Karvonsaroy
Terrorizm

Tojikistonda ekstremizmga qarshi kurash fonida “Musulmon birodarlari”ga aʼzolikda gumonlanganlar ustidan sud jarayoni davom etmoqda

Neʼmatullo Mirsaidov

Isfara tumanidagi Chorkoʻh qishlogʻi, 31-iyul kuni olingan surat. Qishloq jamoati rahbari Firdavs Rahimzoda yanvar oyida “Ixvonul muslimiyn” guruhiga aloqadorlikda ayblanib qoʻlga olingan. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Isfara tumanidagi Chorkoʻh qishlogʻi, 31-iyul kuni olingan surat. Qishloq jamoati rahbari Firdavs Rahimzoda yanvar oyida “Ixvonul muslimiyn” guruhiga aloqadorlikda ayblanib qoʻlga olingan. [Neʼmatullo Mirsaidov]

XOʻJAND – Tojikiston huquq-tartibot idoralari turli ekstremistik guruhlar aʼzolarini qoʻlga olar ekan, Dushanbe ва Xoʻjandda “Musulmon birodarlari” taqiqlangan guruhiga aʼzolikda gumonlanganlar ustidan sud jarayoni davom etmoqda.

Yanvar oyida huquq-tartibot idoralari 2006-yilda Tojikiston Oliy sudi tomonidan mamlakat boʻylab taqiqlangan guruhga aʼzolikda gumon qilingan 178 kishini hibsga olgan.

Ichki ishlar vazirligi (IIV) maʼlumotlariga koʻra, Dushanbeda 134 nafar gumondor, shu jumladan ikki Misr fuqarosi sudlanmoqda.

Oliy sud 7-iyul kuni ochilgan jinoiy ishini koʻrib chiqmoqda.

Xoʻjand davlat universiteti, 6-avgust. Yanvar oyida huquqni muhofaza qilish organlari ushbu OTMning uch nafar oʻqituvchisini “Musulmon birodarlari”ga aloqadorlikda gumonlab hibsga olgan. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Xoʻjand davlat universiteti, 6-avgust. Yanvar oyida huquqni muhofaza qilish organlari ushbu OTMning uch nafar oʻqituvchisini “Musulmon birodarlari”ga aloqadorlikda gumonlab hibsga olgan. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Chorkoʻh qishlogʻi, 2006-yil. Bu yerning ayollari 2000-yillar boshida ham paranjida yurar edilar. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Chorkoʻh qishlogʻi, 2006-yil. Bu yerning ayollari 2000-yillar boshida ham paranjida yurar edilar. [Neʼmatullo Mirsaidov]

Shuningdek, Soʻgʻd viloyati prokuraturasiga koʻra, Xoʻjandda 44 nafar gumondor (23 tasi viloyat va 21 nafari shahar sudida) sudning qora kursisiga oʻtirgan.

2020-yilning birinchi yarmida ekstremistik tashkilotlarga aʼzolikda gumon qilingan jami 274 kishi hibsga olingan. Bu haqda 3-avgust kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda maʼlum qildi.

Maʼlumotlarga koʻra, hibsga olinganlar orasida “Musulmon birodarlari”ning 203, “Islom davlati”ning 27, “salafiylik” oqimining 17, “Ansarulloh” jamoatining 8, Tojikiston Islom uygʻonish partiyasining (TIUP) 4 va “Tolibon” harakatining bir nafar aʼzosi bor.

Qoʻlga olinganlar OTM va universitetlar oʻqituvchilari, imomlar va xorijdagi Islom universitetlarining bitiruvchilaridan iborat.

“Hibsga olinganlarning koʻpligini mavjud jinoiy tuzilmalarning oʻzaro aloqada ekanligi va ular mamlakatning ham janubiy, ham shimoliy hududlaridan ekani bilan izohlash mumkin”, deb xabar bergan IIVning Soʻgʻd viloyati uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻyicha hududiy boshqarmasidagi anonim manba.

“Xavfsizlik idoralari bilan birga faol va nofaol guruhlarni, aybdor va aybsizlarni aniqlashimiz kerak edi... Aloqadorligi tasodifiy boʻlgani uchun, hibsga olinganlardan ayrimlari qoʻyib yuborildi”, deb qoʻshimcha qildi manba.

Panislamizm urugʻlari

90-yillar oxirida Tojikistonda besh yillik fuqarolar urushi tugashi ortidan keng diniy erkinliklar berildi va bu musulmon dunyosi bilan yanada kengroq hamkorlik uchun yoʻl ochdi.

Ushbu hamkorlik, ayniqsa taʼlim sohasida sezilarli boʻldi, zero mamlakatda arab tilini oʻqitishni takomillashtirishga yordam beruvchi tashkilotlar paydo boʻla boshladi.

