Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Xitoyning oʻzini COVID-19 qahramoni qilib koʻrsatishi uning pandemiyadagi roliga zid kelmoqda

Karvonsaroy va AFP

Xitoy milliy muzeyida namoyishga qoʻyilgan rasmlardan birida mamlakatning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralari “qahramonlik” sifatida tasvirlangan. [Szyan Don/China Daily]

Xitoy milliy muzeyida namoyishga qoʻyilgan rasmlardan birida mamlakatning koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralari “qahramonlik” sifatida tasvirlangan. [Szyan Don/China Daily]

PEKIN – Xitoy rejimi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda oʻzining “mardonavor xatti-harakatlari” haqida bong urayotgan boʻlsa-da, bu taʼrif Pekinning virusni tarqatish va global inqirozdan foyda olishdagi roli bilan bogʻliq voqelikka zid keladi.

2019-yil oxirida Uxanda yuqumli va halokatli virus aniqlanganidan beri, Xitoy Kommunistik partiyasi COVID-19ga qarshi kurashda oʻzini yetakchi qilib koʻrsatishga urindi.

Bu kabi urinishlardan soʻnggisi – Xitoy milliy muzeyida “Kuch birdamligi” deb nomlangan yangi koʻrgazmaning ochilishi boʻldi. Unda inqirozga qarshi kurashda erishilgan muvaffaqiyatlarni madh etuvchi rasmlar, haykallar va xattotlik namunalari namoyish etilgan.

Pekin muzeyida koʻrgazmaga qoʻyilgan katta rasmlar orasida prezident Si Szinpinning maktubini zavq bilan hamkasblariga oʻqib berayotgan hamshiraning surati ham bor.

Suratda: Pan Maokunning “Mangulik va qisqalik” surati, Xitoy milliy muzeyi. [Szyan Don/China Daily]

Suratda: Pan Maokunning “Mangulik va qisqalik” surati, Xitoy milliy muzeyi. [Szyan Don/China Daily]

China Daily davlat nashrining yozishicha, “Rassomlar koronavirusga qarshi kurashda front chizigʻida boʻlmasa-da, bu ishga ulkan hissa qoʻshayotganlarni olqishlab, bu insonlarning qahramonliklarini tarixga muhrlash uchun bor kuchlarini ishga solmoqdalar”.

Xonaning oʻrtasidan jabrlangan aholiga yordam koʻrsatish uchun samolyotdan tushib kelayotgan askarlarning haqiqiy kattalikdagi haykallari joy olgan – ularning kiyimi 1930-yilgi fuqarolar urushida kommunist partizanlar uchun hal qiluvchi sinov boʻlgan Buyuk marsh voqeasini eslatadi.

Taʼsirli suratlarning birida niqob taqqan hamshiraning hamkasbi egnidagi himoya kostyumini toʻgʻirlayotgani aks etgan boʻlsa, boshqa birida mamlakatning eng taniqli tibbiy mutaxassisi Chjun Nanshanning niqob ustidan oqayotgan koʻz yoshlari yirik planda koʻrsatilgan.

Avgust oʻrtasi holatiga koʻra, 20 million kishi COVID-19 bilan kasallangan boʻlib, ulardan 750 ming kishi vafot etgan va bu dunyoning har bir davlatida misli koʻrilmagan siyosiy, iqtisodiy va tibbiy yoʻqotishlarga sabab boʻldi.

Voqelikni yashirish

Bu voqea va hukumatning ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot makonini dezinformatsiya bilan toʻldirishga urinishi Pekinning global sogʻliqni saqlash inqiroziga qarshi voqelikdagi javob choralaridan keskin farq qiladi.

Rejim COVID-19ning qay darajada xavfli ekanligi borasida avvaldanoq shaffof boʻlganida edi, butun dunyoda unga qarshi chora koʻrish, minglab odamlar hayotini saqlab qolish va ayni damdagi tartibsizlikning oldini olishga yetarli vaqt boʻlar edi, deydi xalqaro tahlilchi va kuzatuvchilar.

Xitoy rasmiylari halokatli kasallik avj olayotganini bila turib, deyarli bir hafta sukut saqladilar va Uxandagi virusning dunyo boʻylab tarqalib ketishiga yoʻl qoʻydilar, deb xabar bergan edi Associated Press aprel oyida.

Shu bilan bir vaqtda AQSH, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada va Buyuk Britaniyaning Five Eyes (“Besh koʻz”) razvedka idoralari tomonidan tuzilgan hisobotga koʻra, Xitoy hukumati koronavirus epidemiyasiga oid dalillarni atayin kamaytirgan va yoʻq qilgan.

“The Saturday Telegraph” nashri ixtiyoriga kelib tushgan 15 sahifalik hisobotda Xitoy hukumati “boshqa davlatlarni xavf ostiga qoʻygan holda” virus haqida gap ochgan shifokorlarning ovozini oʻchirish va ularni “yoʻq qilish”, laboratoriyalarda COVID-19 virusiga oid dalillarni yoʻqotish va vaksina ustida ishlayotgan olimlarga virus namunalarini taqdim etishdan bosh tortish bilan maʼlumotlarni yashirgan.

