VARZOB, Tojikiston – Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Tojikistonning jangari-ekstremist mahkumlar bilan muomalasini yaxshilash, mahbuslar radikallashuvining oldini olish va ozodlikdan mahrum qilishning muqobil usullarini ishlab chiqishdagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlamoqda.
16-avgust kuni Varzobda jazoni ijro etish muassasalaridagi islohotlarga bagʻishlangan olti kunlik anjuman oʻz nihoyasiga yetdi. Tadbir mamlakat Adliya vazirligining Jazoni ijro etish muassasalari bosh boshqarmasi tomonidan YXHT va “Prison Reform International” nodavlat tashkiloti koʻmagida tashkil etildi.
Anjuman davomida 19 kishilik ishchi guruh mamlakat jazoni ijro etish tizimini isloh qilish boʻyicha 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasini ishlab chiqishga oid muhim masalalarni muhokama qildi, deyiladi YXHT saytidagi bayonotda.
Ishchi guruh qamoqxonalarni qoʻriqlash va xavfsizlik choralarini yaxshilash hamda mahbuslarni reabilitatsiya qilish boʻyicha keng qamrovli dastur ishlab chiqish masalasiga ham eʼtibor qaratdi.
YXHT Birlashgan Millatlar Tashkilotining mahbuslar bilan muomalaga oid minimal standart qoidalarga (“Nelson Mandela qoidalari”) inson huquqlarining xalqaro meʼyorlari va standartlariga muvofiq rioya qilinishini qoʻllab-quvvatlaydi.
“Tojikiston hukumati tomonidan qabul qilingan ushbu islohotlar strategiyasi katta ahamiyatga ega va uni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Biz oʻz hamkorlarimizga, jumladan YXHTning Dushanbedagi dasturiy idorasiga, ekspertlar ishchi guruhining harakatlar rejasini ishlab chiqishga oid majlisini qoʻllab-quvvatlagani uchun oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz”, deydi Tojikiston Jazoni ijro etish muassasalari bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Rustam Boboalizoda.
2016-yilda Dushanbedagi YXHT dasturiy idorasi ekspertlar ishchi guruhiga jazoni ijro etish tizimini isloh qilishga oid strategiya ishlab chiqishga koʻmaklashib, bir qancha jamoatchilik muhokamalarini tashkillashtirdi.
2020-yilda hukumat ishchi guruh tuzgan jazoni ijro etish tizimini isloh qilish strategiyasini tasdiqladi va uning tavsiyalarini koʻrib chiqdi.
Xalqaro va mahalliy ekspertlar, davlat idoralari va fuqarolik jamiyati vakillari YXHT koʻmagida islohotlarni amalga oshirish boʻyicha ishlarni davom ettiradilar, deyiladi xabarda.
Tojikiston qamoqxonalaridagi ID gʻalayonlari
Tojikistonda ekstremistlar saqlanadigan qamoqxonalarda talaygina muammolar yuz bergan.
2019-yilning may oyida qamoqdagi “Islom davlati” (ID) jangarilari tomonidan uyushtirilgan qoʻzgʻolon oqibatida 32 kishi, jumladan IDning 24 aʼzosi hayotdan koʻz yumgan edi.
Dushanbedan 17 km sharqda joylashgan Vaxdat qamoqxonasida yuz bergan gʻalayonda uch qoʻriqchi va besh mahbusni oʻldirilgan, isyonchilar boshqa mahbuslarni garovga olib, qamoqxonaning tibbiy muassasalariga oʻt qoʻyganlar.
Rasmiylarga koʻra, gʻalayonni bostirishga uringan xavfsizlik kuchlari tomonidan IDning 24 aʼzosi oʻldirilgan.
2018-yil noyabr oyida Xoʻjandda yuz bergan yana bir qamoqxona gʻalayoni oqibatida 26 kishi halok boʻlgan. Uni mahbuslarning qamoqxonadan qochishini tashkillashtirishga uringan sobiq ID aʼzosi tashkillashtirgan.
2019-yil oxirida Tojikiston hukumati terrorizmda ayblangan mahbuslar uchun yangi qamoqxona qurish rejalashtirilayotganini eʼlon qildi.
Adliya vazirligiga koʻra, qurib bitkaziladigan qamoqxona bunday mahbuslarni nazorat qilishni kuchaytirish hamda gʻalayonlar yoki qochishlarning oldini olishga imkon beradi.
Barpo etilajak muassasa “xavotirga sabab boʻlayotgan barcha muammolarni hal qilish, mahbuslar xavfsizligini taʼminlash va qamoqxonadagi ommaviy tartibsizliklar, qotilliklar va ekstremistik gʻoyalar tarqalishining oldini olishi lozim”, dedi Adliya vazirligining jazoni ijro etish tizimi boshligʻi Mansurjon Umarov 20-noyabr kuni Dushanbeda oʻtgan forumda.
Tegishli idoralar barcha xalqaro standartlarni inobatga olgan holda malakali arxitektorlar bilan ishlamoqda, dedi u.