BERLIN – Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning qayta saylanganiga qarshi tobora kuchayib borayotgan namoyishlardan xavotirga tushgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Kremlning asosiy tanqidchisi Aleksey Navalniyni zaharlashga buyruq bergan koʻrinadi, deydi tahlilchilar.
Dushanba (24-avgust) kuni Berlindagi taniqli Sharite kasalxonasining maʼlum qilishicha, Navalniyda oʻtkazilgan klinik sinovlar uning “xolinesteraza ingibitorlari guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini” koʻrsatgan.
Xolinesteraza – markaziy asab tizimining normal ishlashi uchun zarur boʻlgan fermentdir. Uning ingibitorlari nafaqat dorilar va insektitsidlarni, balki zarin kabi asabni falajlovchi vositalarni tayyorlashda ham ishlatiladi.
Muxolifat yetakchisi 22-avgust kuni Tomskdan Moskvaga parvoz chogʻida ahvoli ogʻirlashganidan soʻng Germaniyaga olib kelingan edi. Navalniyning tarafdorlari uning aeroportda ichgan choydan zaharlanganini aytib, bu ish ortida Putin turganiga ishora qilmoqdalar.
Yevropa Ittifoqining (EI) tashqi siyosat masalalari boʻyicha rahbari Xosep Borrell dushanba (24-avgust) kuni Rossiya hukumatini zaharlanish holati yuzasidan “mustaqil va oshkora tergov” oʻtkazishga chaqirdi.
“Yevropa Ittifoqi janob Navalniyning hayotiga qilingan suiqasd holatini keskin qoralaydi”, dedi Borrell.
“Rossiya xalqi va xalqaro hamjamiyat janob Navalniyning zaharlanishi ortidagi faktlarni talab qilmoqda. Aybdorlar javobgarlikka tortilishi lozim”.
Germaniya kansleri Angela Merkel ham bu fikrga qoʻshilib, aybdorlarni aniqlash va javobgarlikka tortishni talab qildi.
“Aks-sado”
Rossiyada millionlab tarafdorlariga ega Navalniy Lukashenkoga qarshi chiqayotgan Belarus xalqini ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlagan.
Belarus va dunyoning koʻplab mamlakatlaridagi millionlab fuqarolar Lukashenkoning yaqinda eʼlon qilingan saylovlardagi gʻalabasi “soxtalashtirilgan” deya uni rad etdilar.
Markaziy Osiyoliklar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Belarusdagi norozilik harakatlari Kreml uchun Putinning reytingi keskin tushib ketgan noqulay bir vaqtga toʻgʻri keldi, zero u bir vaqtlar unga sodiq boʻlgan siyosiy tayanchning qatʼiy va kuchayib borayotgan noroziligiga duch kelmoqda.
Ommaviy namoyishlar va hibslar Moskva hamda mamlakatning boshqa hududlarida odatiy holatga aylanib qolgan, zero bugungi kunda Rossiyaning sharqiy qismida misli koʻrilmagan noroziliklar kuzatilmoqda.
Rossiya va amerikalik jurnalist, jamoatchilik faoli Masha Gessenning aytishicha, Navalniyning aynan shu paytda zaharlanganini “doimiy ravishda oʻzining sobiq mustamlakalarini koʻzgudek koʻradigan Kremlning Belarusdagi norozilik namoyishlaridan dahshatga tushgani” bilan izohlash mumkin.
“Beloruslar hatto saylov institutlari, OAV va fuqarolik jamiyati toʻlaligicha avtokratga tobe boʻlgan mamlakatda ham odamlar hokimiyat uchun daʼvogarlik qilishga va “bas, yetar” deya olishga qodir ekanligini koʻrsatdi”, deb yozadi Gessen The New Yorker nashridagi maqolasida.
Rossiyada 20 yildan beri hokimiyat tepasida boʻlgan Putin ham aynan shu narsadan qoʻrqadi, deydi u.
Navalniyga qilingan hujum Putin rejimining qoʻshni Belarusda kuchayib borayotgan muxolifat oldida qanchalik zaif va qoʻrquvda ekanligini koʻrsatmoqda.
“Aniqki, Rossiyada aks-sado berishi mumkin boʻlgan Belorusdagi xalq inqilobi Vladimir Putin koʻrishni istaydigan narsa emas”, deydi Vashingtondagi Yevropa siyosati tahlil markazining (CEPA) shtatsiz xodimi Katya Glod AFP nashriga.