Inqiroz boshlanganidan beri, Pekin fitna nazariyalarini targʻib qilish orqali koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq aybni oʻzidan soqit qilishga urinmoqda.

10-iyun kuni Yevropa Ittifoqi (YI) eʼlon qilgan hisobotda Xitoy va Rossiya rejimlari “yoʻnaltirilgan taʼsir choralari va dezinformatsiya kampaniyalari” bilan COVID-19 koronavirus pandemiyasi davrida Yevropa demokratiyasiga putur yetkazish va uni obroʻsizlantirishga urinishda ayblangan.

12-iyun kuni Tvitter Xitoy hukumatinig dezinformatsiya kampaniyasiga aloqador 170 mingdan ortiq akkauntni oʻchirgani haqida xabar bergan.

Pandemiyadan foyda koʻrish

Bu orada Xitoy kompaniyalari pandemiyadan foyda koʻrishmoqda.

Kasallik avj olishi ortidan yuzaga kelgan taqchillik oʻrnini toʻldirish uchun Xitoy niqob kabi shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqarishni kuchaytirishga urinmoqda. Yilning birinchi yarmida narxlar va talabning ortishi tufayli 73 mingdan ortiq, jumladan, aprel oyida 36 mingta kompaniya niqob ishlab chiqaruvchi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Mart-may oraligʻida Xitoy 50 milliard donadan ortiq niqob eksport qilgan, bu oʻtgan yilgi hajmdan 10 marta koʻp, deydi tahlilchilar.

Tahlilchilarga koʻra, Xitoy niqob ishlab chiqarish boʻyicha dunyoda yetakchi boʻlib qolishni rejalashtirmoqda. Virus dunyo boʻylab tarqalgani sayin yirik kompaniyalar ishlab chiqarish hajmini oshirmoqda.

Bu kabi choralar doirasida Xitoy rasmiylari Shinjon hududidagi musulmon ozchilikni himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlashga majburlamoqdalar. Bu haqda New York Times nashri videolavha tayyorlagan boʻlib, unda yuzlab videotasvirlar, fotosuratlar va rasmiy hujjatlar dalil oʻlaroq keltirilgan.

Bu Pekin tomonidan olib borilayotgan dasturning bir qismi boʻlib, uning doirasida oxirgi bir necha yil ichida milliondan ortiq musulmonlar, jumladan etnik qozoqlar va qirgʻizlar mafkuraviy lagerlarga yuborilgan.

Niqoblar xalqaro miqyosda sotilmoqda yoki tashviqot quroli oʻlaroq hadya qilinmoqda. Tahlilchilar buni virus bilan bogʻliq aybni soqit qilish yoʻlidagi “niqoblar diplomatiyasi”, deb ataganlar. Shunday boʻlsa-da, past sifat sababli bunday yurish ham koʻngilsiz oqibatlarga olib kelgan.

Shunday holatlarning birida xitoylik kompaniya shifokorlarni himoyalashga moʻljallangan yarim million dona qalbaki COVID-19 niqoblarni sotgan. Kompaniya niqoblarning koronavirus bemorlari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun N95 standartlariga javob berishini va rasman sertifikat olganini yolgʻondan daʼvo qilgan.

Xitoy hukumatining jinoiy harakatlari faqat soxta va sifatsiz tibbiy asbob-uskunalarni yetkazib berish bilan cheklanmagan.

Xitoy qoʻllovidagi xakerlar COVID-19ni davolash hamda unga qarshi vaksina bilan bogʻliq tadqiqotlar va intellektual mulkni oʻgʻirlashga uringani maʼlum boʻldi, AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) hamda Kiberxavfsizlik va infratuzilma xavfsizligi agentligi (CISA) bu haqda may oyida ogohlantirgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Kommunistik Xitoy bu virusni atayin yaratgan boʻlishi mumkinmi? Bioqurolga juda oʻxshaydi-da. Xalqi 1,5 milliard; kichik mamlakatlarda kasallanganlar soni bilan solishtiring. Endi ular vaziyatdan foydalanib qolishyapti

Javob berish

Men bir narsani tushunmayman: nimaga virus Uxandan tashqarida tarqamadi? Shaharni oʻsha zahoti yopishmagan edi; birinchi kasallik qayd qilinganidan keyin bir oy oʻtib yopilgan edi. Virus Xitoyning yarmiga tarqab ketishi uchun yetarli vaqt bor edi. Norasmiy maʼlumotga koʻra, boshqa mamlakatlar profilaktika choralari qoʻllashiga qaramay, u yerlarda 80% odam virus bilan kasallanib boʻlgan. Xitoylar virusni atayin tarqatishgan. Ishlab chiqarish, eksportga butun dunyoda putur yetdi [Xitoydan tashqari]. Ularning iqtisodi bu darajada rivojlanmagan edi; faqat niqoblarning oʻzidan milliardlab pul ishlashdi. Vaksinalari ham allaqachon tayyor boʻlgan. Gumonlarga sabab boʻlmaslik uchun oʻz vaksinalarini Rossiyadan keyin darhol eʼlon qilishdi. Vaksinaning eksportini ham yaqin orada boshlab yuborishadi; menimcha ularning vaksinasi samaraliroq boʻladi, chunki ular virus ustida anchadan beri ishlab kelishgan.

Javob berish