Terrorizm

Xalqaro mutaxassislar ekstremizmga qarshi kurashda Qozogʻiston sud tizimi salohiyatini kuchaytiradi

Aydar Ashimov

image

Terrorchi-gumondorni olib ketayotgan huquq-tartibot xodimlari, Qozogʻiston milliy xavfsizlik qoʻmitasining (KNB) “Adolat” videolavhasidan olingan kadr.

NUR-SULTON – Xalqaro va qozogʻistonlik huquqshunos-mutaxassislar Qozogʻiston sudlarining ekstremizm va terrorchilikka doir ishlarini koʻrib chiqish salohiyatini kuchaytirish masalasini onlayn tarzda muhokama qildilar.

Amerika huquqshunoslar uyushmasining Qonun ustuvorligi tashabbusi (ABA ROLI) va Qozogʻiston oliy sudi vakillari AQSH xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) koʻmagida 20-avgust kuni onlayn davra suhbatini oʻtkazdilar.

Muhokamada 90 nafar mutaxassis, jumladan sudьyalar, advokatlar, huquqni muhofaza qilish idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

Janubiy Osiyoda terrorizm bilan bogʻliq jinoiy javobgarlik tizimini isloh qilish ustida BMT bilan birga ishlagan AQSHning Minnesota okrugi bosh sudyasi Djon Tanxeym va estoniyalik sudya Pavel Goncharov tadbirning asosiy maʼruzachilari boʻlishdi.

image

20-avgust kuni Amerika huquqshunoslar uyushmasining Qonun ustuvorligi tashabbusi va Qozogʻiston oliy sudi vakillari AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining moliyaviy koʻmagida onlayn davra suhbatini oʻtkazdilar. (Qozogʻiston oliy sudi)

Terrorizm va qonun ustuvorligi

Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sud hayʼati raisi Abdurashid Jukenov terrorchilik va ekstremizmga qarshi samarali kurash boʻyicha Qozogʻistonda qabul qilinayotgan choralar xususida soʻz yuritdi.

“Yangi muammolar ham qonunchilikda, ham sud amaliyotida munosib javob choralari koʻrishni taqozo etadi. Soʻnggi yillarda terrorchilik, ekstremizm va radikal gʻoyalarni tarqatganlik uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi”, dedi u.

Hukumat terrorchilikda ayblanganlarni fuqarolikdan mahrum qilishga haqli dedi u 2017 yilgi qonunni nazarda tutib.

Qozogʻiston, Qoʻshma Shtatlar va estoniyalik sudyalar oʻz mamlakatlarining terrorchilik va ekstremizm yoʻnalishidagi sud amaliyotini soʻzlab berdilar.

“Soʻnggi yillarda terror balosi Qozogʻistonni ham chetlab oʻtmadi – Atirau, Aqtoʻbe va Olmaotada terrorchilik hujumlari yuz berdi. Terrorchilikka doir jinoiy ishlarini muntazam oʻrganilib, umumlashtirib borilmoqda. Natijada sudlar bunday ishlarni koʻrib chiqishda muammolarga duch kelmaydilar”, deydi Qozogʻiston Oliy sudi sudьyasi Yerden Aripov.

Joriy yilning dastlabki yetti oyida Qozogʻiston sudlari terrorchilikka oid 33 ta ishni koʻrib chiqqanlar. Ularning koʻpchiligi tashviqot bilan bogʻliq , dedi u.

“Terrorchilikka oid jinoyatning ogʻirligiga qarab umrbod qamoq yoki oʻlim jazosi berilishi mumkin. Kichik jinoyatlar uchun jarima yoki sinov muddati jazolari belgilanishi mumkin”, dedi Tanxeym.

Qoʻshma Shtatlardagi terrorchilik jinoyatlarining aksariyati terrorchi guruhlarga moddiy yordam koʻrsatish bilan bogʻliq, deb qoʻshimcha qildi u.

“Maxfiy axborot yoki voyaga yetmaganlar bilan aloqador boʻlmagan barcha sud jarayonlari ochiq tarzda oʻtadi”, dedi Tanxeym.

Ishtirokchilar jinoiy ishlarda, jumladan terrorchilikka oid ishlarda oqlov hukmini chiqarish masalasini ham muhokama qilishdi.

“Jamoatchilik baʼzan sudlarni oqlov hukmlarining kamligi uchun ayblaydi. Ammo, oqlov hukmi chiqarilgan ishlarda ayblovlar dastlabki tergov jarayonidayoq bekor qilingani sababli ular sudgacha yetib bormaydi”, dedi Qozogʻiston oliy sudining yana bir sudyasi Gulnara Mergenova.

Goncharov Estoniya va Qozogʻiston qonunlarini taqqoslab, ularda koʻp oʻxshashliklar borligini qayd etar ekan, Rossiyada oqlov hukmlarining ulushi juda kichik – 0,3% darajasida ekanligini taʼkidlagan.

Baholar va xulosalar

Ishtirokchilar oʻz chiqishlari oʻtgan yili Qozogʻistonga rasmiy tashrifi chogʻida BMTning terrorizmga qarshi kurash sharoitida inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish boʻyicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn tomonidan berilgan tavsiyalarning ahamiyatini alohida taʼkidlab oʻtdilar.

“Oliy sud USAID va Amerika huquqshunoslar uyushmasi bilan anchadan beri samarali hamkorlik qilib keladi. Xalqaro tajriba taqdimoti qozogʻistonlik sudьyalar uchun juda foydali”, dedi Jukenov tadbir yakunida.

Davra suhbatining mavzusi “Qozogʻiston va AQSH oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi”, dedi Qozogʻistondagi ABA ROLI vakolatxonasi rahbari Sholpan Tashmuxambetova.

Davra suhbati ekspertlar fikrlari va jangovar ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha eng ilgʻor tajribani baham koʻrish uchun platforma boʻlib xizmat qildi, deyiladi Nur-Sultondagi AQSH elchixonasi bayonotida.

“Tadbir davomida bildirilgan barcha taklif va fikr-mulohazalar sinchkovlik bilan oʻrganilib, ular asosida aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi”, deb xabar beradi Oliy sud matbuot xizmati.

ABA ROLI dunyoning 60 mamlakatidagi hamkorlar bilan adolatni qaror toptirish, iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va inson qadr-qimmatiga nisbatan hurmatni taʼminlovchi barqaror institutlar va jamiyatlarni barpo etish yoʻlida ishlamoqda.

Amerikalik sudya Tanxeym “ekstremizm” va “terrorizm” tushunchalarining farqi, Qoʻshma Shtatlarda radikallashuvga qarshi kurash, Amerika sud tizimining oʻziga xosligi haqida maʼruza qildi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0
Siyosat * Majburiy 1500 ta belgi qoldi (1500 max)