Karvonsaroy
Xavfsizlik

Zoʻravonlikni toʻxtatish va Afgʻoniston ichida tinchlik muzokaralarini boshlash chaqiriqlari bilan Tolibonga bosim kuchaymoqda

Karvonsaroy va AFP

25-avgust kuni Tolibon delegatsiyasi Islomobodda Pokistonlik rasmiylar bilan uchrashdi. (Pokiston tashqi ishlar vazirligi)

25-avgust kuni Tolibon delegatsiyasi Islomobodda Pokistonlik rasmiylar bilan uchrashdi. (Pokiston tashqi ishlar vazirligi)

ISLOMOBOD – Isyonchilar tomonidan Afgʻonistonda yana bir portlash sodir etilar ekan, afgʻon hukumati va Tolibonlarning mamlakat ichida tinchlik muzokaralarini boshlashi yuzasidan bosim kuchaymoqda.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy seshanba (25-avgust) kuni Islomobodda boʻlib oʻtgan uchrashuvda Tolibon yetakchilarini Kobul bilan toʻxtab qolgan tinchlik muzokaralarini qayta boshlashga chaqirdi.

Qurayshiy “AQSH va Tolibon oʻrtasidagi tinchlik bitimining toʻliq hajmda bajarilishi muhim ekanligini taʼkidlab, tez orada Afgʻoniston ichidagi muzokaralar boshlanishi uchun zamin yaratdi”, deyiladi Pokiston tashqi ishlar vazirligining bayonotida.

Tolibon bosh muzokarachisi Shermuhammad Abbos Stanekzay chorshanba (26-avgust) kuni “Mashʼal” radiosiga bergan intervyusida Afgʻoniston ichidagi muzokaralar istalgan vaqtda boshlanishi mumkinligini aytgan.

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy (oʻngda) Tolibon muzokarachisi Mulla Abdul Gʻaniy Barodar (chapdan ikkinchi) bilan, seshanba (25-avgust), Islomobod. (Pokiston tashqi ishlar vazirligi)

Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy (oʻngda) Tolibon muzokarachisi Mulla Abdul Gʻaniy Barodar (chapdan ikkinchi) bilan, seshanba (25-avgust), Islomobod. (Pokiston tashqi ishlar vazirligi)

21-avgust kuni Bagʻlon viloyatining Puli-Xumri shahriga yigʻilgan oʻnlab diniy ulamolar va jamoatchilik faollari Muharram oyining hurmati uchun Tolibonlarni afgʻon hukumati bilan bevosita muzokara boshlashga chaqirdi. (Nurgul Andarval)

21-avgust kuni Bagʻlon viloyatining Puli-Xumri shahriga yigʻilgan oʻnlab diniy ulamolar va jamoatchilik faollari Muharram oyining hurmati uchun Tolibonlarni afgʻon hukumati bilan bevosita muzokara boshlashga chaqirdi. (Nurgul Andarval)

Tolibon: davomli zoʻravonliklar

Guruh asoschilaridan biri, sakkiz yil Pokistonda hibsda boʻlgan Mulla Abdulgʻani Barodar yetakchiligidagi Qurayshiy va Tolibon delegatsiyasi uchrashuvi Balx viloyatidagi Afgʻoniston milliy armiyasi bazasi yaqinida sodir etilgan Tolibonlarga mansub xudkushlik hujumidan keyin oʻtkazilgan.

25-avgust kuni yuz bergan boshqa bir hodisada qurolli shaxslar Kobulda afgʻonistonlik aktrisa va ayollar huquqlari faoli Saba Saharga qarata oʻq uzib, uni jarohatlaganlar.

Tolibonlar va Afgʻoniston hukumati muzokaralar shu oy avvalida nishonlangan Qurbon hayitidan keyinoq boshlanishini aytganlar, ammo bu jarayon mahbuslar almashinuvi sababli toʻxtab qolgan.