Putin Lukashenko bilan uch hafta oldin norozilik namoyishlari boshlanganidan beri yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda va Rossiya rahbari xavfsizlikni taʼminlash uchun har tomonlama yordamni, hatto askarlar kiritish ehtimolini ham taklif qilgan.
Zaharlangan va yoʻq qilingan Kreml tanqidchilari
Tarixda Kremlning Rossiya ichida va undan tashqaridagi muxolifat vakillarini zaharlashi hamda ichki va tashqi manfaatlar yoʻlida gibrid urush taktikasidan foydalanishiga oid misollar talaygina.
2018-yilning mart oyida Britaniyaning Solsberi shahrida asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanish tufayli sobiq rossiyalik ikki taraflama josus Sergey Skripal va uning qizi hushsiz holatda topilgan edi.
Kremlga qarshi boʻlgan faollardan biri Petr Verzilov 2018-yil sentyabr oyida tibbiy preparatdan zaharlanish ortidan kasalxonaga yotqizilgan.
2006-yil noyabr oyida Kremlga qarshi soʻzlagan sobiq rossiyalik josus Aleksandr Litvinenko Londondagi mehmonxonalarning birida yuqori radioaktiv Poloniy-210 moddasi qoʻshilgan choy ichishi ortidan vafot etgan.
Shuningdek, 2004-yil sentyabr oyida prezidentlik uchun Rossiya qoʻllovidagi nomzodga qarshi kampaniya olib borgan ukrainalik siyosatchi Viktor Yushchenko katta miqdordagi dioksin moddasidan zaharlanish tufayli halok boʻlayozgan edi.
Kremlning boshqa firibgarliklari qatorida 2018-yilning may oyida Kreml muxoliflaridan boʻlgan rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenkoning hayotiga suiqasd fitnasi va 2018-yil aprelda “Vagner” guruhining Suriyadagi faoliyatini batafsil yoritgan rossiyalik jurnalist Maksim Borodinning sirli oʻlimi bilan bogʻliq voqealarni misol oʻlaroq keltirish mumkin.
Borodin Yekaterinburgdagi beshinchi qavatda joylashgan kvartirasi balkonidan “yiqilib tushgan” edi.
Bu voqealarning aksariyati Rossiyaning shubhali harbiy razvedka idorasi va mazkur idora qoʻmondonligi ostida Kremlning Yevropada va undan tashqaridagi gibrid urushlarini olib boruvchi maxsus guruh bilan aloqador.
Bu guruh 29155-boʻlinma nomi bilan mashhur.
U boshqa harakatlar qatori Moldovada tartibsizliklar keltirib chiqarish kampaniyasi, Bolgariyada qurolfurushning zaharlanishi, Chernogoriyadagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan davlat toʻntarishi va Skripallarga qilingan suiqasd urinishiga aloqador deb ishoniladi.
Aniq harakat qilinmayapti.
Javob berishFikrlar 5
Kreml fohishalari allaqachon ashaddiy terrorchilarga aylanib boʻlishgan. Tinmay oʻgʻirlik qilyapti, toʻymayapti. Butun Rossiyani talon-taroj qilishdi. Navalniy esa ularni fosh etib, bunga toʻsqinlik qilardi. Shuning uchun uni zaharlashdi. Navalniy, yasha!
Javob berishFikrlar 5
Har narsa yozish va gapirish mumkin. Oʻzim koʻrmaguncha ishonmayman. Yangi prezidentning “tayinlanishi” “qanday natija koʻrsatadi” hali nomaʼlum. Yangi prezidentimiz bir narsaga soʻz bergan edi, ammo hozir mamlakatni boʻlib-boʻlib sotyapti, amerikaliklar laboratoriya qurishlariga ruxsat berdi. Sababi boʻlsa aniq. 20 yilda farzandlarimiz va nabiralarimiz ikkinchi darajali odam boʻlib qolishadi, balki undan oldin boʻlar. Vatan urushida “jigarrang vaboga” (fashizm) qarshi mustaqilligimiz uchun kurashgan boʻlsak, hozir esa jangsiz davlatimizni sotyapmiz. Hozir SSSR ortidan yigʻlayotganimizdek, Lukashenko va Putin uchun ham koʻz yosh toʻkamiz.
Javob berishNega unda Rossiyaga bormaysan?
Javob berishFikrlar 5
Rossiya davlati qolmagan. Oʻrnida katta terrorchilik guruhi. Terrorchilar esa yoʻq qilinishi kerak.
Javob berishFikrlar 5