Karvonsaroy
Terrorizm

Rossiyaning “vagnerchilari” orasida qirgʻiz fuqarolarning borligi – Markaziy Osiyo uchun xavotirli

Kanat Altinbayev

Donetsk va Lugansk viloyatlarining Ukrainadan mustaqil boʻlganini nishonlayotgan rossiyaparast jangarilar yuk mashinasida ketmoqda, Donetsk, 2014-yil, 25-may. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maqsadlarini amalga oshiruvchi “Vagner” yollanma armiyasi aynan Ukrainada paydo boʻlgan. [Aleksandr Xudotepliy/AFP]

Donetsk va Lugansk viloyatlarining Ukrainadan mustaqil boʻlganini nishonlayotgan rossiyaparast jangarilar yuk mashinasida ketmoqda, Donetsk, 2014-yil, 25-may. Rossiya prezidenti Vladimir Putinning maqsadlarini amalga oshiruvchi “Vagner” yollanma armiyasi aynan Ukrainada paydo boʻlgan. [Aleksandr Xudotepliy/AFP]

OLMAOTA – Ukrainada Rossiyaning xususiy harbiy pudratchi kompaniyasi – “Vagner” guruhining 15 nafar yollanma jangarisiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi. Ular orasida boʻlgan uch nafar qirgʻiz fuqarosi Ukraina sharqida ayirmachilar safida jang qilishda gumonlanmoqda.

28-iyul kuni Ukraina Bosh prokuraturasining maʼlum qilishicha, xorijlik jangarilar 2014-yildan beri “vaqtincha egallab olingan Donetsk va Lugansk viloyatlari hududida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etishgan”.

Bosh prokuraturaga koʻra, hibsga olinganlar Rossiya Federatsiyasining turli noqonuniy qurolli tuzilmalari tarkibida “xizmat” qilishgan.

Jumladan, ular qatorida “Prizrak” 14-hududiy mudofaa batalyoni, “Vostok” 11-sonli maxsus moto-oʻqchi polk va “Oplot” 5-moto-oʻqchi brigadasi (hammasi “Vagner” guruhiga tegishli) bor.

Belarus davlat televideniyesining videolavhasida 25-iyul kuni mamlakat hududiga kirgan “Vagner” armiyasining oʻnlab yollanma askarlari aks etgan. [Fayl]

Belarus davlat televideniyesining videolavhasida 25-iyul kuni mamlakat hududiga kirgan “Vagner” armiyasining oʻnlab yollanma askarlari aks etgan. [Fayl]

Jeneva konvensiyalariga binoan, gumondorlar “yollanma jangchilar” deb hisoblanadi va ularning xatti-harakatlari 1989-yil 4-dekabrda BMT Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan yollanma jangchilarni yollash, ulardan foydalanish, moliyalashtirish va tayyorlashga oid Xalqaro konvensiyaga xilofdir”, deyiladi idora bayonotida.

Bu ishni Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) tergov qiladigan boʻldi.

“Vagner” yollanma askarlari deb gumonlanayotganlarga molk-mulkni musodara qilish bilan umrbod qamoq jazosi xavf solmoqda.

Markaziy Osiyo xavfsizligiga tahdid

Ukraina maxsus xizmatlari “Vagner” guruhining Donbassdagi ayirmachilarni qoʻllab-quvvatlayotgani haqida ilk bor 2014-yilning may oyida xabar topganlar, deb yozadi Deutsche Welle (DW).

“Vagnerchilar” 2014-yil iyun oyida Ukraina sharqida “Il-76” harbiy-transport samolyotining yoʻq qilinishi, Donetsk aeroportining shturm bilan qoʻlga olinishi va Ukrainaning Debaltsevo tumanidagi harbiy harakatlarga aloqador boʻlishgan, deb aytgan 2017-yilning oktyabr oyida SBUning oʻsha paytdagi rahbari Vasil Gritsak.

DW xabariga koʻra, “Vagner” guruhi safiga nafaqat butun Rossiya boʻylab, balki ayirmachilar nazoratidagi sharqiy Ukraina aholisi orasidan ham odamlar yollangan.

Biroq, moskvalik odam yollovchilar mintaqadagi ogʻir ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan foydalanib, guruh safiga pulga muhtoj boʻlgan Markaziy Osiyolik yoshlarni ham jalb qilishgan, deydi olmaotalik sobiq harbiylar.

“Ularga yaxshi haq toʻlanadi, shu bois bu – puldan qiynalgan va oʻz hayotini tartibga sola olmayotgan aksar ishsiz erkaklar uchun ajoyib imkoniyat”, deydi Qozogʻiston qurolli kuchlarining isteʼfodagi mayori, olmaotalik Dauren Ospanov.

Vagner guruhining yollash usullari koʻp jihatdan ID terrorchilik guruhinikiga oʻxshash, dedi u. Masalan, bu ikkala guruh ham nochor yoshlarni pul bilan jalb qilish va Internetda yollanishga moyil odamlarni qidirish bilan shugʻullanadi.

“Bugungi kunda “Vagner” mintaqaviy xavfsizlikka yanada kattaroq tahdid solmoqda, chunki pandemiya tufayli Markaziy Osiyo mamlakatlarida ishsizlik kuchaygan”, dedi Ospanov.

Ukrainada hibsga olingan Qirgʻiziston fuqarolari oʻta ogʻir jinoyatlarda ayblanmoqda, deydi bishkeklik professor, zaxiradagi militsiya podpolkovnigi Qayrat Osmonaliyev.

