Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

“Putinning oshpazi” dunyo boʻylab halokatli operatsiyalarga aralashuvi sabab sanksiyaga tushdi

Karvonsaroy va AFP

Yevgeniy Prigojin, sanasiz surat. [Mixail Metsel/TASS]

Yevgeniy Prigojin, sanasiz surat. [Mixail Metsel/TASS]

VASHINGTON – Chorshanba (23-sentyabr) kuni AQSH Moliya vazirligi Rossiya prezidenti Vladimir Putin, shuningdek Moskva xavfsizlik xizmatiga yaqin badavlat moliyachiga aloqador hamkorlar va korxonalarga nisbatan sanksiyalar eʼlon qildi.

Vazirlik bayonotiga koʻra, Yevgeniy Prigojin va Federal xavfsizlik xizmati (FSB) bilan bogʻliq sakkiz shaxs va yetti tashkilot sanksiyaga tushgan.

Prigojinga tegishli “Konkord” kompaniyasi Kreml uchun keytering xizmatlari koʻrsatib kelgani sababli uni “Putinning oshpazi” deb atashadi.

Bu chora Prigojinning Markaziy Afrika Respublikasidagi (MAR) faoliyatini va AQSHdagi saylovlarga aralashishda gumonlangan FSBni tekshirishga qaratilgan.

Suriyada faoliyat olib borayotgan Rossiyaning yollanma aksarlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat. [Fayl]

Suriyada faoliyat olib borayotgan Rossiyaning yollanma aksarlari, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat. [Fayl]

Sunʼiy yoʻldoshdan olingan ushbu fotosuratda “Vagner” guruhi tomonidan yetkazib berilgan va foydalanilayotgan uskunalar koʻlami aks etgan, 13-iyul, Liviyaning al-Xadim aerodromi. [AFRICOM]

Sunʼiy yoʻldoshdan olingan ushbu fotosuratda “Vagner” guruhi tomonidan yetkazib berilgan va foydalanilayotgan uskunalar koʻlami aks etgan, 13-iyul, Liviyaning al-Xadim aerodromi. [AFRICOM]

Soʻnggi sanksiyalar “Prigojinning Afrika mamlakatlari tabiiy resurslarini ekspluatatsiya qilishi va Rossiya hukumatining Prigojin faoliyatini muvofiqlashtirishdagi roli” bilan bogʻliq, deyiladi bayonotda.

“Prigojinning MARdagi togʻ-kon sanoati, xavfsizlik va logistika kompaniyalari bilan aloqalari bor va uning bu mamlakatdagi faoliyati Rossiyaning tashqi ishlar va mudofaa vazirliklari tomonidan muvofiqlashtiriladi”, deyiladi xabarda.

Sanksiyalar 2012-yilda prezident Fransua Bozizening hokimiyatdan agʻdarilishi ortidan yuzaga kelgan beqarorlik va qurolli nizolarga qarshi kurashgan MARda Prigojinga aloqador ikkita togʻ-kon sanoati korxonasi va uch nafar shaxsga qaratilgan.

Prigojin MARda ikkita konchilik kompaniyasiga egalik qiladi yoki ularni boshqaradi: bular – Rossiyaning qimmatbaho metallar qazib olish va xususiy qoʻriqlash xizmatlari bilan shugʻullanuvchi “M-Finans” hamda oltin va olmos qazib olishga ixtisoslashgan “Lobay Invest” kompaniyalaridir.

Ikkala kompaniya ham Prigojin bilan bogʻliq Rossiya xususiy harbiy kompaniyasi– “Vagner” guruhining amaliyotlariga aloqador boʻlgan, deyiladi vazirlik xabarida. Avvalroq, 2018 va 2019-yillarda Qoʻshma Shtatlar “Vagner” guruhining boshqaruvchi va moliyachisi boʻlgani uchun Prigojinga nisbatan sanksiyalar eʼlon qilgandi.

Shuningdek, “M-Finans” ham Prigojinning “Konkord” firmasi bilan aloqador boʻlgan. “Konkord” Sankt-Peterburgdagi Rossiya trollar fabrikasi boʻlgan Internet tadqiqotlari agentligiga (ITA) moddiy yordam koʻrsatgan. ITA Prigojin tomonidan moliyalashtirilishi taxmin qilinadi.

AQSH Moliya vazirligi ITAga ilk bor 2018-yilda sanksiyalar qoʻllagandi, oʻshanda agentlik butun dunyoda siyosiy va ijtimoiy tartibsizliklarni avj oldirishda ayblangan.

