Karvonsaroy
Tahlil

IDning parokanda shoʻbasi Afgʻonistondagi hozirligini saqlab qolishga urinmoqda

Karvonsaroy

Oʻtgan yilning noyabr oyida yuzlab jangarilar magʻlubiyatni tan olib, taslim boʻlishidan bir necha kun avval “ID-Xuroson” (“Islom davlati”ning Xuroson shoʻbasi) tomonidan kuch va birdamlikni koʻrsatish maqsadida chop etilgan fotosurat. [Fayl]

Oʻtgan yilning noyabr oyida yuzlab jangarilar magʻlubiyatni tan olib, taslim boʻlishidan bir necha kun avval “ID-Xuroson” (“Islom davlati”ning Xuroson shoʻbasi) tomonidan kuch va birdamlikni koʻrsatish maqsadida chop etilgan fotosurat. [Fayl]

KOBUL – Afgʻonistonda magʻlubiyatini tan olgan “Islom davlati”ning Xuroson shoʻbasi (ID-Xuroson) 9 oydan beri sukut saqlab kelayotgan edi.

Ammo Tolibon va Afgʻoniston hukumati mamlakat ichidagi tinchlik muzokaralariga kirishar ekan, ID jangarilari shundoq ham qaltis boʻlgan siyosiy vaziyatni izdan chiqarishga urinmoqdalar.

Toliblar va afgʻon hukumati bayram vaqtida uch kunlik otashkesim eʼlon qilganiga qaramay, “ID-Xuroson” Qurbon hayitining boshi va oxirini xunrezlik bilan nishonlagan.

Guruh 29-iyul kuni Hirot shahrining asosan shialar yashaydigan hududida avtobus portlatilishi bilan bogʻliq javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan. Voqea natijasida 4 nafar tinch aholi vakili halok boʻlgan, 3 kishi jarohatlangan.

Oʻtgan yilning noyabr oyida Afgʻoniston hukumatiga taslim boʻlgan “ID” jangarilari Nangarhor viloyatidagi huquq-tartibot idorasi oldida navbatga tizilib turibdi. [Xolid Zeray]

Oʻtgan yilning noyabr oyida Afgʻoniston hukumatiga taslim boʻlgan “ID” jangarilari Nangarhor viloyatidagi huquq-tartibot idorasi oldida navbatga tizilib turibdi. [Xolid Zeray]

Afgʻoniston Milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXB) tomonidan eʼlon qilingan videolavhada Afgʻonistondagi ID rahbari Aslam Faruqiy aks etgan. MXB uni aprel oyida Qandahor viloyatida qoʻlga olgan.

Afgʻoniston Milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXB) tomonidan eʼlon qilingan videolavhada Afgʻonistondagi ID rahbari Aslam Faruqiy aks etgan. MXB uni aprel oyida Qandahor viloyatida qoʻlga olgan.

Ikki kun oʻtib, Qurbon hayiti arafasida Hirot shahridagi gavjum bozorda yuz bergan portlash natijasida kamida 14 fuqaro yaralandi. Hech qaysi guruh javobgarlikni oʻz zimmasiga olmagan boʻlsa-da, barcha alomatlar “ID-Xuroson” va boshqa jangari guruhlarga, jumladan voqeaga aloqadorligini rad etgan Tolibonga ishora qilmoqda.

“ID-Xuroson” Qurbon hayitining oxirgi kunida guruhning 1700 ga yaqin jangarisi va Tolibon mahbuslari saqlanayotgan Jaloloboddagi qamoqxonaga hujum uyushtirgan.

Dushanba (3-avgust) kuni tushgacha davom etgan jangovar harakatlar natijasida 29 kishi halok boʻlgan, 48 nafari jarohatlangan.

“ID-Xuroson” hayot uchun kurashmoqda

“ID-Xuroson” oʻz terrorchilik harakatlari bilan diqqatni jalb qilishga urinayotgan boʻlsa-da, norozi aʼzolar, moliyaviy manbalar va yangi jangarilarni yollash imkoniyatidan mahrum boʻlib bormoqda va tirik qolish uchun kurashmoqda.