“Aybi isbotlangan taqdirda ular Qirgʻiziston hukumatining yordamiga umid qilmasa ham boʻladi, chunki konstitutsiyamizga koʻra, bunday jinoyat sodir etganlar Qirgʻiziston fuqaroligidan mahrum qilinishi mumkin”, dedi Osmonaliyev.

Lekin, Qirgʻizistonga deportatsiya qilingan taqdirda, u yerda ularni 12 yillik qamoq jazosi kutmoqda, deb qoʻshimcha qildi u.

Qirgʻizistonning Oʻsh shahrida yashovchi huquq himoyachisi Qurmanbek Aliyevning aytishicha, Ukrainada hibsga olingan qirgʻizistonliklarga qoʻyilayotgan ayblovlarni terrorizm bilan tenglashtirish mumkin.

“Ular pul uchun jang qilib, oʻz yurtini himoya qilayotgan odamlarning qonini toʻkkan. Ular terrorchi boʻlmay kim?”, dedi u.

Aliyevning aytishicha, Rossiyaning “Vagner guruhi” aslida noqonuniy va terrorchilik tashkiloti boʻlib, xorijiy mamlakatlarda Moskvaning manfaatlarini koʻzlovchi jangovar operatsiyalarni amalga oshiradi.

“Ular Kremlning siyosiy maqsadlari yoʻlida ham dushmanlarining, ham oʻz odamlarining hayotini barbod qilmoqdalar”, dedi Aliyev “Vagnerchilarni” nazarda tutib.

Nishonda – Belarus

Postsovet hududda yuz berayotgan soʻnggi voqealar “Vagner” guruhining yangi hiylasidan darak boʻlishi mumkin.

30-iyul kuni Belarusda yakshanba (9-avgust) kuni boʻlib oʻtgan prezident saylovlari arafasida mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishni rejalaganlikda ayblanib hibsga olingan rossiyalik yollanma askarlarga qarshi jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Soʻnggi yillarda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning bosimiga qaramay, Moskva bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ittifoqni rad etib, Gʻarb bilan aloqalarni mustahkamlashga intilib kelayotgandi.

Shunday boʻlsa-da, Rossiyaning strategik rejalari orasida Belarus markaziy oʻrinni egallaydi va ehtimol, Ukrainadan tashqari istalgan qoʻshni mamlakatga qaraganda koʻproq ahamiyatga ega.

Rossiya oʻzining deyarli barcha neft va gazini Belarusga sotgani uchun ham bu mamlakatdan jiddiy manfaatdor. Rossiya uglevodorodlariga qaramlikni kamaytirishga uringan Belarus bu yil Norvegiya, Saudiya Arabistoni, Ozarbayjon va AQSHdan neft sotib olib, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning gʻazabini keltirgan.

“Vagner” guruhi Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirishga uringan boʻlishi tabiiy hol, chunki Moskva “bu yerda oʻzining strategik manfaatlariga ega”, deydi qozogʻistonlik sobiq harbiy Ospanov.

“Ammo, Lukashenkoning beqaror feʼli va tobora jilovsiz boʻlib borayotgani Putinning hafsalasini pir qilmoqda”, dedi Ospanov.

Dunyo miqyosidagi choralar

“Vagner” guruhining yollanma askarlari Kremlning rejalarini roʻyobga chiqarish yoʻlida xorijiy mamlakatlarda jang qilib kelgan.

Guruh Liviyada harbiy qoʻmondon Xalifa Haftarning xalqaro miqyosda tan olingan Liviya hukumatini agʻdarishga qaratilgan muvaffaqiyatsiz urinishlarini qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Tasdiqlangan fotosuratlarga koʻra, “Vagner” guruhi Liviyaning Tripoli shahri va uning atroflarida quruqlik minalari va qoʻlbola portlovchi moslamalarni oʻrnatib, BMTning qurol embargosini buzgan va begunoh liviyaliklarning hayotini xavf ostiga qoʻygan. AQSH Qurolli kuchlarining Afrika qoʻmondonligi (AFRICOM) iyul oyida bu xabarni tasdiqlagan.

Xabarlarga koʻra, “Vagner” guruhi aʼzolari Suriyada bir necha yillardan buyon rejim qoʻshinlari bilan front chizigʻida xizmat qilib kelmoqda. 2015-yilda Kreml oʻz mijozi – prezident Bashar Asad nomidan Suriyaga qoʻshin yuborgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Vagner guruhi, xuddi AQSH kompaniyalar kabi – Aegis Defense Services, Defion Internacional, Triple Canopy, G4S Secure Solutions, ADT Security Services, Allied Universal, Inter-Con Security, Monitronics, Paragon Systems, Pinkerton Security, Vivint va h.k. Qoʻli qonga botgan “Blackwater Worldwide”ni unutmasng, Iroq urushida nomi chiqqan mashʼum kompaniya hozir yangi nomda – Academi.

Javob berish

Adashasiz, yaxshi askarlar faqat ruslardan iborat emas. Rossiyada Buyuk dasht jangchilari doim qadrlangan. Biz birgalikda polyaklar, frantsuzlar, nemislarga qarshi kurashdik. Xitoyliklar ham nasibasini oldi. Xususiy harbiy kompaniya haqida gapiradigan boʻlsak, qoʻshilaman. Bu dunyoda hamma narsa nisbiy.

Javob berish

U yerga xorijliklar yollanmaydi, faqat ruslar

Javob berish

Bu dunyoda hamma narsa nisbiy!... Bir tomonlama ayblash ham gunoh!!!

Javob berish