Karvonsaroy
Inson huquqlari

Eronning etnik ozchiliklarga nisbatan bosimi davom etmoqda: mamlakatda turkman tilidagi gazeta yopildi

Jumaguli Annayev

2013-yilning 22-sentabr kuni Tehronda har yilgi harbiy parad chogʻida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va harbiy amaldorlar oldidan oʻtayotgan Bosij safarbarlik kuchlarining etnik turkmanlari. [Atta Kenare/AFP]

2013-yilning 22-sentabr kuni Tehronda har yilgi harbiy parad chogʻida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy va harbiy amaldorlar oldidan oʻtayotgan Bosij safarbarlik kuchlarining etnik turkmanlari. [Atta Kenare/AFP]

ASHXOBOD – Eronda turkman tilida chiqadigan gazetaning yopilishi Tehronning bu mamlakatda yashovchi turkmanlar va boshqa etnik guruhlarga nisbatan bosimidan dalolatdir, deydi tahlilchilar.

Eronda 22 yil davomida nashr etilgan “Sahro” gazetasining litsenziyasi Eron hukumati tomonidan bekor qilingan, deb xabar berdi Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining turkman xizmati 6-sentabr kuni.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, nashr litsenziyasining bekor qilinishiga gazeta asoschilaridan birining mamlakatdan qochib ketgani sabab boʻlgan. Bu haqda faoliyati toʻxtagan nashr xodimlaridan biri ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Ozodlikning turkman xizmatiga maʼlum qilgan.

Eronlik turkman olimi Ogʻajumaning aytishicha, Ashxoboddagi koʻplab hamkasblari singari u ham gazetaning yopilganidan gʻazabda.

Eronlik turkman ayoli Soliha Guliston viloyatidagi Tamer Gare Guzi qishlogʻidagi uyida iftorlikka tayyorlanmoqda, 2004-yilning oktabr oyi. Erondagi turkman etnik ozchiligi moʻgʻullar bosqini paytida milliy oʻzligini saqlab qolgan Markaziy Osiyo turklariga borib taqaladi. [Henghamen Fahimi/AFP]

Eronlik turkman ayoli Soliha Guliston viloyatidagi Tamer Gare Guzi qishlogʻidagi uyida iftorlikka tayyorlanmoqda, 2004-yilning oktabr oyi. Erondagi turkman etnik ozchiligi moʻgʻullar bosqini paytida milliy oʻzligini saqlab qolgan Markaziy Osiyo turklariga borib taqaladi. [Henghamen Fahimi/AFP]

“Bu – ablahlik. Nazarimda, bu Eron hukumatining asrlar davomida Guliston viloyatida yashab kelgan etnik turkmanlarni oʻz ona tiliga boʻlgan huquqidan mahrum qilishga urinishidir”, dedi Ogʻajuma.

Eronning Turkmaniston bilan chegaradosh Guliston va Shimoliy Xuroson viloyatlarida koʻp asrlik turkman diasporasi yashaydi.

18-asrda yashagan turkman shoiri Maxtumquli Firogʻiy va uning otasi, tasavvuf olimi Davlatmuhammad Ozodiy Gulistonda dafn etilgan va ularning qabrlari butun dunyo turkmanlari uchun ziyoratgohga aylangan.

Milliy oʻzlikni yoʻqotish

Soʻnggi yillarda Eron rejimi etnik turkmanlar va boshqa etnik ozchiliklarga nisbatan genotsidni eslatib yuboradigan siyosat olib bormoqda, dedi Ogʻajuma.

Haqiqatan ham, turli inson huquqlari tashkilotlari Eron rejimini turkmanlar singari na fors va na shia boʻlgan ozchiliklarga nisbatan zulmini qoralaganlar.

Rejim “diniy ozchiliklarni, jumladan sunniy musulmonlar haq-huquqini cheklamoqda”, deyiladi Human Rights Watch tashkilotining 2020-yilgi hisobotida.

“Davlat maktablarida bolalarga fors tilidan boshqa tillarda oʻqish yoki soʻzlashish taqiqlanadi”, deyiladi 2019-yilda Vashingtondagi Yaqin Sharq siyosati instituti tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotda.

“Oyatullohlar rejimi allaqachon hayotning koʻp sohalarida turkmanlarning huquqini cheklab boʻlgan, endi esa ularni tilga nisbatan huquqlaridan ham mahrum qilmoqda. Turkmanlarni millati sifatida jismonan yoʻq qilish qoldi, xolos”, deydi Ogʻajuma.

Ogʻajumaning aytishicha, Eron hukumati atayin etnik ozchiliklarning milliy oʻzligini yoʻq qilishga urinayotgani toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar bor.

“Men turkmanistonlik ijodkorlar delegatsiyasi bilan Eronda boʻldim. Maxtumquli va Ozodiyning Gulistondagi qabrlarini ziyorat qildim va mahalliy turkmanlar bilan koʻp bor suhbatlashdim. Ularning menga pichirlab aytganlariga ishonish qiyin edi, ammo keyinchalik aytilgan soʻzlar haqiqat boʻlib chiqdi”, dedi Ogʻajuma.