AQSHning soʻnggi sanksiyalari shuningdek, Prigojinning uch nafar sherigini ham nishonga olgan. Bular – “Lobay Invest” asoschisi va sobiq ITA xodimi Dmitriy Sitiy, “Lobay Invest” direktori Yevgeniy Xodotov va Prigojinning MARda ishlaydigan xodimi Aleksandr Kuzinlardir.

Nishonda – AQSHdagi saylovlar

AQSH sanksiyalari Vashington tarafdan “Rossiya hukumatining razvedka idoralari, jumladan FSBni bir qator beqarorlashtiruvchi amaliyotlari uchun javobgarlikka tortishga qaratilgan choralar” doirasida eʼlon qilingan.

2018-yilning mart oyida vazirlik FSBni “Rossiya hukumati nomidan jismoniy va yuridik shaxslarning kiberxavfsizligini buzuvchi, jumladan AQSH rasmiylariga qarshi qaratilgan faoliyat bilan shugʻullanganishda” ayblagan.

Avvalroq, 2016-yil dekabrda Kremlning AQSHdagi saylovlarga aralashishiga urinishi ortidan FSBga nisbatan sanksiyalar eʼlon qilingan edi.

23-sentyabr kuni Vashington Sankt-Peterburgdagi “Okeanos” suvosti texnologiyalari kompaniyasi va uning uch nafar xodimining FSB bilan hamkorlik qilganini aniqlagan.

Shuningdek, Finlandiyaning “Optima Freight” transport-ekspeditorlik kompaniyasi va uning egasi Nikita Kovalevskiy FSBga AQSH sanksiyalarini chetlab oʻtishga yordam bergani uchun taʼqib qilingan.

Kovalevskiy xuddi shu narsada ayblangan Finlandiyadagi yana uchta ekspeditorlik kompaniyasi – GCH Finland, Unicum Trade va ACEXning boshqaruvchi direktori hisoblanadi.

“Nikita Kovalevskiy va uning “Optima Freight” kompaniyasi noqonuniy sxemalar orqali Amerika eksport qonunchiligiga zid ravishda AQSHning maxfiy va nazorat ostidagi dengiz texnologiyalarini qoʻlga kiritgan”, dedi AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) agenti Steysi Moy.

“FQB Rossiyaning AQSH innovatsiyalarini yashirincha oʻgʻirlashini faol tergov qilishda va buning oldini olishda davom etadi”, dedi u.

Qoʻshma Shtatlar “Rossiya hukumatidan zararli kiber-amaliyotlar va saylovlarga aralashuv kabi bir qator beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlarni amalga oshirishda vakolatli shaxslar va razvedka idoralari, jumladan FSBdan foydalangani uchun javob berishni” talab qiladi, dedi AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo.

Kremlning maqsadi – resurslar

“Yevgeniy Prigojin dunyo boʻylab zararli siyosiy va iqtisodiy taʼsirini yoyishda uni qoʻllab-quvvatlovchi xalqaro tizimga ega”, dedi AQSH moliya vaziri Stiven Mnuchin bayonotda.

“Qoʻshma Shtatlar Prigojinning xalqaro miqyosda faoliyat olib borish imkoniyatini taʼqib qilishda davom etadi.”

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Xavfsizlik kengashi maʼlumotlariga koʻra, 800 dan 1200 nafargacha yollanma askarga ega Vagner guruhi xalqaro maydonda yashirincha Putinning rejalarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi.

Vagner guruhi dunyoning bir qator mamlakatlari, jumladan Suriya, Sudan, Venesuela, Madagaskar va boshqa mamlakatlarda faol harakat qilgan va qilib kelmoqda.

Vagner Rossiya harbiy kuchlari bilan muvofiqlashgan holda Ukraina sharqidagi fuqarolar urushi ortida turgan va 2014-yilda Moskvaning Qrimni noqonuniy egallab olishida muhim rol oʻynagan.

Avgust oyi boshlaridagi prezident saylovlari arafasida Belarusdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar va Liviyadagi fuqarolar urushida BMT tan olgan Milliy kelishuv hukumatiga qarshi kurashayotgan feldmarshal Xalifa Haftarni qoʻllab-quvvatlash uchun mamlakatga yollanma jangarilar kiritish – “Vagner guruhining” soʻnggi aralashuvlariga misoldir.

Xalqaro Migratsiya tashkilotiga koʻra, Haftarning Tripolini egallab olishga bir necha yillik urinishi davomida Liviyadagi xunrezliklar sabab yuzlab insonlar oʻlgan, 200 mingdan koʻproq odam oʻz uyini tark etgan.

