Karvonsaroy
Ommaviy axborot vositalari

Markaziy Osiyo jurnalistlari Xitoyning soʻz erkinligiga nisbatan tahdididan xavotirda

Karvonsaroy va AFP

9-iyul kuni Pekindagi Avstraliya elchixonasining kirish eshigi oldida ratsiya orqali imo-ishora bilan gaplashayotgan Xitoy harbiy politsiyasi xodimi. [Nikolas Asfuri/AFP]

9-iyul kuni Pekindagi Avstraliya elchixonasining kirish eshigi oldida ratsiya orqali imo-ishora bilan gaplashayotgan Xitoy harbiy politsiyasi xodimi. [Nikolas Asfuri/AFP]

Xitoy xalq respublikasi (XXR) xorijiy jurnalistlar va soʻz erkinligini boʻgʻishda davom etar ekan, Markaziy Osiyo jurnalistlari bu holatni xavotir bilan kuzatmoqdalar.

Pekin va Kanberra oʻrtasidagi munosabatlar keskinlashib borayotgan bir paytda, hafta boshida ikki avstraliyalik jurnalist diplomatik himoya ostida Xitoyni tark etgan.

Ular bir necha kun davom etgan maxfiy mojarolardan soʻng, seshanba (8-sentabr) tunida dramatik tarzda mamlakatni tark etdilar. Ikki erkak Xitoy xavfsizlik politsiyasining xavfli changalida qolmaslik uchun Avstraliya diplomatik missiyasi binosiga yashiringan.

Bill Bertls va Maykl Smit avstraliyalik diplomatlar yordamida tungi reys bilan olib chiqilgan, Xitoydan chiqishga ruxsat olishlaridan avval esa soʻroq qilingan.

Wall Street Journal muxbirlari Stefani Yang (chapda) va Styu Vu 28-mart kuni parvozdan oldin poytaxt Pekin aeroportidan oʻtmoqda. Bu ikkovlon 18-mart kuni Xitoy AQSHning uchta eng yirik nashrida ishlaydigan amerikalik jurnalistlarni chiqarib yuborishini eʼlon qilganidan soʻng mamlakatni tark etishga majbur boʻlishgan. Bu kommunistik hukumatning xorijiy matbuotga nisbatan eng katta tazyiqlaridan biri boʻldi. Jurnalistlarning haydalgani OAV erkinligi atrofidagi bahslarni yanada kuchaytirgan. [Greg Beyker/AFP]

Wall Street Journal muxbirlari Stefani Yang (chapda) va Styu Vu 28-mart kuni parvozdan oldin poytaxt Pekin aeroportidan oʻtmoqda. Bu ikkovlon 18-mart kuni Xitoy AQSHning uchta eng yirik nashrida ishlaydigan amerikalik jurnalistlarni chiqarib yuborishini eʼlon qilganidan soʻng mamlakatni tark etishga majbur boʻlishgan. Bu kommunistik hukumatning xorijiy matbuotga nisbatan eng katta tazyiqlaridan biri boʻldi. Jurnalistlarning haydalgani OAV erkinligi atrofidagi bahslarni yanada kuchaytirgan. [Greg Beyker/AFP]

Ikkala erkak ham oʻtgan oy hibsga olingan hamkasblari – avstraliyalik jurnalist ayol Cheng Ley borasida soʻroqqa tutilganlar.

Pekin 8-sentyabr kuni ilk marta uning “milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan” hibsda saqlanayotganini tan oldi – bu uzoq muddatli qamoq jazosini koʻzda tutuvchi jinoyatlarni oʻz ichiga olishi mumkin boʻlgan keng tushunchadir.

Pekin ikki kishining soʻroq qilinganligini tasdiqlar ekan, bu harakat qonun doirasida amalga oshirilganini aytgan.

“Chet ellik jurnalistlar qonunga boʻysunar ekan, xavotirlanishmasa ham boʻladi”, dedi Pekinda soʻzlagan Tashqi ishlar vazirligi voizi Chjao Litszyan.

Bu yil AQSH ommaviy axborot vositalarida ishlovchi bir nechta muxbirning vizalari bekor qilindi va ular mamlakatni tark etishga majbur boʻlishdi – tanqidchilar bu holatni Xitoy Kommunistik partiyasining (XKP) Gʻarb ommaviy axborot vositalariga hujumi deya talqin qilishgan.

Mustaqil jurnalistik tergovlardan qoʻrqish

8-sentyabr kuni AQSH Xitoy tashqi ishlar vazirligi tomonidan xorijiy OAV uchun talablar qatʼiylashtirilgani borasida xabardor qilinganini aytdi.

“Koʻzda tutilgan choralar Xitoydagi axborot muhitini yomonlashtiradi, bu yerda shundoq ham ochiq va mustaqil ommaviy axborot vositalari yetishmaydi”, deb yozdi Davlat departamenti vakili Morgan Ortagus oʻz Tvitterida.

“Nima uchun XKP mustaqil OAV tergovlaridan qoʻrqadi?” deb yozadi u.

Joriy yilda kamida 19 nafar xorijlik muxbir Xitoyni tark etishga majbur boʻldi va bu holat “xalqaro hamjamiyatning axborot olish huquqiga tobora koʻproq tahdid solmoqda”, deb bayonot bergan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti.

