Karvonsaroy
Salomatlik

Qozogʻiston Rossiyaning COVID-19 vaksinasiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda

Kanat Altinbayev

Qozogʻistonlik olimlar COVID-19ga qarshi oʻz vaksinalarini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. [AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi]

Qozogʻistonlik olimlar COVID-19ga qarshi oʻz vaksinalarini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. [AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi]

OLMAOTA – Qozogʻiston rasmiylarining ogohlantirishicha, Rossiya tomonidan ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi vaksina kasallikka chalinish xavfidagi ayrim demografik guruhlarga toʻgʻri kelmaydi. Ularning soʻzlariga koʻra, virusga qarshi vaksina Qozogʻistonning oʻzida ham ishlab chiqilmoqda.

Oʻtgan oyda Moskva 1957-yili ilk bor fazoga uchirilgan sovet sunʼiy yoʻldoshi sharafiga “Sputnik V” deb nomlangan vaksina tasdiqdan oʻtganini eʼlon qilgandi.

Vaksinani eʼlon qilishdagi bunday shoshma-shosharlik Gʻarb va rossiyalik olimlar orasida xavfsizlikka oid maʼlumotlarining yetarli emasligi tufayli xavotir keltirib chiqardi. Ayrimlar bu kabi shoshilish xavfli boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirganlar.

Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinasini “COVID-19 yuqtirish xavfi boʻlgan ayrim odamlarga qoʻllab boʻlmaydi”, deb aytgan Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Marat Shoranov 3-sentabr kuni onlayn brifingda.

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi 1-sentabr kuni Olmaotadagi ikkita laboratoriyaga 316 ming AQSH dollari (135,2 million tenge) miqdoridagi uskuna va materiallarni yetkazib berdi. Ushbu vositalar Qozogʻiston markaziy referens-laboratoriyasi va Qozogʻiston sanitar-epidemiologik ekspertiza va monitoring ilmiy-amaliy markazi tomonidan qoʻllaniladi. Ular yuqori sifatli namunalar olish va oʻziga xos polimeraza zanjir reaksiyasi jarayoniga asoslangan COVID-19 testi samaradorligini oshirishni rejalashtirmoqdalar. [AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi]

AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi 1-sentabr kuni Olmaotadagi ikkita laboratoriyaga 316 ming AQSH dollari (135,2 million tenge) miqdoridagi uskuna va materiallarni yetkazib berdi. Ushbu vositalar Qozogʻiston markaziy referens-laboratoriyasi va Qozogʻiston sanitar-epidemiologik ekspertiza va monitoring ilmiy-amaliy markazi tomonidan qoʻllaniladi. Ular yuqori sifatli namunalar olish va oʻziga xos polimeraza zanjir reaksiyasi jarayoniga asoslangan COVID-19 testi samaradorligini oshirishni rejalashtirmoqdalar. [AQSHning Qozogʻistondagi elchixonasi]

Uning soʻzlariga koʻra, vaksina homilador ayollar, emizikli onalar, surunkali kasallikdan aziyat chekuvchilar, shuningdek 18 yoshdan kichik va 60 yoshdan oshgan odamlar uchun xavfli boʻlishi mumkin.

“Qoʻllash mumkin boʻlmagan holatlar aholining eng zaif qatlamlarini emlash imkoniyatini cheklaydi”, dedi Shoranov.

Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vazirligining mahsulotlar hamda xizmatlar sifati va xavfsizligini nazorat qilish qoʻmitasi vakili Nurlibek Asilbekovning soʻzlariga koʻra, Qozogʻistonning 2 millionga yaqin aholisi mazkur xavf toifalariga kiradi.

Ishlab chiqaruvchi emas, natija muhim, deb taʼkidladi u.

“Biz bu vaksinalarning nojoʻya taʼsirlari xavfini kamaytirmoqchimiz”, dedi u. “Biz uchun eng muhimi, samarali vaksinaga ega boʻlish va xavf guruhidagi aholini emlash”.

“Sputnik V” bilan bogʻliq xavotirlar

24-avgust kuni Moskvaga tashrifi chogʻida Qozogʻiston sogʻliqni saqlash vaziri Aleksey Tsoy rahbarligidagi delegatsiya “Sputnik V” vaksinasi xalqaro sertifikat olgan taqdirda, uni Qozogʻiston sotib olishi toʻgʻrisida kelishuv imzoladilar.

