BISHKEK – Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) maʼlumotlariga koʻra, Qirgʻizistonda sovet davridan qolgan zaharli uran chiqindixonalarini zararsizlantirish ishlari boshlandi.
Koronavirus pandemiyasiga qaramay, bir necha oy oldin boshlangan tayyorgarlik ishlari tufayli sovetlardan qolgan uran konlarini radioaktiv zaharli chiqindilardan tozalash ishlari oʻz vaqtida boshlanmoqda, deyiladi YTTBning 28-iyul kungi bayonotida.
Bu ishlar xalqaro donorlar hamjamiyati tomonidan boshqariladigan Markaziy Osiyoda atrof-muhitni tiklash boʻyicha YTTB jamgʻarmasi (ERA) tomonidan moliyalashtirilmoqda.
YTTBning ushbu jamgʻarmasi sovet davridan qolgan zaharli uran obyektlarini zararsizlantirishda Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekistonga yordam berish uchun taʼsis etilgan boʻlib, unga AQSH, Yevropa Komissiyasi, Belgiya, Shveytsariya, Norvegiya va Litva mablagʻ oʻtkazgan.
Sovet davrida uranning asosiy manbai boʻlib xizmat qilgan Markaziy Osiyoda bugungi kunda yettita xavfli uran chiqindixonasi mavjud boʻlib, ulardan uchtasi Qirgʻizistonda joylashgan.
Deyarli himoyalanmagan bu obyektlarda terrorchilar tomonidan gʻarazli maqsadlarda ishlatilishi mumkin boʻlgan past sifatli uran moddasi qoldiqlari bor. Oʻz vaqtida Tojikiston hukumati mamlakatdagi chiqindixonalarda “qoʻlbola bombalar” ishlab chiqarish uchun kifoya qiladigan darajada uran moddasi borligidan xavotir bildirgan edi.
YeIning 2017-yilgi hisob-kitoblariga koʻra, Markaziy Osiyoda 1 milliard tonnaga yaqin toksik uran chiqindilari bor.
Oʻtgan yozda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyodagi 7 ta uran obyektidagi tozalash ishlari uchun 85 million yevro (7,7 milliard qirgʻiz soʻmi) ajratdi. Bungacha chiqindixonalarni zararsizlantirishga tayyorgarlik ishlari uchun uchun 15 million yevro (1,3 milliard qirgʻiz soʻmi) ajratilgan.
Salomatlik va ekologiya muammolari
Ilk bosqichda Qirgʻiziston janubi-gʻarbidagi Shekaftar qishlogʻidagi eng xavfli obyektlardan oltitasi yopiladi va beshta chiqindixona qoldiqlari uzoqroqdagi chiqindixonaga koʻchiriladi, deyiladi YTTB xabarida.
“Bir vaqtlar Shekaftarda gullab-yashnagan daromadli uran koni toʻxtaganidan soʻng bu yerda vaziyat ogʻirlashib, ishsizlik darajasi 70% ga yetgan”, deyiladi xabarda.
YTTB maʼlumotlariga koʻra, Xalqaro atom agentligi rahbarligi ostidagi ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan bosh reja asosida tez orada Qirgʻizistondagi boshqa obʼektlarni ham tozalashga kirishiladi.
Sovet Ittifoqining merosi nafaqat uran qoldiqlari xavfsizligiga, balki umumiy xavfsizlik va ekologiyaga ham jiddiy tahdidlarni yuzaga keltiradi, deydi tahlilchilar.
Tabiiy ofatlar yuz bergan vaqtda chiqindixonalardan zaharli moddalar sizib chiqib, qishloq aholisi salomatligiga xavf tugʻdirishi mumkin.
Bundan tashqari, yerosti va yerusti suvlarining zaharli chiqindilar bilan ifloslanishi qishloq xoʻjaligiga ham tahdid solmoqda.
Qirgʻiziston va boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi uran chiqindixonalarni zararsizlantirish loyihalari uchun ajratilgan Gʻarb mamlakatlarining moliyaviy koʻmagi juda muhim, deydi “MoveGreen” yoshlar ekologik harakatining ekolog-muhandisi bishkeklik Baktigul Stakeyeva.
Sovetlar davrida Moskva Markaziy Osiyodan radioaktiv ashyolar manbai sifatida foydalanishi ortidan mintaqa mamlakatlari “oʻzlari hal qila olmaydigan mudhish muammo bilan yolgʻiz qoldilar”, dedi u.
Chiqindixonalar yaqinidagi qirgʻiz qishloqlarida tabiatga yetkazilayotgan zarar yagona muammo emas. Shu bilan birga, aholi salomatlishigiga oid jiddiy muammolari ham mavjudbor, deydi “Kilim shami” jamoatchilik fondi rahbari bishkeklik Aziza Abdirasulova.
“Bundan faqat bolalar va kattalar aziyat chekayotgani yoʻq. Bachadonga radiatsiya taʼsiri sababli oʻlik tugʻilayotgan bolalar ham bor”, dedi Abdirasulova.