Karvonsaroy
Ayollar huquqlari

Oʻzbekiston taʼlim dasturi afgʻon ayollari uchun yangi imkoniyatlar yaratishga intilmoqda

Maksim Yeniseyev

Afgʻonistonlik xotin-qizlar 2019-2020-oʻquv yilida Yevropa Ittifoqi dasturi doirasida Qozogʻistonda taʼlim olishgan. (ALMA universiteti)

Afgʻonistonlik xotin-qizlar 2019-2020-oʻquv yilida Yevropa Ittifoqi dasturi doirasida Qozogʻistonda taʼlim olishgan. (ALMA universiteti)

TOSHKENT – Oʻzbekiston gender tengligini mustahkamlashga qaratilgan qishloq xoʻjaligiga oid taʼlim dasturi doirasida qoʻshni Afgʻoniston xotin-qizlarining huquq va imkoniyatlarini oshirishga koʻmaklashmoqda.

Termizdagi Afgʻoniston taʼlim markazi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Yevropa Ittifoqi (YI) va BMT Taraqqiyot dasturi (BMTRD) koʻmagida afgʻon xotin-qizlariga qishloq xoʻjaligi yoʻnalishida taʼlim beradi. Ushbu markaz Oʻzbekistonning Termiz shahrida joylashgan.

“Oʻzbekistonda afgʻon ayollarining taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan ushbu transchegaraviy tashabbus oʻqish va ishga joylashishda Afgʻonistonda erkaklarga qaraganda koʻproq toʻsiqlarga duch keladigan ayollar uchun taʼlim olish imkoniyatlarini taqdim etadi”, deyiladi BMT Taraqqiyot dasturi bayonotida.

Yangi oʻquv yilida Oʻzbekiston grant asosidagi taʼlim uchun 20 nafar afgʻonistonlik xotin-qizni talabalikka qabul qiladi.

2019-2020-oʻquv yilida Yevropa Ittifoqining dasturiga asosan Qozogʻistonda taʼlim olgan afgʻon xotin-qizlari. (ALMA universiteti)

2019-2020-oʻquv yilida Yevropa Ittifoqining dasturiga asosan Qozogʻistonda taʼlim olgan afgʻon xotin-qizlari. (ALMA universiteti)

Termizdagi taʼlim markazining afgʻonistonlik talabalari 2019-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurishgan. (OʻzA)

Termizdagi taʼlim markazining afgʻonistonlik talabalari 2019-yilda Oʻzbekistonga tashrif buyurishgan. (OʻzA)

Dastur yakunida talabalar texnik va oʻrta maxsus kasb taʼlimi (TVET) shahodatnomasiga ega boʻladilar.

“Gender tengligi hamda xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish – nafaqat insonning fundamental huquqlari, balki mamlakat rivoji va gullab-yashnashi yoʻlidagi oqilona milliy strategiyadir”, deydi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.

Afgʻonistonlik ayollar uchun moʻljallangan taʼlim dasturi oʻtgan yili ishga tushirilgan boʻlib, 2025-yilga qadar davom etishi koʻzda tutilgan. Yevropa Ittifoqi ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun 2 million yevro ajratgan.

Loyihaning ilk bosqichi Qozogʻistonda amalga oshirildi. Oʻtgan yil oktyabr oyida 30 nafar afgʻonistonlik xotin-qizdan iborat guruh statistika, qishloq xoʻjaligi va togʻ-kon sanoatini oʻrganish uchun u yerga tashrif buyurgan edi.

Termizdagi afgʻon fuqarolariga taʼlim berish markazi 2018-yil yanvar oyida ochilgan boʻlib, 17 ta yoʻnalish, jumladan oʻzbek va ingliz tillari, fizika va kimyo sohalarida afgʻonistonlik talabalar uchun oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan. Markaz 300 tagacha talabani sigʻdira oladi.

Tarixiy rishtalar

“Afgʻoniston shimolidagi yirik oʻzbek diasporasining Oʻzbekistondagi oʻzbeklar bilan aloqasi uzilib qolganiga bir asrdan oshgan. Ammo oʻtmishda bu odamlar qariyb bitta madaniy makonda yashagan”, deydi toshkentlik siyosatshunos Valeriy Xan.

“Amudaryoning ikki tarafidagi bu diasporalar doʻstona aloqalarni tiklashga va yaqin muloqotga intilsa, bu mintaqadagi umumiy tinchlik jarayoni uchun faqat foyda keltiradi”, deb qoʻshimcha qildi u.

Oʻzbekistonning oʻz qoʻshnisiga gender muammolarini hal qilishga koʻmaklashish borasidagi saʼy-harakatlari Afgʻonistonda tinchlikka erishish va uning taraqqiyotiga oid keng qamrovli mintaqaviy gʻoyalar bilan mushtarakdir.

30-iyun kungi onlayn anjumandan soʻng, “C5+1” formati doirasida yigʻilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH hukumati bu masalani ustuvor vazifalar qatoriga kiritdilar.

“Iqtisodiy ishchi guruh, shuningdek, ayollar uchun iqtisodiy sharoitlarni yaxshilash va “C5+1” ayollarni iqtisodiy taraqqiyot va yuksalish vakillari sifatida qanday qoʻllab-quvvatlashini aniqlashga intiladi”, deyiladi birlashmaning qoʻshma bayonotida.

Shu kunning oʻzida Afgʻonistondagi yarashuv jarayoni boʻyicha AQSH vakili, elchi Zalmay Xalilzod Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan Toshkentda muzokara oʻtkazdi. Muloqot chogʻida Xalizod Oʻzbekistonning Afgʻonistonni tiklashdagi rolini alohida qayd etdi.

“Oʻzbekiston rahbariyatining Afgʻonistondagi tinchlik jarayoniga nisbatan mintaqaviy yondashuviga oid bu harakatlarni Qoʻshma Shtatlar yuqori baholab, bu sohada faol hamkorlik qilishini tasdiqladi”, deb yozadi Oʻzbekiston tashqi ishlar vazirligi oʻz Telegram kanalida.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston, Qoʻshma Shtatlar va Afgʻonistondan iborat uch tomonlama iqtisodiy komissiya 23-iyul kuni afgʻonistonlik ayollar uchun moʻljallangan choralar yuzasidan kelishuvga erishdi.

Videoanjuman chogʻida tomonlar ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini qoʻllab-quvvatlash uchun ishchi guruh bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Oʻzbekistonning “Pravda Vostoka” gazetasi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu juda yaxshi va shubhasiz, ushbu qizlar uchun ajoyib imkoniyat. Ammo qolganlar-chi? Afgʻonistonda oʻqishni istagan 20 dan ortiq qiz bor.

Javob berish