OLMAOTA – Markaziy Osiyolik jurnalistlar Belarusdagi OAV toʻntarishida ishtirok etishga rozi boʻlgan va prezident saylovining bahsli natijalariga qarshi chiqqan namoyishchilarga nisbatan Aleksandr Lukashenko olib borayotgan zoʻravonlik siyosatini qoʻllab-quvvatlagan rossiyalik hamkasblarini qoralamoqda.
Oʻtgan oyda Belarus davlat televideniyesi va radiosida ishlovchi xodimlar namoyishchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida ish tashladilar. Oʻnlab xodimlar, shuningdek, bir nechta eng mashhur teleboshlovchilar “vijdon chaqirigʻi” tufayli yuz berayotgan “zoʻravonliklarga chidab boʻlmasligini” taʼkidlab, ishdan boʻshagan.
Bunday qoʻllab-quvvatlash natijasida OAV xodimlari sonining qisqarishi Kreml va Lukashenkoga OAV tarozisini oʻz foydasiga ogʻdirish imkonini bergan.
18-avgust kuni Rossiyaning “RT” telekanali texnik xodimlaridan iborat kamida ikki guruh “yordam” koʻrsatish uchun Belarus davlat televideniyesining studiyalariga yetib kelishgan, deb xabar beradi Rossiyaning “RBK” biznes-nashri 31-avgust kuni.
Lukashenko “ruslardan Belorusiyaga ikki-uchta jurnalistlar guruhi yuborishni soʻraganini” tan oldi.
“Bu eng ilgʻor telekanallarda ishlovchi olti yoki toʻqqiz kishi”, dedi Lukashenko 21-avgust kuni Minskdagi qishloq xoʻjaligi zavodi ishchilari bilan suhbati chogʻida.
Kremlning PR-strateglari
Belarus telekanallariga Rossiyadan jurnalistlar, montajchilar va PR-mutaxassislari kelishgan. Bu haqda “Belarus 1” davlat telekanalidagi “Arsenal” dasturining endilikda sobiq boshlovchisi, minsklik Vladimir Burko maʼlum qilgan.
“Ular Belarus jurnalistlari ijodiga xos boʻlmagan tashviqot materiallarini tayyorlamoqdalar”, dedi u.
“Ilgari Belarus telekanallari hech qachon, masalan, Ispaniyadagi namoyishlar chogʻida odamlarning yonayotganini Belarusda sodir boʻlayotgan voqealar deb koʻrsatishga urinmagan”, dedi Burko. “Bizning jurnalistlarimiz bunday qilmagan boʻlardi.”
U ishdan boʻshagan hamkasblaridan hech biri pushaymon emasligini aytdi.
“Rossiyalik jurnalistlar va PR-mutaxassislarining kelgani esa men uchun uyatli”, dedi u. “Mahalliy shifokorlar va oʻqituvchilar “Bizni ham rossiyalik shifokor va oʻqituvchilar bilan almashtir” degan yozuvlarni koʻtarib koʻchalarga chiqishdi.”
Belarus milliy telekanallari xodimlari norozilik sababli ish tashlashi ortidan Lukashenko RT xodimlariga “yordam” uchun rahmat aytgan, deb xabar beradi AFP.
“Qoʻllab-quvvatlaganingizdan minnatdorman”, deb aygan Lukashenko “RT” jurnalistiga kanalning 1-sentabr kungi videolavhasida. “Bu juda arzigulik yordam.”
“Bunday ogʻir vaqtda biz uchun naqadar muhim ekanligingizni tushunsangiz kerak”, deb aytgan Lukashenko davlat nazoratidagi “RT”ning texnik xodimlari, jurnalistlari va rahbarlariga minnatdorchilik bildirib.
Vaziyat yanada yomonlashgan taqdirda Putinning Belarusdagi vaziyatga aralashuv vaʼdasidan soʻng OAVdagi manzarani shakllantirish birlamchi ahamiyatga ega boʻladi.
Jurnalistlarni taʼqib qilish
Rasmiylar boshqa OAV xodimlarini jazolayotgan bir vaqtda Lukashenko rossiyalik jurnalistlarni koʻklarga koʻtarmoqda.
Belarusdagi davlat va mustaqil OAV xodimlari mamlakat axborot vaziri Igor Lutskiyga ochiq xat yoʻlladilar, deb xabar bergan Deutsche Welle 13-avgust kuni.
Kamida 250 jurnalist imzolagan xatda “huquq-tartibot organlari OAV xodimlariga nisbatan hujum va hibslarni zudlik bilan toʻxtatish boʻyicha shoshilinch choralar koʻrishga”, internetni oʻchirmaslikka va belaruslarni sifatli aloqadan mahrum qilmaslikka chaqirilgan.
Namoyishlarning dastlabki toʻrt kunida kamida 64 nafar jurnalist hibsga olingan, ular orasida xorijiy jurnalistlar ham bor, deb xabar beradi mahalliy OAV.
Ulardan ayrimlari qoʻyib yuborilgan, qolganlar esa jiddiyroq jazo olgan. Masalan, Belarus “Current Time” telekanalining uch nafar muxbirini Ukrainaga deportatsiya qilgan va 10-yilgacha Belarusga kirishni taqiqlagan.