Tolibonlarning zoʻravonlikni davom ettirishi tinchlikka erishish imkoniyatlariga toʻsqinlik qiladi”, deb aytgan prezident Ashraf Gʻani matbuot kotibi Siddiq Siddiqiyga koʻra.

“Tolibonlar afgʻonlar bilan jang qilish va ularni oʻldirishni bas qilishi, otashkesimga rozi boʻlib, Afgʻoniston hukumati bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralarni boshlashi kerak”, deb qoʻshimcha qilgan u.

Afgʻoniston milliy yarashuv kengashi rahbari Abdulloh Abdulloh Pokiston bosh vaziri Imron Xon taklifini qabul qilgani va yaqin orada Pokistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini aytib oʻtgan.

“Umid qilamizki, Pokiston hukumati amaliy harakatlarni boshlaydi hamda Afgʻoniston hukumati va xalqaro hamjamiyat bilan mintaqada barqarorlikka erishish yoʻlida hamkorlik qiladi”, deb aytgan u AFP nashriga.

Pokistonning taʼsiri

Pokiston jangari guruhga maslahat bera oladi, ammo uning taʼsiri cheklangan, deydi londonlik jurnalist Sami Yusufzay.

“Ha, uchrashuv qandaydir taʼsirga ega boʻladi, ammo xalqaro hamjamiyat kutgan darajada emas, ayniqsa Pokistonning Tolibonlarga taʼsirini inobatga oladigan boʻlsak”, dedi u. “Ammo Pokistonda Tolibonlarga maslahat berish uchun salohiyat bor, Tolibonlar baʼzan uni qabul qilishadi, baʼzan yoʻq.”

Shu bilan birga, Tolibonlar “baʼzan kichik masalalarda ham yon bermaydi”, deb qoʻshimcha qildi u. “Masalan, Kobul hukumati 5000 dan ortiq mahbusni ozod qilganida” Tolibonlar oltita muayyan mahbusning erkinlikka chiqarilishiga eʼtibor qaratganlar.

“Ular oldinga qarab siljishi kerak”, dedi u Tolibonlarni nazarda tutib.

“AQSHning Afgʻonistondagi yarashuv jarayoni vakili Zalmay Halilzodga koʻra, Tolibonlar bu olti mahbusning ozod etilishini talab qilish oʻrniga, erkinlikka chiqarish lozim boʻlgan mahbuslarning muqobil roʻyxatini taklif qilishlari kerak edi. Chunki ularga nisbatan Yevropa mamlakatlarining ogohlantirishi mavjud boʻlgan”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Shu sababli Afgʻoniston ichidagi muzokaralar keyinga qoldirildi. Hozir esa Pokiston bunga yechim izlamoqda va xalqaro hamjamiyatga Tolibonlar ustidan taʼsirga ega ekanligini koʻrsatmoqchi”, dedi u.

“Islomoboddagi soʻnggi siyosiy voqealar – toʻgʻri yoʻnalishdagi oqilona qadam”, dedi islomobodlik jurnalist Ashraf Ali. “Ammo voqealarning ijobiy rivoji urush tufayli vayron boʻlgan Afgʻoniston va butun mintaqada barqaror tinchlik tomon yoʻl ochish uchun barcha mintaqaviy ishtirokchilardan saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirishni talab qiladi.”

Zoʻravonlikdan tiyilishga chaqiriq

Islomobodning saʼy-harakatlari bilan bir qatorda, Afgʻonistonning Bagʻlon viloyatidagi diniy arboblar va jamoatchilik faollari Afgʻoniston hukumati va Tolibonni muharram oyining hurmati uchun Afgʻonistonda tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirmoqda.

Ular 21-avgust kuni Bagʻlon viloyatining Puli-Xumri shahrida yigʻildilar.

“Biz Tolibon birodarlarimizdan Muharram oyi arafasida begunoh odamlarni oʻldirishni bas qilib, tinchlik muzokaralari boshlashni soʻraymiz”, dedi Bagʻlon viloyatidagi diniy ulamo Mavlaviy Sebhatullo Muslim.

