Karvonsaroy
Siyosat

Navalniyning zaharlanishi ortidan Rossiyada siyosiy uygʻonish umidi paydo boʻlmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning Tomskdagi shtabi raisi va 13-sentabr kuni oʻtkaziladigan mahalliy saylovlarda shahar kengashiga 28 yoshli nomzod Kseniya Fadeyeva 7-sentabr kuni Tomskda oʻzining saylovoldi chodirini oʻrnatmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning Tomskdagi shtabi raisi va 13-sentabr kuni oʻtkaziladigan mahalliy saylovlarda shahar kengashiga 28 yoshli nomzod Kseniya Fadeyeva 7-sentabr kuni Tomskda oʻzining saylovoldi chodirini oʻrnatmoqda. [Aleksandr Nemenov/AFP]

TOMSK, Rossiya – Yelena Basova dastlab rossiyalik muxolifat arbobi Aleksey Navalniyning Sibirdagi oʻzi tugʻilib oʻsgan shaharda zaharlanganiga ishonmagan edi.

Keyin u Navalniyning joylardagi korrupsiya yuzasidan olib borgan tergovlarini koʻrgan.

“Hammasi oydinlashdi”, deydi 33 yashar sotuvchi ayol Sibirning Tomsk shahri koʻchalaridan yurib borar ekan.

“Uni haqiqat uchun kurashayotgani sababli zaharladilar”, dedi Basova AFP bilan suhbatda. Endi u yakshanba (13-sentabr) kuni boʻlib oʻtadigan shahar kengashiga saylovlarda Navalniyning harakatini qoʻllab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.

Rossiya muxolifati lideri Aleksey Navalniy, uning rafiqasi Yuliya, muxolifat arbobi Lyubov Sobol va boshqa namoyishchilar qotillik qurboniga aylangan Kreml tanqidchisi Boris Nemsov xotirasiga bagʻishlangan yurishda qatnashmoqdalar, Moskva markazi, 29-fevral. Nemsov 2015-yilda Moskvada oʻldirilgan. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Rossiya muxolifati lideri Aleksey Navalniy, uning rafiqasi Yuliya, muxolifat arbobi Lyubov Sobol va boshqa namoyishchilar qotillik qurboniga aylangan Kreml tanqidchisi Boris Nemsov xotirasiga bagʻishlangan yurishda qatnashmoqdalar, Moskva markazi, 29-fevral. Nemsov 2015-yilda Moskvada oʻldirilgan. [Kirill Kudryavtsev/AFP]

Yakshanba kuni Rossiyaning oʻnlab viloyat, shahar va qishloqlarida boʻlgani kabi Tomskda ham mahalliy kengashga saylovlar oʻtkaziladi.

Vladimir Putinning eng ashaddiy tanqidchisi boʻlgan Navalniyning tarafdorlari oʻtgan oy uning oʻz siyosiy faoliyati tufayli aynan shu shaharda zaharlanganini taʼkidlamoqdalar.

Korrupsiyaga qarshi faxriy kurashchi Germaniyaga olib ketilgan va hozirda mahalliy kasalxonalarning birida yotibdi. Tergovchilar uning asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanganini aniqlagan. Sovuq urush davri oxirlarida Sovet Ittifoqi tomonidan ixtiro qilingan bu moddani faqat Rossiya maxsus xizmatlari qoʻllay oladi.

Tomskdan havoga koʻtarilish oldidan aeroportda choy ichgan Navalniy oʻzini yomon his qilgan va samolyot favqulodda qoʻnishga majbur boʻlgan.

Befarqlikka qarshi kurash

Navalniy mintaqaviy saylovlarda mahalliy nomzodlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Sibirga qilgan safarini va Rossiya elitasi orasidagi korrupsiyaga oid ikkita tergov jarayonini suratga olish ishlarini yakunlayotgan edi.

Tomskdagi tergov davomida Kreml tuzgan hukmron partiya – “Yagona Rossiya” aʼzolari partiya mansabdorlari nazoratidagi kompaniyalar bilan davlat shartnomalarini imzolagani aniqlangan. Rasmiylar bu iddaolarni rad etganlar.

Tomskdagi shtab rahbari – 28 yashar Kseniya Fadeyeva Navalniyni Moskvaga eltadigan samolyotga chiqishidan avval uni soʻnggi bor koʻrgan odamlardan biri boʻldi.

Fadeyeva tergovlar va Navalniyning zaharlanishi bilan bogʻliq voqeadan soʻng, uning shahar kengashiga qoʻygan nomzodini qoʻllab-quvvatlash kuchayishiga umid qilmoqda.

Navalniy va uning tarafdorlariga milliy siyosatda ishtirok etishni taqiqlab qoʻyishgan. Navalniyga 2018-yilgi prezident saylovida Putinga qarshi nomzod boʻlish taqiqlangan, shu bois u oʻzining siyosiy faoliyatini mintaqaviy kampaniyalarga yoʻnaltirgan edi.

Navalniy kampaniyasining eng asosiy jangi – befarqlikka qarshi kurash, deydi kampaniya volontyori Mitya Nemsev.

“Odamlarga ular zaif degan fikr singdirildi”, deydi tatuirovkali 30 yashar faol.

“Odamlar orasida siyosat iflos narsa, degan tushuncha mavjud. Ammo bu notoʻgʻri”, deydi u. “Mahalliy amaldorlar Xabarovskda boʻlgani kabi vaziyatni oʻnglay olishlari mumkin.”

“Yagona Rossiya” nomzodini magʻlub etgan mahalliy gubernatorning hibsga olinishiga qarshi ikki oylik norozilik namoyishlaridan soʻng, Rossiyaning Uzoq Sharqidagi shahar Moskvaga itoatsizlikning nodir namunasi oʻlaroq yuzaga chiqdi.

“Rossiya oliy rahbariyatining” javobgarligi

Dunyo davlatlarining hukumatlari Kremlni Navalniy hayotiga qilingan suiqasd boʻyicha javob berishga chaqirmoqda.

“Oʻylaymanki, butun dunyodagi odamlar bu turdagi faoliyat nima ekanligini yaxshi anglaydilar”, dedi AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo chorshanba (9-sentabr) kuni radioga bergan intervyusida.

“Dissidentni zaharlashga urinish va bu ish ortida haqiqatan ham Rossiya oliy rahbariyatining turgani ehtimoli katta ekanligi maʼlum boʻlsa, bu rus xalqi uchun yaxshilikdan nishona emas, deb oʻylayman”, dedi u.

Payshanba (10-sentabr) kuni Moskva mazkur ish boʻyicha diplomatik hujumga oʻtgan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi Germaniya elchisini chaqirtirish bilan bir qatorda, Katta yettilikning zudlik bilan zaharlash ortida turganlarni topib, javobgarlikka tortish chaqirigʻi aks etgan bayonotiga javob qaytardi.

Vazirlik “ommaviy dezinformatsiya kampaniyasini” qoralab chiqqan.

Kremlning navbatdagi zaharlash amaliyoti

Koʻpchilik kuzatuvchilar Navalniyning zaharlanishi va Belarusdagi tartibsizliklar oʻrtasida bogʻliqlik bor deb hisoblamoqda.

Markaziy Osiyoliklar tomonidan qoʻllab-quvvatlangan Belarusdagi norozilik namoyishlari Kreml uchun noqulay, Putinning reytingi keskin tushib ketgan bir paytga toʻgʻri keldi, zero u bir vaqtlar oʻziga sodiq boʻlgan siyosiy bazaning kuchayib borayotgan noroziligiga duch kelmoqda.

Rossiya va amerikalik jurnalist, jamoatchilik faoli Masha Gessenning aytishicha, Navalniyning aynan shu paytda zaharlanganini “doimiy ravishda oʻzining sobiq mustamlakalarini koʻzgudek koʻradigan Kremlning Belarusdagi norozilik namoyishlaridan dahshatga tushgani” bilan izohlash mumkin.

“Beloruslar hatto saylov institutlari, OAV va fuqarolik jamiyati toʻlaligicha avtokratga tobe boʻlgan mamlakatda ham odamlar hokimiyat uchun daʼvogarlik qilishga va “bas, yetar” deya olishga qodir ekanligini koʻrsatdi”, deb yozadi Gessen The New Yorker nashridagi maqolasida.

Rossiyada 20 yildan beri hokimiyat tepasida boʻlgan Putin ham aynan shu narsadan qoʻrqadi, deydi Gessen.

Tarixda Rossiya va undan tashqaridagi muxolifat arboblarining sirli tarzda zaharlanishiga oid misollar talaygina.

2018-yilning mart oyida Britaniyaning Solsberi shahrida asabni falajlovchi “Novichok” moddasi bilan zaharlanish tufayli sobiq rossiyalik ikki taraflama josus Sergey Skripal va uning qizi hushsiz holda topilgan edi.

Kremlga qarshi boʻlgan faollardan biri Petr Verzilov 2018-yil sentyabr oyida tibbiy preparatdan zaharlanish ortidan kasalxonaga yotqizilgan.

2006-yil noyabr oyida Kremlga qarshi soʻzlagan sobiq rossiyalik josus Aleksandr Litvinenko Londondagi mehmonxonalarning birida yuqori radioaktiv Poloniy-210 moddasi qoʻshilgan choy ichishi ortidan vafot etgan.

Shuningdek, 2004-yil sentyabr oyida prezidentlik uchun Rossiya qoʻllovidagi nomzodga qarshi kampaniya olib borgan ukrainalik siyosatchi Viktor Yushchenko katta miqdordagi dioksin moddasidan zaharlanish tufayli halok boʻlayozgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Germaniyadagilar Navalniy oʻziga kelgani va gapira boshlaganini aytmoqda, bu qiyshiqqoʻl ruslar Navalniyni eplab zaharlay olishmadi, Yevropa tibbiyotining qoʻli baland keldi. Endi Navalniy muxolifatchi sifatida yuqoriroq pogʻonaga chiqdi, u haqda dunyoning qudratli davlatlari prezidentlari xabar topdilar. Yaqinda putinchilarga qiyin boʻladi. Olgʻa, Alyosha!

Javob berish

Toʻppa-toʻgʻri

Javob berish