Karvonsaroy
Salomatlik

Suriyalik oilalar Rossiya havo hujumlari tufayli COVID-19 avj olgan jamloqlarga qaytishga majbur boʻlmoqda

Qohiradan Volid Abul Xayr

Tibbiyot xodimlari Suriya shimoli-gʻarbidagi Idlib viloyatining Salqin shahrida COVID-19 kasalligidan vafot etgan 62 yashar suriyalikning jasadini qabrga qoʻymoqdalar. [Umar Haj Kadur/AFP]

Tibbiyot xodimlari Suriya shimoli-gʻarbidagi Idlib viloyatining Salqin shahrida COVID-19 kasalligidan vafot etgan 62 yashar suriyalikning jasadini qabrga qoʻymoqdalar. [Umar Haj Kadur/AFP]

Soʻnggi haftalarda Suriyaning Idlib viloyatiga yogʻdirilgan Rossiya aviazarbalari yaqinda oʻz uylariga qaytib kelgan oʻnlab oilalarni COVID-19 pandemiyasi avj olayotgan qochqinlar jamloqlariga qaytishga majbur qilgan.

Ularning aksariyati lagerlarda odamlar koʻpligi tufayli koronavirus yuqtirish xavfidan qoʻrqib, oʻz ona shaharlariga qaytishga qaror qilgan edilar, deydi “Oq dubulgʻalilar” aʼzosi Xolid al-Xatib.

Uning soʻzlariga koʻra, bu qoʻrquv bejiz emas, chunki havo hujumlarining qayta boshlanishi ortidan tinch aholining jamloqlarga qaytishi Suriya shimoli-gʻarbida koronavirusning avj olishi bilan bir vaqtga toʻgʻri kelgan.

“Soʻnggi haftalarda Idlibda tinch aholi orasida koronavirus bilan kasallanish va oʻlim holatlari keskin koʻpaydi”, dedi al-Xatib.

Uning taʼkidlashicha, aholining ilk koʻchishi Rossiya va Suriyaning avvalgi havo hujumlari sababli yuz bergan, buning natijasida eng avvalo oʻnlab rasmiy va norasmiy qochqinlar lagerlari tashkil etilgan.

Hozirda bu jamloqlarda 1,5 milliondan ortiq odam kun kechirmoqda va ularning sharoiti juda ogʻir.

Chegara bilmas shifokorlar (MSF) tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, lagerlarda suv taʼminoti cheklangan, sanitariya sharoitlari yomon. Jismoniy masofa saqlash, qoʻllarni yuvish va izolatsiya kabi nazorat choralari jamloqda yashayotganlarning koʻpchiligi uchun qiyin masala.

Suriya shimoli-gʻarbidagi Idlib va ​​uning atrofida davom etayotgan Rossiya havo hujumlari keng miqyosli vayronagarchiliklarni keltirib chiqardi, qishloq xoʻjaligi sanoati va savdo-sotiq butunlay toʻxtadi, bolalar taʼlim olish imkoniyatidan mahrum boʻldilar.

Rossiya samolyotlari bir necha yillardan beri bu hududdagi nishonlarni bombalashda davom etayotgan boʻlsa-da, soʻnggi vaqtlarda zoʻravonlik amaliyotlari yanada kuchayib, olti oy avval Turkiya bilan erishilgan otashkesimdan beri eng yirik havo hujumlari qayd etilgan.

Kasallanishlar soni keskin ortgan

Oʻtgan hafta MSF Suriya shimoli-gʻarbida koronavirus bilan kasallanganlar soni keskin koʻpaygani va bir oy avvalgiga nisbatan 10 barobar oshganini qayd etdi.

Tashkilotning xabar berishicha, 22-sentyabr holatiga mintaqada 640 kishining koronavirusga testi musbat natija koʻrsatgan, ularning qariyb 30 foizi tibbiyot xodimlaridir.

Xabar qilinishicha, 14-sentyabrning oʻzida 80 ta yangi holat roʻyxatga olingan, bu iyul oyi boshida ilk holat qayd etilganidan beri eng yuqori kunlik koʻrsatkichdir.

MSFning taʼkidlashicha, bu vaqt davomida test olish imkoniyatining cheklangani virus yuqtirish va kasallanishga oid raqamlarga nisbatan shubha uygʻotgan.

Al-Xatibning aytishicha, koʻplab tibbiy va gumanitar tashkilotlar umumiy foydalanish joylarini dezinfeksiya qilish va tushuntirish ishlari olib borish bilan lagerlarda virus tarqalishini jilovlashga urinmoqdalar.

Bu ishlar uchun yangi koʻngillilar jamoalari tuzilib, oʻqitilgan.

Oʻtgan oy Idlibda faoliyat olib boruvchi “Oq dubulgʻalilar” hamda boshqa tibbiy va gumanitar tashkilotlar havo hujumlari davom etadigan boʻlsa, hududda gumanitar falokat yuz berishi muqarrar ekanligi haqida ogohlantirgan edi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 4

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Rossiyaga nisbatan neft embargosi joriy qilish kerak.

Javob berish

Rossiya – uyingga, Ryazan va Vologdaga bor. !!! Suriya, Liviya, Checheniston, Kavkaz, Tatariston, Boshqirdiston, Sibir, Donbass, Qrim, Uzoq Sharqni tark et. Rossiya – oʻnlab etnik ozchiliklar uchun qamoqxona.

Javob berish

Rossiya doim oʻz uyida urushgan, odamlarning boshini olmagan va oʻzini Xudo deb eʼlon qilmagan. Rossiya boