Karvonsaroy
Siyosat

COVID-19 inqirozi Pekinning Markaziy Osiyodagi manfaatlari doirasini kengaytirdi

Kanat Altinbayev

XXR raisi Si Szinpin (oʻngda) oʻtgan yilning 11-sentabr kuni Pekinda oʻtgan hujjatlarni imzolash marosimida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev bilan qoʻl siqishmoqda. (Andrea Verdelli/AFP)

XXR raisi Si Szinpin (oʻngda) oʻtgan yilning 11-sentabr kuni Pekinda oʻtgan hujjatlarni imzolash marosimida Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev bilan qoʻl siqishmoqda. (Andrea Verdelli/AFP)

OLMAOTA – Pekin Markaziy Osiyoning koronavirus oqibatlariga qarshi kurashidan oʻzining geosiyosiy va iqtisodiy maqsadlariga erishish yoʻlida foydalanmoqda, deydi kuzatuvchilar.

Markaziy Osiyo mamlakatlari siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va sogʻliqni saqlash sohalarida mislsiz boʻhronlarga sabab boʻlgan koronavirus va pnevmoniya epidemiyasi, shuningdek, uglevodorod narxlarining arzonlashuvi va mehnat muhojirlari tomonidan yuboriladigan pul joʻnatmalarining kamayishi tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy inqirozga qarshi kurashishda davom etmoqda.

Jahon banki maʼlumotlariga koʻra, yil oxiriga qadar Markaziy Osiyo mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti 5,4 foizga kamayishi mumkin.

Xitoy iqtisodiyoti esa bu orada pandemiyadan ancha oʻnglangan koʻrinadi va buning bir qator belgilari paydo boʻlgan – yaqinda COVID-19 vatani boʻlmish Uxandagi tomoshada minglab xitoyliklarning niqobsiz va ijtimoiy masofani saqlamay ishtirok etganiga oid fotosuratlardan Pekinning allaqachon inqirozdan chiqayotganini taxmin qilish mumkin.

Markaziy Osiyo yaqinidagi bahsli hududdan Xitoy harbiy yuk mashinalari karvoni qurol va texnika olib oʻtmoqda. Pekin bu mintaqada iqtisodiy va harbiy jihatdan tobora mustahkamlanib bormoqda. [Xitoy mudofaa vazirligi]

Markaziy Osiyo yaqinidagi bahsli hududdan Xitoy harbiy yuk mashinalari karvoni qurol va texnika olib oʻtmoqda. Pekin bu mintaqada iqtisodiy va harbiy jihatdan tobora mustahkamlanib bormoqda. [Xitoy mudofaa vazirligi]

Tojikistonning Pomir togʻlaridagi Sarez koʻli dengiz sathidan qariyb 3300 metr balandlikda joylashgan. Togʻ tizmasi Xitoyga tegishli, deb yozgan edi iyul oyida xitoylik jurnalistlardan biri. [Qadam Maskayev/AFP]

Tojikistonning Pomir togʻlaridagi Sarez koʻli dengiz sathidan qariyb 3300 metr balandlikda joylashgan. Togʻ tizmasi Xitoyga tegishli, deb yozgan edi iyul oyida xitoylik jurnalistlardan biri. [Qadam Maskayev/AFP]

Bunday nomutanosiblik qudratga toʻla Xitoyning pandemiya taʼsirida zaiflashgan Markaziy Osiyo mamlakatlarini ekspluatatsiya qilishiga imkon bermoqda va kuzatuvchilarga koʻra, Pekin aynan shunday yoʻl tutmoqda.

“Xitoy iqtisodiyotining tezlik bilan tiklanishi unga koʻplab xomashyo mahsulotlari, jumladan Markaziy Osiyo iqtisodiyotlarining tayanchi boʻlgan Qozogʻistondan neft xaridini qayta tiklashga imkon berdi”, deb yozadi xalqaro masalalardagi etika boʻyicha Karnegi kengashi aʼzosi Filipp Karuzo 3-avgust kuni “Foreign Policy” nashrida. “U Qirgʻiziston va Oʻzbekistonga, jumladan Xitoy rahbarligidagi Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki orqali milliardlab dollar kreditlar ajratish yuzasidan muzokaralar olib borgan.”

