Pekin Tibet dehqonlari va chorvadorlarini Shinjondagi kabi mehnat dasturlarida ishtirok etishga majburlamoqda. Yetakchi tadqiqot institutining taʼkidlashicha, Shinjonda milliondan ortiq musulmonlar va etnik ozchiliklar vakillarining huquqlari muntazam ravishda poymol qilib kelinadi.
Bunday xatti-harakatlar siyosiy jihatdan sezgir mintaqada “madaniy merosning yoʻqolib ketishi”ga sabab boʻlishi mumkin, deb ogohlantirilgan Jeymstaun jamgʻarmasining 22-sentabr kungi hisobotida.
Bu reja Xitoyning uzoq gʻarbidagi asosan buddistlar yashaydigan Tibetda hukumat tarafidan targʻib qilinayotgan boʻlib, unga muvofiq, qashshoqlikka qarshi kurash chorasi sifatida qishloq mehnatkashlari fabrikalarda ishlashi kerak.
Ammo “harbiylashgan professional taʼlim” olis chegara hududi aholisining 90 foizini tashkil etuvchi etnik tibetliklarni mafkuraviy tarbiyalash va assimilyatsiya qilishning bir usulidir, deydi tadqiqotchilar.
Fond xabariga koʻra, 2020-yilning dastlabki yetti oyida natural xoʻjalik yurituvchi 500 mingdan ortiq qishloq mehnatkashlari – asosan chorvadorlar va fermerlar tayyorlov kursida taʼlim olgan, bunda har bir okrug uchun kvotalar ajratilgan.
Hisobotda tilga olingan Xitoy hukumatining 2019-yilgi harakatlar rejasiga koʻra, oʻquv dasturlari “mehnat intizomi, xitoy tili va mehnat munosabatlari etikasini” tarbiyalashga qaratilgan.
Nagchu shahar hokimiyatining 2018-yilgi hisobotida qoʻshimcha qilinishicha, ishchi kuchini qayta yoʻnaltirish dasturidan maqsad, “dangasa odamlarni yoʻqotish”dir.
Hisobotda aytilishicha, ishchilarni yollash kvotasini amalga oshiruvchi kompaniyalarga 500 ming yuangacha (75 ming AQSH dollari) mablagʻ taklif etiladi, chorvadorlar va fermerlar esa oʻz chorva mollari va yerlarini yirik davlat kooperativlariga topshirishga ragʻbatlantiriladi.
“Pekinning etnik ozchiliklarga nisbatan tobora faollashayotgan assimilyatsiya choralari sharoitida, bunday siyosat istiqbolda lingvistik, madaniy va maʼnaviy merosning yoʻqolishiga sabab boʻlishi mumkin”, deb yozadi Jeymstaun fondi hisobotining muallifi va AQSHdagi Kommunizm qurbonlari xotirasi fondi tadqiqotchisi Adrian Zents.
Majburiy bichish holatlari
Hisobotda aytilishicha, 50 mingga yaqin aholi Tibetning boshqa tumanlariga, 3 mingdan ortigʻi esa Xitoyning boshqa hududlariga koʻchirilgan.
Pekin 1951-yilda Xitoy qoʻshinlarining Tibetni “tinch yoʻl bilan ozod qilganini” aytsa-da, koʻplab quvgʻindagi tibetliklar markaziy hukumatni diniy qatagʻonlarda va milliy madaniyatni yoʻq qilishda ayblaydilar.
Pekinning Shinjondagi xatti-harakatlari musulmon ozchilikning diniy amallarini taʼqib qilishi tufayli shunday noroziliklarni keltirib chiqargan.
“Hukumatning 2017-yildan beri olib borgan siyosati natijasida Shinjonda taxminan 16000 masjid (umumiy miqdorning 65 foizi) buzilgan yoki shikastlangan”, deyiladi Avstraliya strategik siyosat institutining oʻtgan hafta eʼlon qilingan hisobotida.
Jeymstaun jamgʻarmasining hisobotida Shinjon mintaqasidagi mehnat dasturlari bilan oʻxshashlik eʼtirof etilgan boʻlsa-da, Tibetdagi mehnat dasturining koʻlami Shinjonniki bilan solishtirganda hali juda kichik.
Xitoy hukumatining oʻtgan hafta eʼlon qilingan Oq kitobiga koʻra, 2014-2019-yillarda ushbu dastur doirasida yiliga oʻrtacha 1,29 million ishchi oʻqitilgan.
Shinjon hududidagi uygʻurlar va boshqa musulmon etnik guruhlar huquqlarini “dahshatli va tizimli ravishda” poymol qilib kelgan Pekin xalqaro hamjamiyatning jiddiy bosimiga uchragan.
Musulmonlarni qayta tarbiyalash lagerlariga qamashdan tashqari, ayollarni majburiy sterilizatsiya qilish kabi boshqa huquqbuzarliklar ham sodir etilgan – quvgʻindagi uygʻurlar guruhi Xalqaro jinoiy sudni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlari uchun Xitoy rejimini tergov qilishga chaqirgan.
Pekin majburiy sterilizatsiyaga oid ayblovlarni asossiz deb atagan. Uning soʻzlariga koʻra, Shinjon mintaqasidagi muassasalar – fuqarolarni terrorizmdan uzoqlashtirishga qaratilgan kasb-hunar markazlaridir.
Bundan tashqari, uygʻurlarning inson huquqlari loyihasiga koʻra, 2017-yil aprel oyidan beri kamida 435 nafar uygʻur ziyolisi qamoqqa olingan yoki gʻoyib boʻlgan.
Xorijdagi tashabbuskor guruhlarga koʻra, uygʻur tilshunoslari, olimlari va noshirlarining taʼqib qilinishi Xitoy Kommunistik partiyasi tomonidan etnik guruhning oʻziga xosligi va madaniyatini yoʻqotish va uni mandarin (Xitoy) tilida soʻzlashuvchi xanlardan iborat koʻpchilikka assimilyatsiya qilish kampaniyasining bir qismidir.
Xitoy rasmiylari hukumat ziyolilarni hibsga olayotganini rad etganlar.
Xalqaro bosim kuchaymoqda
Rejim tarafidan inkor etilayotgan Pekinning Shinjondagi siyosati xalqaro hamjamiyatning keskin tanqidiga uchragan va Gʻarb davlatlarini faol harakatlarga undamoqda.
AQSH Vakillar palatasi 22-sentabr kuni koʻpchilik ovoz bilan Shinjon mintaqasidan mahsulot importini taqiqlash uchun ovoz berib, uygʻurlarni tizimli ravishda majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga chek qoʻyishini aytgan.
“Afsuski, majburiy mehnat mahsulotlari koʻp hollarda Amerika doʻkonlari va xonadonlariga kirib kelmoqda”, dedi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi ovoz berish jarayoni oldidan.
“Biz Pekinga aniq mujda yoʻllashimiz kerak: bu qonunbuzarliklarga barham berilishi lozim.”
Qoʻshma Shtatlar qullik mehnati bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni allaqachon taqiqlagan, ammo majburiy mehnat mintaqa iqtisodiyoti bilan uzviy bogʻliqligi sababli, mazkur qonun Shinjondan chiqqan mahsulotlarni butunlay taqiqlaydi.
Shuningdek, Xitoyning etnik ozchiliklarga nisbatan siyosatini tanqid ostiga olgan Yevropa Ittifoqi ham Pekindan mustaqil kuzatuvchilarga qattiq qoʻriqlanadigan mintaqaga kirishga ruxsat berishni talab qilgan.