Qozogʻiston soʻnggi – uchinchi bosqich sinovlari tugamagunicha vaksinani sotib olish borasida qaror qabul qilmaydi, dedi bosh vazir oʻrinbosari Roman Sklyar 7-sentabr kuni boʻlib oʻtgan onlayn matbuot anjumanida.

Sinovlar 2020-yil dekabrga qadar tugallanishi kutilmoqda.

“Ungacha biz nojoʻya taʼsirlarni bilib olamiz”, dedi Asilbekov “Sputnik V” ulardan xoli boʻlmasligi taʼkidlab.

Qozogʻiston Rossiya vaksinasini sotib olish masalasi bilan birga, boshqa vaksinalar, ayniqsa, AQSH va Buyuk Britaniya tomonidan ishlab chiqilayotgan vaksinalarni ham diqqat bilan kuzatmoqda.

Olmaotadagi Markaziy klinik shifoxonaning neyroxirurgiya boʻlimi mudiri Minjilki Berdixoʻjayev hali 3-bosqich sinovlaridan oʻtmagan Rossiya vaksinasiga ishonmasligini aytadi.

“Vaksina ikki yoki uch yildan keyin zardob kasalligini keltirib chiqarmasligiga amin boʻlishimiz kerak”, dedi u. “Koʻpchilik oqibatlarni oʻylamay, iloji boricha tezroq emlanishni xohlayapti, ammo asoratlar boshlanganida, ular bundan afsuslanadilar”.

“Rossiya hukumatida foydalanishga tayyor mahsulot borligi toʻgʻrisidagi bayonotga unchalik ishonmayman”, deydi Nur-Sultondagi ixtisoslashtirilgan COVID-19 kasalxonasi shifokori Asel Saliyeva.

“Ilk sinovlarda vaksina xavfsiz boʻlib tuyulishi, lekin asoratlari keyinroq yuzaga chiqishi mumkin”, dedi u. “Biz millionlab odamlarning sogʻligʻi bilan tavakkal qila olmaymiz, hatto bu xavf oʻzini oqlaydigandek tuyulsa ham.”

Yangi vaksina ustidagi ishlar

Qozogʻistonlik olimlar oʻz vaksinalarini yaratish ustida izlanmoqdalar.

Qozogʻistonda koronavirusga qarshi vaksinaning klinikagacha sinovlari yakunlandi va dastlabki natijalar “antitanachalarning portlovchi oʻsishini” koʻrsatdi, dedi 21-avgust kuni Qozogʻiston respublikasi Taʼlim va fan vaziri Asxat Aymagʻambetov, deb yozadi Vlast.kz.

Qozogʻiston vaksinasini ishlab chiquvchilar oʻz mahsulotlarini koʻngilli ravishda oʻzlarida sinab koʻrdilar. Sinovlar chogʻida immunoglobulin-M va immunoglobulin-G antitanachalarining portlovchi oʻsishi kuzatildi, dedi u.

Klinikadan avvalgi sinovlar natijalari Qozogʻiston vaksinasining xavfsiz ekanligi koʻrsatdi, deb qoʻshimcha qildi u.

“Biz hamkasblarimizning vaksinani ishlab chiqish yoʻlidagi ishlaridan faxrlanamiz”, dedi Aymagʻambetov. “Bizning inaktivatsiya qilingan vaksinamiz ham, gripp profilaktikasi vaksinamiz ham Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining reyestriga kiritilgan.”

Iyun va iyul oylarida kasallanishlar sonining keskin oshishi bilan pandemiya Qozogʻistonga juda katta ziyon yetkazdi. 11-may kuni hukumat favqulodda holatni bekor qilib, karantin choralarini yumshatdi.

Dushanba (14-sentabr) holatiga koʻra, Qozogʻistonda COVID-19ga chalinish bilan bogʻliq 106 mingdan ortiq holat tasdiqlangan, 1600 dan ortiq odam oʻlgan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 2

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Hech kim qozoqlarni sotib olsin deb zoʻrlamayapti; yoqmasa sotib olmang

Javob berish

Qozoqlar, Rossiyaning tekshirilmagan vaktsinasini nima qilasizlar? Ulardan imkon qadar uzoqroq yuring.

Javob berish