2019-yilning sentyabr-noyabr oylarida Afgʻoniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) “ID-Xuroson”ni oʻz hududlaridan chekinishga majbur qilib, unga “jiddiy va xavfli zarbalar” berdi va bu bilan jangarilarning qaytish yoʻlini toʻsib, guruhning daromad manbalarini kesishga erishdi, deb xabar bergan 27-may kuni BMT kuzatuvchilari.

17-noyabr kuni Nangarhorda magʻlubiyatga uchraganini tan olgan “ID-Xuroson” uning aʼzolari haftalar davomida och qolganini aytgan.

“2019-yil sentyabrdan noyabrga qadar Nangarhorda “ID-Xuroson”ning yetti tuman boʻyicha taqsimlangan 1750 nafar jangarisi va 22 nafar mansabdordan iborat rahbarlik kengashi 200 taga qadar kamaytirildi, ular Achin tumanida qurshovga olindilar”, deyiladi xabarda.

Maʼlumotlarga koʻra, 2020-yil fevral oyi oxiriga kelib, Nangarhor viloyatida guruhning tor-mor etilishi ortidan 1442 nafar “ID-Xuroson” aʼzosi (asosan oilalar) taslim boʻlgan.

Hukumatga taslim boʻlgan sobiq “ID-Xuroson” jangarilari “guruh safiga kuch ishlatish yoki zoʻravonlik tahdidi bilan yangi odamlar yollangani”, ayrimlar esa “guruh tomonidan taklif qilingan, ammo toʻlanmagan maoshlar bilan odamlar jalb qilinganini” aytgan.

“Guruhning oʻz jangarilari uchun katta maoshlar vaʼda qilish bilan bogʻliq tashviqot taktikasi yangi aʼzolarni yollash va qoʻllab-quvvatlovga erishish uchun oʻylab topilgan yolgʻon edi”, deydi BMT kuzatuvchilari bilan suhbatda boʻlgan mahalliy hamkorlar.

Ularga koʻra, bu bir marta ishlatishga yaraydigan “yolgʻon” boʻlgani uchun, “ID-Xuroson” koʻproq daʼvatga va guruhga qoʻshilishni istamaganlarni taʼqib qilishga eʼtibor qarata boshlagan.

Hisobotda aytilishicha, “ID-Xuroson Afgʻoniston shimolida doimiy harbiy hozirlikka ega emas”, ammo “guruh aʼzolari deb gumonlangan xorijlik jangarilarning kichik guruhlari Tolibon nazoratidagi hududlarda, asosan Kunar viloyatida faoliyat olib bormoqda”.

ID oʻzagidan ajralib chiqish

Afgʻonistondagi ID rahbariyatida yuzaga kelgan chigallik (va guruhning “ID” oʻzagi bilan zaif aloqasi) guruh qudratining soʻnishiga sabab boʻlmoqda.

2019-yil aprel oyida Abu Umar al-Xurosoniy nomi bilan mashhur Mavlaviy Ziyo ul-Haq oʻrniga Mavlaviy Aslam Faruqiy nomi bilan tanilgan Mavlaviy Abdulloh Orakzay “ID-Xuroson” rahbari etib tayinlangan edi.

“ID” oʻzagi Iroq va Suriyadagi “markaz”ning Afgʻonistondagi shoʻbasi bilan aloqani taʼkidlagan holda bevosita Faruqiy nomzodini ilgari surgan.

Shunday boʻlsa-da, “ID-Xuroson” endilikda Kunarning olis va quyuq oʻrmonli hududlaridan turib, “ID markazi bilan sunʼiy yoʻldosh aloqasi orqali cheklangan tarzda aloqa qilib turibdi”, deyiladi xabarda.

Chet ellik jangarilarning Iroq va Suriyadagi asosiy mojaro hududidan koʻchirilishi cheklangan boʻlsa-da, ID markazi Xuroson boʻlinmasining ichki qarorlarini qabul qilishga katta taʼsir oʻtkazmasa ham, Xuroson shoʻbasi IDning yangi yetakchisi Amir Muhammad Abdul-Rahmon al-Mavliy as-Salbiy bilan aloqa oʻrnatgan, deyiladi xabarda.

As-Salbiy – Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiy taxallusi bilan ham mashhur.