“Erondagi qardoshlarimiz hayoti Sovet Ittifoqining 1930-yillardagi ommaviy taʼqiblar davriga oʻxshab ketadi”, deydi u Eronda huquq-tartibot organlari tunda fuqarolarning uylariga bostirib kirib, ularni nomaʼlum joyga olib ketishini aytar ekan.

“Eron xavfsizlik kuchlari, ayniqsa, turkman diasporasi yetakchilari va faollariga nisbatan shafqatsiz”, dedi Ogʻajuma.

Erondagi “Sahro” nashri ham siyosiy sabablar bilan yopildi, dedi Ogʻajuma.

“Men “Sahro” gazetasini qoʻlimga olib, uni qiziqish bilan oʻqiganman. Bu oʻnlab yillar davomida siyosiy va insoniy huquqlari uchun kurashishga intilayotgan barcha eronlik turkmanlarning ovozi edi”, deydi Ogʻajuma.

Nashr turkman mumtoz adabiyoti, turkmanlar tarixi, madaniyati, urf-odat va anʼanalari, ajdodlar vataniga oid yangiliklarga bagʻishlangan batafsil maqolalar bilan bir qatorda, barcha eronlik turkmanlarni qiziqtirgan masalalarni yoritar va ularning markaziy hukumatga nisbatan talablarini bayon qilar edi.

“Ammo bu ruhoniylar va hukumat rasmiylarga maʼqul kelmadi”, dedi Ogʻajuma.

Turkman tarixchisi Yusuf Ogʻaniyozovning (familiyasi xavfsizlik vajidan oʻzgartirilgan) fikricha, gazetaga qarshi bu harakat Tehron tomonidan etnik turkman madaniyati va taʼsirini zaiflashtirishga qaratilgan navbatdagi urinishdir.

“Sahro”ning yopilgani – bu boshqa (forsiy boʻlmagan) etnik guruhlar aʼzolarini butunlay “forsiylashtirishga” qaratilgan harakatlar zanjirining bir boʻgʻini, xolos, deydi Ashxobodda yashovchi Ogʻaniyozov.

“22 yil davomida nashr etib kelingan bu turkman gazetasining litsenziyasi kutilmaganda bekor qilindi. Bu Eron hukumatining Turkmaniston-Eron aloqalariga putur yetkazishga qaratilgan namoyishkorona xatti-harakati ekanligiga aminman”, deydi u.

Turkmaniston mintaqadagi barcha mamlakatlar bilan hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik aloqalarini saqlab qolish tarafdori, dedi u.

“Bu borada Erondan boshqa biror mamlakat bilan muammo yoʻq. Eron bilan esa “barcha ishlar behuda ketmoqda”, dedi u.

Etnik ozchiliklarni “forsiylashtirish”

Ogʻaniyozov kabi tarixchilarning fikricha, Erondagi turkman aholisi 20-asrning birinchi yarmida, Turkmanistonda Sovet hokimiyatining oʻrnatilishi va 30-40 yillardagi Stalin qatagʻonlari chogʻida keskin koʻpaya boshlagan.

Xorijdagi eng yirik turkman diasporalaridan biri Eronda yashaydi, deydi Ogʻaniyozov.

Ogʻaniyozovning tadqiqotlariga koʻra, mamlakatda 3 millionga yaqin etnik turkmanlar istiqomat qiladi.

Biroq, “Eron bu milliy ozchiliklarni forsiylashtirish siyosatini olib bormoqda, shuning uchun turkman aholisining sonini yashirmoqda”, dedi u.

“Biz muntazam ravishda Eron hukumatining mamlakatda yashovchi boshqa (fors boʻlmagan) etnik guruhlarga nisbatan taqiqlar joriy qilgani haqidagi xabarlarni eshitamiz”, dedi Ogʻaniyozov.

Uning soʻzlariga koʻra, Eron rejimi etnik turkman yoshlarini ona tilida taʼlim olish, madaniy oʻziga xoslikni saqlab qolish va ajdodlarining urf-odatlari bilan yashash huquqidan mahrum qilgan.

Ogʻaniyozov Erondagi etnik turkmanlar va boshqa ozchiliklar huquqlarining buzilishiga oid boshqa misollarni ham keltirib oʻtgan.

Xususan, odamlarni majburan uyidan haydab chiqarish, yerga egalik huquqidan mahrum qilish, ov qilish, baliq ovlash va boshqalarning taqiqlanishi shular jumlasidandir, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bu tentak tish shifokori boʻlgan Turkmaniston prezidenti nima qilyapti? Men turkman xalqini qoʻllab-quvvatlayman, oʻzim qoraqaloqman, biz birodarlarmiz.

Javob berish