovchi Hamdulla.

Hamdulla avval lagerlarda saqlanib, keyinchalik uzoq muddatga qamoqqa hukm qilingan bir nechta ziyolilarni bilishini va otasini ham shunday qismat kutayotganidan xavotirda ekanini aytgan.

“Oʻshanda juda qiyin ahvolda qoldik. Oilada yakka oʻgʻilman, onam yolgʻiz, otam esa keksa – bunga qachongacha chidashi mumkin? ” dedi Hamdulla.

Dekabr oyida rasmiylar barcha kasb-hunar markazlarida yashovchilar “taʼlimni yakunlaganini” eʼlon qilganidan soʻng, ular asta-sekin boshqa turdagi hibsxonalarga oʻtkazilgan, deydi kuzatuvchilar.

Ularning koʻpchiligi jinoiy javobgarlikka tortilib, 20 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan, deydi uygʻurlar muammosini oʻrganuvchi, Shinjon qurbonlarining maʼlumotlar bazasini yaratgan Gena Bunin.

Buninning hisob-kitoblariga koʻra, hozirgi kunda kamida 300 ming kishi hibsda qolmoqda.

Yevropa parlamenti tomonidan inson huquqlari boʻyicha oliy mukofotga sazovor boʻlgan, ammo hibsga olinib, uzoq yillardan beri dom-daraksiz qolayotgan uygʻur ziyolisi Ilhom Toʻxtiy borasidagi xavotirlar kuchaygan.

“Tushkun va dargʻazab”

Uygʻur adibi va yozuvchisi Yalqun Roziy Shinjon Kommunistik partiyasining boshligʻi Chen Tsyuango hokimiyat tepasiga kelgan 2016-yil oktyabr oyida hibsga olingan ilk ziyolilardan edi.

Keyinroq, 2018-yil yanvar oyida Roziyning qarindoshlari uning “hokimiyatni agʻdarish yoʻlidagi igʻvogarlik” uchun 15 yillik qamoq jazosiga hukm qilinganidan xabar topganlar – bu odatda siyosiy mahbuslarga nisbatan qoʻllaniladigan ayblovdir.

Bir vaqtning oʻzida uning barcha safdoshlari hibsga olingan.

2012-yildan beri Shinjon maktablarida 2,6 million oʻquvchini qamrab olishga qaratilgan ikki tilli mandarin-uygʻur taʼlim tizimi bosqichma-bosqich joriy qilinmoqda.

Bungacha darslar asosan uygʻur va boshqa ozchiliklar tillarida oʻtilar edi.

“Bu darsliklarning bekor qilinishi va uygʻur tilidagi taʼlimning butunlay yoʻq qilinishi oqibatida uygʻur yoshlarining kelgusi avlodi uygʻur madaniyatidan uzilib qoladi”, deydi Roziyning oʻgʻli Kamolturk Yalqun.

“Xitoy uygʻurlarning milliy oʻzligini yoʻq qilishni va ularni ... xitoy tilida soʻzlashadigan, xitoycha oʻylaydigan va oʻz tarixini yoki madaniyatidan bexabar odamlarga aylantirishni istaydi. Bu meni ham xafa, ham dargʻazab qiladi”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500