“Pekin global masalalarda avvalgidek yetakchi boʻlishga intilmoqda va virus tufayli yuzaga kelgan tartibsizlikni oʻz maqsadiga erishish vositasi sifatida koʻrmoqda”, deydi Osiyo tadqiqotlari milliy byurosining katta ilmiy xodimi va Fransiya mudofaa vazirligida Xitoyning strategik masalalari boʻyicha maslahatchi boʻlib ishlagan Nadej Rolland Ozodlik radiosi bilan suhbatda.

“Iqtisodiy oʻyinlar”

Pekin qoʻllab-quvvatlashga vaʼda bergan boʻlsa-da, oʻzining joriy va kelajakdagi loyihalariga keragidan ortiq baho berib yubormoqda, chunki Xitoyning Markaziy Osiyodagi infratuzilmaviy va boshqa iqtisodiy loyihalari soʻnggi bir necha oy ichida yetarli darajada ishonch qozonmadi, deydi bishkeklik iqtisodchi Elmira Suranchiyeva.

Iyun oyida Xitoy hukumati “Bir kamar - bir yoʻl” tashabbusi doirasida mintaqada amalga oshirilayotgan loyihalar holatini oʻrganib chiqar ekan, pandemiya tufayli ularning yarmiga jiddiy ziyon yetgani maʼlum boʻldi, dedi u.

“Xitoyning oʻzi tarafidan moliyalashtirilayotgan bu loyihalar Markaziy Osiyo davlatlarini Pekinning qarz sirtmogʻiga yanada qattiqroq bogʻladi”, dedi Suranchiyeva. “Pandemiya tufayli loyihalar toʻxtab qoldi, ammo Xitoy oldidagi qarz bekor boʻlgani yoʻq.”

Shunday boʻlsa-da, Xitoy rejimi oʻz eksportini oshirishga muhtoj boʻlgan qoʻshnilariga iqtisodiy yordam koʻrsatishga shoshilmayapti.

Aksincha, Xitoy bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishga intilayotgan Markaziy Osiyolik ishlab chiqaruvchilar koʻp hollarda Pekinning proteksionistik siyosatiga duch kelmoqdalar.

Xitoy bojxonalaridagi koʻplab boj toʻlovlari va tekshiruvlar tufayli narxlarning koʻtarilishi ortidan qozoq unining Xitoy bozoridagi raqobatbardoshligi pasaymoqda, deydi Qaragʻandadagi yirik tegirmonchilik korxonasi – “Mutlu” rahbari Dos-Mukasan Taukebayev.

“Natijada, ularning mahalliy uni biznikidan koʻra ancha arzon”, dedi Taukebayev. “Mahalliy bozorni egallash juda qiyinlashtirib qoʻyilgan.”

Pekin Markaziy Osiyoga qimmatli hamkordan koʻra koʻproq xomashyo manbai sifatida qaraydi, dedi olmaotalik siyosiy tahlilchi Aydos Sarim.

Mintaqadagi mamlakatlar Xitoydan ehtiyot boʻlishlari va “iqtisodiy oʻyinlarga” berilmasliklari kerak, dedi u.

Fursatdan foydalanib qolish

Yomonlashayotgan vaziyat fonida Xitoy va Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari 16-iyul kuni iqtisodiy rejalar va pandemiyaga qarshi kurashdagi hamkorlik masalalarini muhokama qilish uchun video anjuman oʻtkazdilar.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I anjumandagi bayonotida “Markaziy Osiyoning bugungi xalqaro maydondagi muhim strategik oʻrni” va “100 yil ichidagi misli koʻrilmagan katta oʻzgarishlar” haqida standart qolipdagi gaplarni aytib oʻtgan.

U savdo va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik ahamiyatini taʼkidlar ekan, “chegara muammolarining hal etilishidagi muvaffaqiyatlar hamda umumiy sarhadlarning doʻstlik va hamkorlik ramziga aylanganini” yuqori baholagan.

Shunday boʻlsa-da, onlayn anjumandan koʻp oʻtmay, Xitoy ommaviy axborot vositalari “Tojikiston Xitoyga yerini topshirish tashabbusi bilan chiqdi va Pomirning qoʻldan chiqarilgan togʻlari oʻzining qonuniy egasiga qaytarildi” degan igʻvoli sarlavha ostida maqola chop etgan.

2011-yilda Tojikistonning 1158 kv. km hududi Xitoy ixtiyoriga oʻtkazilishini yorituvchi maqola koʻplab tojikistonliklarni gʻazablantirgan edi.

Tojikistondagi Pomir togʻlari Xitoyga tegishli, deb taʼkidlaydi maqola muallifi, xitoylik jurnalist va tarixchi Suy Yao Lu faqat Xitoy manbalariga asoslanib.

Maqola Tojikiston hukumatini gʻazablantirdi va “Dushanbe Pekinni ikki davlat chegarasiga oid provokatsion maqolalarning chop etilishiga yoʻl qoʻymaslikka chaqirdi”, deb xabar bergan Asia-Plus 24-iyul kuni.

“Xitoy qarzlari oʻrniga Yuqori Qumarg oltin konimizni tortib olishga ulgurdi. Ular bizga yordam bermoqchi ekanliklarini aytishadi, ammo “yordamlaridan” keyin albatta hisob ham keladi”, deydi “Avitsena” qurilish kompaniyasi ishchisi, dushanbelik Abdurahmon Hasanov.

OAV maʼlumotlariga koʻra, 2018-yilda Xitoy Dushanbeda elektr stansiyasi barpo etish evaziga bu konni boshqarish huquqini olgan.

“Pekin shunchaki Markaziy Osiyodan foydalanmoqda”, deb qoʻshimcha qildi u.

Kuchayib borayotgan tashvishlar

Markaziy Osiyo hukumatlari iqtisodiy nuqtai nazardan Pekin bilan hamkorlik qilayotgan bir paytda mintaqada Xitoy ekspansiyasi yuzasidan xavotirlar kuchaymoqda.

Bunday munosabat Xitoyga qarshi namoyishlarga, Pekin tomonidan ishga tushirilgan korxonalarning xitoylik ishchilari va mahalliy aholi oʻrtasidagi nizolarga sabab boʻlmoqda.

2019-yilning yoz oylarida Qirgʻizistonning Norin viloyatida joylashgan Solton-Sari oltin konida Xitoyning “Zhong Ji Mining” kompaniyasi va mahalliy aholi oʻrtasida yuzaga kelgan toʻqnashuvda oʻnlab kishi jarohatlangan.

Mahalliy aholi Xitoy kompaniyasini ekologik meʼyorlarni buzish va atrof-muhitning ifloslanishi sababli qoramollarning nobud boʻlishida ayblagan.

Bu voqeadan bir oy oʻtib, Qozogʻistonning bir nechta shahrida “Xitoy ekspansiyaga qarshimiz!” degan shiorlar ostida Xitoyga qarshi namoyishlar boʻlib oʻtdi.

Faollar prezident Qosim-Joʻmart Toʻqayevdan Pekinga tashrifini bekor qilishini va Xitoy sanoat hamda qishloq-xoʻjalik loyihalarini toʻxtatishni talab qildilar.

Shuningdek, iyul oyida Xitoy Markaziy Osiyoda kuchayib borayotgan pandemiya va uning halokatli oqibatlaridan foydalangan holda mintaqada koronavirusga oid dezinformatsiya tarqatayotgani maʼlum boʻldi.

Xitoyning COVID-19 inqirozidan foydalanishiga oid yana bir xavotir Pekinning mintaqadagi harbiy ekspansiyasi bilan bogʻliq.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Buyuk Xitoyga shon-sharaflar! Alloh barcha yaxshiliklar va uzoq umr bersin

Javob berish

“Sovgʻa koʻtargan danayliklardan ehtiyot boʻling”. Xitoy shu darajada surbetlashib ketdiki, ekspansiya maqsadlarini ochiqdan-ochiq aytmoqda! Sotqin Markaziy Osiyo davlatlari esa yaltoqlanib tirjayib turibdi!

Javob berish

Yaxshiku, toʻgʻrimi. Markaziy Osiyoliklar Yevropa bilan emas, balki Xitoy bilan rivojlanish yoʻlini tanlamoqda.

Javob berish

Dushman bostirib kelyapti, biz boʻlsa boʻgʻma ilon oʻrab olgan quyondek uxlab yotibmiz. Kimligimizni eslash vaqti keldi.

Javob berish