Arab mamlakatlaridan kelgan ilk oʻqituvchilar Xoʻjandda 1999-2005-yillar oraligʻida paydo boʻlgan. Ular cheksiz vakolatlarga ega boʻlib, jumladan talabalarni qabul qilishda bevosita ishtirok eta olar edilar.

Kuzatuvchilarning fikricha, aynan shu davrda koʻplab tojik yoshlarining ongiga fundamentalistik gʻoyalar kirib kelgan.

“Oʻsha paytlarda deyarli hech kim sudanlik Muhammad Amin Xalifulloh, misrlik Muhammad Siddiq yoki suriyalik Abduloh Hamdamning tojik talabalari orasida panislamizm gʻoyalarini yoyishi mumkinligi oʻylamagan”, deydi Xoʻjand davlat universitetining sharqshunoslik fakulteti dekani Islom Karimov.

Karimov arab tilini oʻrgatish maqsadida Xoʻjand davlat universitetining sharqshunoslik kafedrasiga taklif qilingan oʻqituvchilarni nazarda tutgan. Bu odamlar hozir qamoqda.

90-yillar oxirida arab dunyosidan Tojikistonga pedagogik “askarlarning” yuborilishi tabiiy hol edi, deydi Tojikiston prezidenti huzuridagi Islomshunoslik markazining sobiq direktori va hozirda parlament aʼzosi boʻlgan Fayzullo Barotov.

“Mamlakatimiz dunyo hamjamiyati uchun barcha eshiklarini ochdi... Tojikistonning ochiq eshiklar siyosati “Musulmon birodarlari”ning gʻoyaviy rahnamolari uchun oʻz rejalarini nafaqat respublikada, balki imkon qadar butun Markaziy Osiyoda amalga oshirish uchun yaxshi imkoniyat edi”, deydi Barotov.

“Ularga oʻz mafkuraviy rejalarini amalga oshirish uchun taʼlimdan ham qulayroq soha yoʻq edi” dedi u.

“Oʻsha yillari qadalgan urugʻlar keyinroq, ehtimol oʻn yillar oʻtib unishi mumkin edi”, deydi Xoʻjand davlat universiteti jurnalistika kafedrasi mudiri Karim Komilov.

Soʻgʻd viloyati prokuraturasi maʼlumotlariga koʻra, yanvar oyida Tojikiston shimolida hibsga olinganlar orasida Xoʻjand davlat universitetining 2004-2005-yillardagi uch nafar bitiruvchisi (keyinchalik shu OTM oʻqituvchilari) ham boʻlgan.

“Gumondorlar orasida ... (arab oʻqituvchilarida taʼlim olgan) ilk bitiruvchilarning borligi ularning gʻoyalari odamlar ongiga singgan boʻlishini mumkinligini tasdiqlaydi”, deb qoʻshimcha qildi Komilov.

Qatʼiy choralar

2005-2006-yillarda mamlakatning islomiylashuvidan xavfsiragan tojik rasmiylari ichki siyosatga bir qator oʻzgartirishlar kiritdilar.

Bu choralar madrasalarni yopish, masjidlar sonini kamaytirish va diniy tashkilotlarni tugatishni oʻz ichiga oldi.

“Radikal va ekstremistik kuchlarga nisbatan qattiqqoʻl siyosat koʻplab ekstremistik tashkilotlar izdoshlaridan qatʼiy maxfiylik sharoitida ishlashni taqozo qiladi, ammo Tojikiston huquq-tartibot idoralarining hamjihatlikdagi choralari tufayli bu kabi “uxlab yotgan” guruhlarni aniqlash imkoniyati paydo boʻldi, deydi Soʻgʻd viloyati prokurorining oʻta muhim ishlar boʻyicha yordamchisi Tavakkal Fayzullo Ahmadiyon.

“Bular bilimli, ancha mulohazali odamlar boʻlib, sabr-toqat va ishonch bilan islomiy xalifalik barpo etish gʻoyalarini targʻib qiladilar. Oʻqimishli boʻlmagan odamlar yoki hali ongi shakllanib ulgurmagan yoshlar osonlikcha ularning toʻriga ilinishi mumkin”, deb qoʻshimcha qildi Axmadiyon.

“Shimoliy Tojikistonda yoshlarni ekstremistik faoliyat uchun yollash holatlarining koʻpaytgani xavotir uygʻotmoqda”, dedi Soʻgʻd viloyati prokurori Habibullo Vohidov 17-iyul kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida.

Vohidov bu holatni oila va taʼlim muassasalaridagi nazoratning sustligi bilan izohlagan.

“2019-yilning birinchi yarmida voyaga yetmaganlarni yollash bilan bogʻliq uchta jinoiy ish ochilgan, 2020-yilning birinchi yarmida esa 10 ta ish shahar va tuman sudlariga oshirilgan, bu muammoning jiddiy ekanligini tasdiqlaydi”, dedi Vohidov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500