Ikki avstraliyalikning kechinmalari Pekinning “vaziyatni keskinlashtirganini” koʻrsatmoqda, deb bayonot bergan Xitoydagi xorijlik muxbirlar klubi. Unga koʻra, endi xorijlik jurnalistlar “oʻz vazifasini bajargani uchun asossiz hibsga olinishi mumkin”.

Fevralda “Wall Street Journal” nashri koronavirus inqiroziga oid maqola chop etgan, Pekin uning sarlavhasini irqchilikka aloqador deb topgani sababli Xitoy hukumati nashrning uch nafar jurnalistini mamlakatdan haydab chiqargan.

Bir necha haftadan soʻng, Vashington AQSH ommaviy axborot vositalarida ishlovchi xitoylik xodimlar sonini kamaytirgan.

Bunga javoban mart oyida Pekin “New York Times”, “Washington Post” va “Wall Street Journal” nashrlarida faoliyat yurituvchi oʻndan ortiq amerikalik jurnalistlarni deportatsiya qilgan.

2013-yilda Si Tszinpin hukumat tepasiga kelganidan beri Xitoydagi mustaqil jurnalistlarning taʼqib qilinishi Pekinning butun Osiyodagi taʼsir kuchi va tajovuzini koʻrsata boshlaganiga misoldir, deydi tahlilchilar.

“Xitoy oʻsib borayotgan qudratli davlat oʻlaroq oʻzining strategik, mafkuraviy va ritorik “muskullarini” koʻrsatishi va boshqa davlatlar bunga taslim boʻlishi kerak, deb oʻylayotgandek koʻrinmoqda”, deydi avstraliyalik sobiq razvedka tahlilchisi va bosh vazir maslahatchisi Jeyms Karran.

Xitoyning “destruktiv bosimi” Markaziy Osiyoga taʼsir qilmoqda

Bu holat “tubanlikning yangi chizigʻini belgilab berdi”, deb aytgan avstraliyalik ijodkor va Xitoyda ishlagan sobiq muxbir Richard Makgregor.

“Xitoyga qarshilik qilayotgan boshqa mamlakatlar buni eʼtiborga olishlari lozim”, dedi u. “Ikki oʻrtadagi munosabatlar yomonlashadigan boʻlsa, ularning fuqarolari ham olovli chiziqda qolishlari mumkin.”

“Xitoy huquq-tartibot organlarining avstraliyalik jurnalistlarga nisbatan bosimi bizga bevosita taʼsir qilmasa-da, xavotirga sabab boʻlmoqda”, deydi Qozogʻistonning Olmaota shahridagi “Kursiv” biznes nashrining reklama va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi sobiq rahbari Mirlan Telebarisov.

“Xitoy axborot siyosatining yoʻnalishini xolis deb boʻlmaydi”, dedi u.

“Biz goʻyoki koronavirusga aloqador boʻlmagan va vahima keltirib chiqargan Qozogʻistondagi yangi halokatli zotiljam haqidagi maʼlumotni Xitoy ommaviy axborot vositalari yoyinlaganini yaxshi eslaymiz”, dedi u. “Keyinchalik bu xabar yolgʻon boʻlgani sababli ular maʼlumotni toʻgʻirlashgan.”

“Bu holat ularning tajovuzkor axborot siyosati Markaziy Osiyo davlatlariga destruktiv bosim oʻtkazishi mumkinligiga misol boʻla oladi”, dedi Telebarisov.

Qirgʻiziston ham Xitoy hukumatining axborot bosimini sezmoqda, deydi Bishkekdagi Orbita.kg muxbiri Jildizbek Ibraliyev.

“Xitoy hukumati doim maʼlumotlar va tashviqotni eng yuqori darajada nazorat qilgan”, dedi u. “Shuning uchun XXR Xitoydagi xorijlik jurnalistlar faoliyatini ertayu-kech nazorat qiladi.”

“Bu yil Xitoydagi mustaqil axborot agentliklari deya iddao qilingan OAVlar goʻyoki Xitoyga tegishli boʻlgan yoki tez orada unga oʻtishi mumkin boʻlgan Qozogʻiston va Qirgʻizistonning ayrim hududlari tasvirlangan xaritani chop etdilar”, dedi u.

“Mamlakatimizning Xitoy oldidagi qarzlarini hisobga olganda bunday maqolalar adashib yoki tasodifan chiqarilmagani aniq”, dedi Ibraliyev. “Xitoy bizga vazminlik bilan tahdid qilmoqda. Bu Pekinning OAVga nisbatan bosimiga yana bir misoldir.”

U kelajakda Xitoy hukumati tomonidan qoʻllanilishi mumkin boʻlgan cheklovlar xususida fikr bildirdi.

COVID-19 virusi tufayli oʻsib borayotgan ichki iqtisodiy muammolar sharoitida XXR nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda ham axborot nazoratini kuchaytiradi.”

[Maqolani tayyorlashga Olmaotadan Kanat Altinbayev koʻmaklashdi.]

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Ha-ha, xuddi AQSHda soʻz erkinligi bordek :))))

Javob berish

Ibrailovning gapiga qoʻshilmayman. Bu Vashingtonga qarshi javob chorasi.

Javob berish