Karvonsaroy
Diplomatiya

Navalniyning zaharlanishi ortidan Kremlga bosim kuchaymoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4-sentabr kuni Rossiya xavfsizlik kengashi aʼzolari bilan telekoʻprik orqali muloqot uchun Moskva yaqinidagi Novo-Ogaryovo davlat qarorgohiga keldi. [Mixail Klimentev / Sputnik / AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 4-sentabr kuni Rossiya xavfsizlik kengashi aʼzolari bilan telekoʻprik orqali muloqot uchun Moskva yaqinidagi Novo-Ogaryovo davlat qarorgohiga keldi. [Mixail Klimentev / Sputnik / AFP]

Dunyo davlatlarining hukumatlari asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlangan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning hayotiga qilingan suiqasdga oid savollarga Kremldan javob kutmoqdalar.

44 yoshli erkak avgust oyida Rossiyaga muxolif boʻlgan va prezident Vladimir Putinning shubhali tarzda zaharlangan tanqidchilari roʻyxatidagi oxirgi odam boʻldi va hozir Berlin kasalxonadasida yotibdi.

Germaniyalik mutaxassislar “Novichok” bilan zaharlash holatini tasdiqlovchi “aniq dalillarga” ega ekanliklarini aytganidan soʻng, seshanba (8-sentabr) kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari boʻyicha oliy komissari Mishel Bachelet Moskvani ushbu hujum boʻyicha “puxta, oshkora, mustaqil va xolis tergov” oʻtkazishga yoki bu borada hamkorlik qilishga chaqirgan.

“Rossiya hukumati ushbu jinoyat, Rossiya hududida sodir etilgan oʻta ogʻir jinoyat uchun kim javobgar ekanini batafsil tergov qilishi shart”, deb aytgan u oʻz bayonotida.

“Soʻnggi yigirma yil ichida ham Rossiyada, ham xorijiy davlatlar hududida amaldagi yoki sobiq Rossiya fuqarolarining aniq bir maqsad bilan zaharlanishi yoki oʻldirilishi chuqur xavotirga sabab boʻlmoqda”, dedi Bachelet.

“Shuningdek, koʻp hollarda jinoyatchilarning javobgarlikka tortilmayotgani, qurbonlar yoki ularning yaqinlari uchun adolatning qaror topmayotgani ham achinarli. Buni tushuntirish yoki oqlash mushkul”, dedi u.

Zaharlanish holati boʻyicha Rossiya rejimi javob berishi kerak boʻlgan “bir talay juda jiddiy savollar” bor, deb bayonot berdi Britaniya yakshanba (6-sentabr) kuni mazkur shov-shuvli ishga davlatning aloqadorligi ehtimolini nazarda tutib.

Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raabning soʻzlariga koʻra, Kreml tanqidchisi Sovet Ittifoqi davrida ixtiro qilingan “Novichok” moddasi bilan zaharlangani “aniq”, bu modda avvalroq Angliyaning Solsberi shahrida Rossiyaning ikki tomonlama sobiq josusiga qarshi suiqasdda ham ishlatilgan.

“Rossiyaning bu moddani qoʻllashi bilan bogʻliq tajribasini, qolaversa, uni qoʻlga kiritish va saqlash qiyinligini inobatga oladigan boʻlsak, bu ishga Rossiya davlatidan boshqaning aloqadorligini tasavvur qilish qiyin”, dedi Raab Sky News telekanali bilan suhbatda.

“Hozirda shunisi aniqki, Rossiya hukumati bir talay jiddiy savollarga javob berishi kerak”, dedi u.

Moskva uchun oqibatlar

Germaniya kantsleri Angela Merkel agar Kreml zaharlanish holatini batafsil tergov qilmasa, bu “Shimoliy oqim-2” gaz quvuri loyihasi uchun salbiy taʼsir qilishi mumkinligini istisno etmagan. Bu haqda dushanba (7-sentabr) kuni uning matbuot vakili maʼlum qildi.

Germaniya Navalniy ishi yuzasidan sanktsiyalar qoʻllaydigan boʻlsa, Merkel Rossiya va Yevropa oʻrtasidagi koʻp milliard yevrolik quvurni himoya qiladimi, degan savolga matbuot kotibi Shteffen Zaybert shunday dedi: “Kantsler avval-boshdanoq nimanidir istisno qilish xatolik boʻladi, deb hisoblamoqda”.

Boltiq dengizi tubidan oʻtgan, tugallanish arafasidagi 10 milliard yevrolik (11 milliard dollar) “Shimoliy oqim-2” quvuri Yevropaning eng yirik iqtisodiyotiga ega Germaniyaga yetkazib beriladigan Rossiya tabiiy gazi hajmini ikki baravar oshirishga imkon beradi.

Kreml Navalniyning zaharlanishi masalasida yaqin orada tushuntirish bermasa, Yevropa Ittifoqining amaldagi raisi boʻlgan Germaniya ham Moskvaga qarshi sanktsiyalarni muhokama qiladi, dedi 6-sentabr kuni mamlakat tashqi ishlar vaziri.

“Rossiya yaqin kunlarda voqeaga oydinlik kiritishga yordam bermas ekan, biz ittifoqchilarimiz bilan javob choralarini muhokama qilishga majbur boʻlamiz”, dedi Xayko Maas Germaniyaning Bild nashriga.

Zaharlash amaliyoti ortida Kreml turganiga ishora qiluvchi “bir necha alomatlar” bor edi, dedi Maas 6-sentabr kuni.

“Rossiya hukumati Navalniyni zaharlashda ishlatilgan halokatli moddani oʻtmishda ham qoʻllagan”, deb qoʻshimcha qildi u.

“Novichokdan juda kamchilik foydalana oladi, Rossiya maxsus xizmatlari bu zaharni sobiq josus Sergey Skripalga qarshi hujumda ham qoʻllagan”, dedi u Solsberidagi 2018-yilgi hujumni nazarda tutib.

Zaharlash amaliyotlari tarixi

Tarixda Kremlning Rossiya ichida va undan tashqaridagi muxolifat arboblarini zaharlashi hamda ichki va tashqi manfaatlar yoʻlida gibrid urush taktikasidan foydalanishiga oid misollar talaygina.

2018-yilning mart oyida Britaniyaning Solsberi shahrida asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanish tufayli sobiq rossiyalik ikki taraflama josus Sergey Skripal va uning qizi hushsiz holatda topilgan edi.

Kremlga qarshi boʻlgan faollardan biri Petr Verzilov 2018-yil sentabr oyida tibbiy preparatdan zaharlanish ortidan kasalxonaga yotqizilgan.

2006-yil noyabr oyida Kremlga qarshi soʻzlagan sobiq rossiyalik josus Aleksandr Litvinenko Londondagi mehmonxonalarning birida yuqori radioaktiv Poloniy-210 moddasi qoʻshilgan choy ichishi ortidan vafot etgan.

Shuningdek, 2004-yil sentabr oyida prezidentlik uchun Rossiya qoʻllovidagi nomzodga qarshi kampaniya olib borgan ukrainalik siyosatchi Viktor Yushchenko katta miqdordagi dioksin moddasidan zaharlanish tufayli halok boʻlayozgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiya “Navalniyga” oʻxshagan xaromxoʻrlardan sobiq Sovet davridagidek xalos boʻlmayotganidan, uning oʻrniga demokratik boʻlish maqsadida qoʻyib berganidan afsusdaman...

Javob berish

Putinchilar Navalniy uchun javob beradi hali.

Javob berish