Kremlning Suriya prezidenti Bashar al-Asadni qoʻllab-quvvatlashi fojiali qon toʻkilishiga sabab boʻlgan.

Rossiyaning MAR bilan bir qatorda boshqa davlatlardagi hiylalari qimmatbaho tabiiy resurslardan foydalanishdan tashqari boshqa maqsadlarni ham koʻzlaydi.

Moskva Liviyalik feldmarshal Haftarni qoʻllab-quvvatlash bilan mamlakat resurslaridan foydalanish, Liviyaning neft sanoatida oʻz ulushiga ega boʻlishga intilmoqda, bu unga katta daromad keltirish bilan birga, geosiyosiy dastak boʻlib ham xizmat qiladi.

Liviya Afrikadagi eng yirik neft zahirasiga ega va neft eksporti mamlakatning deyarli barcha daromadlari manbaidir.

Bu orada Moskva hozirda toʻxtatilgan, ammo Rossiya energetika kompaniyalari qayta tiklamoqchi boʻlayotgan, Suriyaning 12-blokida dengizdagi gaz zahiralarini qazib olish boʻyicha eksklyuziv tenderni oʻz ichiga olgan shartnomalarni imzoladi.

2016-yilning oʻzida Kreml qiymati qariyb 1 milliard AQSH dollariga teng infratuzilmaviy va boshqa shartnomalarni imzolagan. 2016-yil dekabrda Rossiyaning “Yevro Polis” kompaniyasi rejim bilan qazib olish hajmining 25 foizi evaziga neft quduqlarini qoʻriqlashga oid shartnoma imzoladi.

Putinning raqiblariga qarshi kurash

Prigojin “Vagner guruhi” moliyachisi rolidan tashqari, RIA FAN yoki Federal yangiliklar agentligini nazorat qiladi, deb xabar bergan oʻtgan yil oktabr oyida BBC.

Kreml tashviqotchilari bu OAVdan Rossiya va xorijda dezinformatsiya, ziddiyatlar va ishonchsizlik kayfiyatini tarqatishda foydalanib kelgan.

Prigojin, shuningdek Rossiya yetakchisi raqiblarini ham nishonga olgan.

U Kremlning eng asosiy tanqidchisi, Sovet davriga mansub asabni falajlovchi modda bilan zaharlangan Aleksey Navalniyni xonavayron qilishga soʻz bergan edi. Bir oy davomida Berlin shifoxonasida komada yotgan Navalniy seshanba (22-sentabr) kuni u yerdan chiqarilgan. Shifokorlar uning butunlay sogʻayib ketishiga umid qilmoqdalar.

“Konkord”ning matbuot xizmati Prigojinning ijtimoiy tarmoqlardagi 22-sentyabr kungi bayonotidan iqtibos keltirgan – unga koʻra, Prigojin oʻtgan yil oktabrdagi sud qarorini ijro etish niyatida. Qarorga koʻra, Navalniy va uning sheriklari videolavha bilan Prigojinning obroʻsiga putur yetkazgani uchun unga 88 million rubl (1,2 million AQSH dollari) toʻlab berishi kerak.

Navalniyning fondi tergov videolavhasida Prigojinga aloqador firmani bolalarni sifatsiz oshxona ovqati bilan kasal qilishda ayblagan edi. Prigojin bu kompaniyaga egalik qilishini rad etgan.

“Men bu vijdonsizlar guruhini kiyim va poyabzalsiz qoldirish niyatidaman”, deb aytgan Prigojin.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Jang qilish va halok boʻlish – ularning kasbi. Ha, pul va resurslar uchun. Hech kimni qurol oʻqtalib, XHKda ishlashga majburlashmaydi. “Har kim ekkanini oʻradi”

Javob berish

Havotirli joyi shuku,bu hayvonlar(vagnerchilar) oramizdan ham rossiyaparastt manqurtlardan iborat ,pul uchun Vatanini sotadigan besubutlardan askar yollashmi ham boshlashgan. 3-4 tasini o'ligi ham kelgandi Donbassdan. Hukumatimiz bunga qarshi keskin chora ko'rish kerak.

Javob berish

Oʻzbekistonda yashayman va Rossiya bilan maksimal yaqinlashuv tarafdoriman. Bu Oʻzbekistonni har tomonlama rivojlangan mamlakatlar qatoriga olib chiqish uchun eng samarali harakat vektori.

Javob berish

Nima qilamiz qashshoq Rossiyani? Shundoq ham yaxshi oʻzimizda.

Javob berish

Vagner guruhidagi besoqolbozlar boshligʻi bu

Javob berish