“Xalqaro hamjamiyat va Afgʻoniston hukumati sizlarga kelish va oʻz rejalaringizni muhokama qilish uchun barcha imkoniyatlarni taqdim etdi”, dedi Muslim Tolibonga murojaatida.

Majlisda qatnashgan boshqa bir ulamo Mavlaviy Abdul Gʻayyos Ahmadiy Tolibonni oʻz shaxsiy maqsadlarini bir chekkaga surib, Xudo uchun zoʻravonlikdan voz kechishga chaqirdi.

“Kelinglar, muzokaralar stoliga oʻtirib, barcha masalalarga yechim izlaymiz”, dedi Bagʻlon ulamolari kengashi aʼzosi Mavlaviy Sardor Valiy.

“Chet elliklarga hojat yoʻq”, dedi u. “Kelishuvga erisha olsak, Sharq yoki Gʻarbning vositachiligiga ehtiyoj qolmaydi.”

“Afgʻonistonni oʻzimiz barpo qila olamiz”, dedi Valiy.

Bagʻlon viloyatida yashovchi faollardan biri Ahmad Xolid Farahmandga koʻra, toliblar mustaqil tarzda va Afgʻoniston manfaati yoʻlida harakat qilayotganini afgʻon xalqiga isbotlashi lozim.

“Boshqa mamlakatlarning qoʻgʻirchogʻi boʻlmasangiz, siz afgʻonlar bilan muzokaralar stoliga oʻtirishingiz va ziddiyatli qarashlaringizni afgʻon xalqiga erkin bayon qilib, ularga yechim izlashingiz mumkin”, dedi u.

Tinchlik yoʻlidagi qurbonlar

“Tinchlik tomon qadam tashlar ekanmiz, ikki taraf ham bunday nozik pallada qurbonlarga tayyor boʻlishi kerak” deydi Puli Xumrida yashovchi Abdul Jalil Rogʻib.

“Hukumat ixtiyoridagi mahbuslar va tolibonlar ozodlikka chiqarilishi kerak, chunki afgʻon halqi tinchlikka mushtoq”, dedi u.

“Tolibonga (kurashni davom ettirish uchun) hech qanday uzr yoʻq va ular muzokaralar stoliga oʻtirib, oʻz muammolarini qonuniy yoʻl bilan hal qilishlari zarur”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Tolibon bunday qulay imkoniyatdan foydalanib qolishi va mamlakat manfaatlarini oʻzining shaxsiy manfaatlaridan ustun qoʻya olishi kerak”, deydi Bagʻlon viloyatidagi jamoatchilik faoli Gʻulom Yahyo Ahror. “Ular avval otashkesim eʼlon qilishi, keyin mamlakat ichida muzokaralar boshlashi kerak.”

Tolibon oldida ikkita yoʻl bor: tinchlik jarayoniga qoʻshilish yoki magʻlub boʻlish, deydi Qunduz politsiyasi vakili Ahmad Javid Bashorat.

Afgʻoniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (ANDSF) oʻtgan oy davomida Bagʻloni Markaziy va Doshiy viloyatlari, Dandi Goriy, Dandi Shahobuddin va Chashmai Shir tumanlarida tolibonlarga katta talofatlar yetkazdi, dedi u.

“Biz blokpostlarimizda Tolibonning har bir hujumiga javob qaytardik va ular jiddiy qurbonlar berib, ortga chekinishdi”, dedi u.

“Biz tolibondan tinchlik jarayoniga qoʻshilishini soʻraymiz”, dedi Bashorat. “Xavfsizlik kuchlari oʻtmishda ularni yakson qilishgan va ularni kelajakda ham shu kabi magʻlubiyat kutmoqda.”

[Ushbu maqolani tayyorlashga Qunduzdan Hidoyatulloh va Islomoboddan Alam Zeb Xon koʻmaklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500