Belarus jurnalistlari uyushmasi (BJU) kuch ishlatar tuzilmalarni jurnalistlarga hujum qilishda aybladi. Namoyishlarni yoritib borgan “Nasha Niva” nashri xodimasi Natalya Lubnevskaya oyogʻidan rezina oʻq yeb, shifoxonaga yotqizilgan.
Bu orada Belarus hukumati 29-avgust kuni xorijiy media-tashkilotlar jurnalistlarining akkreditatsiyalarini bekor qilgan, deb xabar beradi AFP.
Hukumat vakili Anatoliy Glazga koʻra, OAV akkreditatsiyasini bekor qilish qarori mamlakat aksilterror boʻlinmasining taklifiga binoan amalga oshirilgan.
Bu chora nechta jurnalistga nisbatan qoʻllangani haqida batafsil maʼlumot berilmagan, ammo xorijiy OAV vakillari, jumladan BBC, Reuters, Associated Press va Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining bir qancha jurnalistlari akkreditatsiyasi bekor qilingan.
Markaziy Osiyoliklar qoralovi
Markaziy Osiyolik jurnalistlarga koʻra, Belarusda soʻz erkinligining boʻgʻilishi, jurnalistlar huquqlarining poymol qilinishi va oʻz fuqarolik pozitsiyasini bildirayotganlar oʻrniga rossiyalik PR strateglarning olib kelinishi – yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holatdir.
Qirgʻiziston mustaqil jurnalistlar ittifoqi Belarus hukumatining jurnalistlarga qarshi keskin choralari, jumladan ularning hibsga olinayotgani va akkreditatsiyasining bekor qilinayotganini qoralaydi, dedi ittifoq raisi Azamat Kasibekov.
“Hukumat nufuzli xorijiy OAVdan xalos boʻlayotgani yetmagandek, mahalliy OAVni ham tozalayotgan bir vaqtda, bu choralar soʻz erkinligiga qarshi kurash harakatidek koʻrinmoqda”, dedi u.
“Ittifoqimiz bu ishlardan xavotirda, chunki biz nafaqat oʻz mamlakatimiz, balki MDH (Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi) va butun dunyoda jurnalistlar huquqini hurmat qilishni targʻib qilamiz”, dedi u.
“Biz BJU bilan birdamligimizni va uni qoʻllab-quvvatlashimizni bildiramiz”, dedi u. “Qolaversa, OAV xodimlari oʻlaroq biz nafaqat jurnalistik, balki fundamental inson huquqlariga ham egamiz.”
Rossiyadan borgan bir guruh OAV mutaxassislariga Belarusda maxsus vazifalar yuklatilgan, deydi Nur-Sultonlik PR-menejer Ilya Balanchuk.
“Aslida ular jurnalist emas, ular belaruslarning ongini zaharlovchi tashviqot ishlarini olib borishmoqda”, dedi u. “Ammo belaruslik tomoshabinga yetarli baho bermaslik – xato. Chunki odamlar axmoq emas, ular haqiqat va yolgʻonning farqiga boradi.”
Belarusdagi PR-mutaxassislar va siyosiy texnologlar Kreml qoʻllovidagi “Birinchi” va “Rossiya” kabi telekanallarda har kuni qiladigan ishlarini qilmoqdalar, dedi u.
“Bunday tashviqot Sovet davrida ulgʻaygan va OAVga nisbatan tanqidiy fikrlashi yaxshi shakllanmagan keksa avlodgagina taʼsir qilishi mumkin”, dedi Balanchuk. “Ammo hozir zamon boshqa, jamiyat oʻzgargan.”
Moskvaliklarni Belorusiyaga kiritmanglar. Belarus mustaqil va suveren davlat.
Javob berishFikrlar 4
Dumbullar!!!!!!!
Javob berishFikrlar 4
Moskva atrofidagi botqoqliklar ruslarning yeri. Oʻsha yerga haydash kerak, vodka ichib bir-biriga teshik laptisida qanday ulugʻ ekani haqida gapirib oʻtiraversin.
Javob berishFikrlar 4
Tsar davrida qozoqlar kim boʻlgan? “Ayrim respublika nashlarida Vladimir Lenin obroʻsiga putur yetkazuvchi maqolalar chop etiladi. Ulardagi asosiy maʼno dunyo proletariati yetakchisining haykallari hali ham turli shaharlarda turgani haqida gap boradi. Baʼzi koʻchalarda Lenin nomi saqlanib qolgan, nimaga ularni qayta nomlanmaydi?” Shunday vaqtlarda odamni bir fikr oʻylantiradi: bu mualliflar haqiqatda tsar davriga qaytishni istaydilarmi? U davrda qozoqlar kim boʻlgan? Kim ularga odamdek munosabat qilgan; ularning huquqlarni qanday boʻlgan? Qozoq dashtlarida kazaklar turli xunrezliklarni amalga oshirganlar! Kazaklar kelayotganini eshitganida qozoq ovullarida hatto bolalar yigʻlashdan toʻxtagan, ota-onalar qizlarini kampirlar kiyimiga yashirishgan; aks holda kazaklar ularni zoʻrlab istaganini qilgan.
Javob berishFikrlar 4