Shu yil mart oyida “ID-Xuroson” navbatdagi zarbaga uchradi – Afgʻoniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) Qandahorda Faruqiy bilan birga “ID-Xuroson”ning yuqori martabali qoʻmondonlari – Qori Zohid va Sayfulloh va boshqa 19 kishini qoʻlga olgan edi.

Yaqinda Afgʻoniston milliy xavfsizlik boshqarmasi (MXB) 1-avgust kuni Jalolobod yaqinida “ID-Xuroson” razvedkasi rahbari Asadulloh Orakzay oʻldirilganini maʼlum qildi.

Guruhning Nangarhordagi muvaffaqiyatsizliklari va Qandahorda Faruqiyning qoʻlga olinishi ortidan “ID-Xuroson”ning hokimiyat jilovi kimning qoʻlida ekani nomaʼlumligicha qolmoqda.

Faruqiy qoʻlga olinishidan avval ID rahbari oʻrinbosari shayx Matiulloh Kamahval bilan amir boʻlish uchun raqobatlashgan. BMT hisobotida aytilishicha, nomzodlar orasida boshqa shaxslar, jumladan Abu Said Muhammad al-Xurosoniy va shayx Abdul-Tohir ham boʻlgan.

“Manbalarning taxmin qilishicha, Abu-Bakr al-Bagʻdodiyning vafotidan keyin nomzod masalasi “ID-Xuroson” tomonidan ichki tartibda, markaz ishtirokisiz hal qilinadi”, deyiladi xabarda.

Operatsiyalardagi oʻzgarish

Nangarhor va Kunarda Afgʻoniston milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) hamda koalitsiya qoʻshinlari tomonidan “ID-Xuroson”ga qarshi olib borilgan operatsiyalar guruhning yuqori darajadagi va murakkab hujumlarni amalga oshirish qobiliyatini zaiflashtirdi, deydi kuzatuvchilar.

Bu orada “ID-Xuroson” tomonidan aslida nechta hujum amalga oshirilgani haqida munozaralar davom etmoqda.

“IDning Xuroson boʻlinmasiga oid deb daʼvo qilingan aksariyat hujumlar Haqqoniy tarmogʻining maʼlum darajadagi ishtiroki, koʻmagi yoki texnik yordami bilan sodir etilgani oydinlashdi, deyiladi BMT hisobotida.

Bundan tashqari, ID-Xuroson, aftidan “Haqqoniy tarmogʻi tomonidan amalga oshirilgan operatsiyalar uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olgan”, deyiladi xabarda.

“Tolibon”ning mashʼum boʻlinmasi – Haqqoniy tarmogʻi Afgʻoniston hukumati va AQSH boshchiligidagi NATO kuchlariga qarshi jang qilayotgan eng xavfli guruhlardan biridir.

5-may kuni Afgʻoniston maxsus qoʻshinlari “ID-Xuroson” va Haqqoniy tarmogʻi boshchiligidagi yirik terrorchilik tarmogʻini tor-mor qildilar – qoʻshma tarmoqning biri Kobulda va yana biri poytaxt tashqarisida joylashgan maxfiy bazalari shturm qilindi.

Afgʻoniston xavfsizlik mutasaddilariga koʻra, Tolibon va AQSH muzokarachilari oʻrtasidagi sulh bitimi va yaqinda Afgʻonistonda oʻtkazilajak tinchlik muzokaralari Tolibon va Haqqoniy tarmogʻidagi ayrim guruhlarini gʻazablantirib, ularni “ID-Xuroson” nomidan vayronkor hujumlar sodir etishga undagan.

“Razvedka maʼlumotlariga koʻra, Tolibon va xorijiy terrorchi guruhlar oʻrtasidagi aloqalar avvalgiga nisbatan mustahkamlangan”, dedi general-leytenant Ahmad Ziyo Saraj 18-may kuni Kobulda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

“Biz yaqinda hibsga olgan odamlar va toʻplagan hujjatlarimizning dalolat berishicha, soʻnggi hodisalar tashkilotchilari Haqqoniy tarmogʻi va DAISH bilan aloqada boʻlishgan”, dedi Saraj IDning arabcha nomini tilga olib.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500