Karvonsaroy
Energiya

YI-Turkmaniston gaz quvuri boʻyicha muzokaralar Rossiya va Eronning qarshiliklarga qaramay davom etmoqda

Jumaguli Annayev

2015-yil 23-noyabr kuni Tehronda boʻlib oʻtgan Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumining (GECF) sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashgan. (Aleksey Drujinin/AFP)

2015-yil 23-noyabr kuni Tehronda boʻlib oʻtgan Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumining (GECF) sammiti doirasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin (oʻngda) Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashgan. (Aleksey Drujinin/AFP)

ASHXOBOD – Yevropa Ittifoqi (YI) va Turkmaniston Eron va Rossiyaning qarshiliklariga qaramay, Turkmaniston tabiiy gazini Yevropaga yetkazib berish boʻyicha muzokaralarni davom ettirmoqda.

Turkmaniston davlat axborot agentligi TDH xabariga koʻra, energetika sohasidagi hamkorlik masalasi 24-iyun kuni Turkmaniston-YI qoʻshma qoʻmitasining 19-sessiyasi kun tartibidan oʻrin oldi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli onlayn tarzda oʻtgan muzokaralar davomida Yevropa Ittifoqi va Turkmaniston rasmiylari savdo, xususiy sektor va iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildilar.

Jumladan, Transkaspiy gaz quvuri (TCGP) orqali Janubiy gaz yoʻlagiga (SGC) turkman gazini yetkazib berish bilan gaz eksportini diversifikatsiya qilish xususida soʻz bordi.

Janubiy gaz yoʻlagi (SGC) – Yaqin Sharq va Kaspiy orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga gaz etkazib berish boʻyicha Yevropa Ittifoqi tomonidan taklif etilayotgan yoʻnalish hisoblanadi. Uning foydalanishga topshirilishi ittifoqning Rossiya gaziga qaramligini kamaytirishi mumkin.

SGC turkman gazini Rossiyani chetlab oʻtgan holda yevropalik isteʼmolchilarga yetkazishga imkon beradigan yoʻnalish boʻlib qolmoqda, deydi ismini oshkor qilmaslik sharti bilan soʻzlagan Turkmaniston prezidenti huzuridagi Uglevodorod resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish agentligi vakili.

Turkmaniston shunday muqobil yoʻnalishga muhtoj, chunki Kreml yevropalik mijozlar uchun raqobatda Rossiya quvurlaridan foydalanishga imkon bermaydi, dedi rasmiy.

“Moskva oʻzi hukmron boʻlgan bozorga boshqa gaz taʼminotchisining kirishiga ruxsat berarmikin?” dedi u ritorik ohangda.

“Rossiya va Eron bu loyihaga qarshi chiqmoqda”, dedi u Transkaspiy gaz quvurini nazarda tutib.

Transkaspiy gaz quvuri Janubiy gaz koridorini kerakli miqdorda gaz bilan toʻldirishga imkon beradi. Janubiy gaz yoʻlagi foydalanishga topshirilgach, Ozarbayjon bu tarmoqqa yiliga 16 milliard kub metr gaz yetkazib beradi, shundan yiliga 6 milliard kub metri Turkiyaga moʻljallangan, dedi rasmiy.

Ashxobodning ishonishicha, mavjud gaz zaxiralari va qazib olish quvvatlari Turkmanistonga har yili Yevropani 30 milliard kub metrgacha tabiiy gaz bilan taʼminlashga imkon beradi.

“Gaz bozorida Turkmanistonning asosiy raqobatchilari boʻlgan Eron va Rossiya gaz eksportini diversifikatsiya qilishimizga yoʻl qoʻymaslik uchun turli bahonalarni oʻylab topmoqda”.

Ixtilof sababi

Transkaspiy gaz quvuri loyihasi 90-yillarda ilk marta taklif qilinganidan beri tortishuvlar mavzuiga aylangan.

Turkmaniston oʻz mablagʻlaridan foydalangan holda yiliga 30 milliard kub metr gaz oʻtkazish quvvatiga ega 733 km uzunlikdagi “Sharq-Gʻarb” gaz quvurini barpo etish boʻyicha asosiy ishlarni yakunlagan.

Ushbu gaz quvuri “Transkaspiy quvurini gaz bilan taʼminlash maqsadida barpo etilgan”, deydi “Turkmanneftgazqurilish” kompaniyasi vakili Aynazar Halimov.

Transkaspiy gaz quvurining uzunligi esa atigi 300 km – qurib bitkazilgan “Sharq-Gʻarb” quvuridan ancha qisqa boʻlishi koʻzda tutilgan, deb qayd etdi u.

Shunga qaramay, Eron va Rossiyaning qarshiliklari tufayli hozirgi kunga qadar Kaspiy dengizi tubiga birorta ham quvur yotqizilmagan.

Halimovga koʻra, Rossiya va Eron rejimlari dastlab dengizning huquqiy maqomi belgilanmaganini roʻkach qilib, bu gʻoyaga qarshi chiqishgan. Biroq, 2018-yilning 12-avgustida Kaspiy boʻyidagi besh mamlakat – Ozarbayjon, Eron, Qozogʻiston, Rossiya va Turkmaniston rahbarlari dengizning huquqiy maqomini belgilovchi shartnomani imzoladilar.

Tehron va Moskva esa endi boshqa bahona topa olmay, Transkaspiy gaz quvuri dengiz ekotizimiga putur yetkazishini taʼkidlamoqda.

“Bu – asossiz bahona ekanligiga shubha yoʻq”, dedi Halimov.

“Rossiya dengiz tubiga “Shimoliy oqim” va “Turk oqimi” gaz quvurlarini yotqizayotganida uni ekologik muammolar xavotirga solmagan, endi esa toʻsatdan bu haqda oʻylanib qoldi”, dedi u Boltiq va Qora dengizdan oʻtgan quvurlarni nazarda tutib.

Turkmaniston harakat qilishi kerak, deydi quvur tarafdorlari.

Transkaspiy gaz quvuri Yevropa Ittifoqining qiziqishi tufayli oʻz dolzarbligini yoʻqotgani yoʻq, deydi gaz quvuri loyihasini qoʻllab-quvvatlovchilar.

Bu loyiha YI energetik xavfsizlik strategiyasining muhim tarkibiy qismi boʻlib qolmoqda, degan edi Ashxoboddagi YI vakolatxonasi rahbari Lyubomir Frebort shu yili Turkmaniston betarafligining 25 yilligiga bagʻishlangan tadbirda.

Uning aytishicha, quvur loyihasi Yevropa Ittifoqining eng ustuvor energetik loyihalari roʻyxatiga kiritilgan, deb yozadi “Vestnik Kavkaza” nashri.

Kaspiy dengizidan oʻtuvchi gaz quvurini qurish texnik nuqtai nazardan qiyinchilik tugʻdirmaydi, ammo birgina istak yetarli emas va Turkmaniston amaliy harakatga oʻtishi kerak, deydi tahlilchilar.

“Hukumatimiz pudratchi va investor topish hamda TAPH (Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston) gaz quvurinikiga oʻxshash konsortsium yaratish yoʻlida tirishqoqlik bilan harakat qilishi, shuningdek, Janubiy gaz yoʻlagi konsortsiumi bilan ishlab chiqarish hajmlari, narxlar va boshqa masalalarni kelishib olishi kerak”, dedi Uglevodorod resurslarini boshqarish va ulardan foydalanish agentligi mulozimi.

“Afsuski, oʻtgan qariyb 30 yil davomida Turkmaniston tranzit mamlakatlar va xaridor davlatlar bilan Transkaspiy gaz quvurining bu jihatlari yuzasidan jiddiy muzokaralar oʻtkazmadi” dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 3

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya boshqa mamlakatlarga faqat zarar olib keladi.

Javob berish

Olgʻa, Rossiya!

Javob berish

Rossiya qaytdi!

Javob berish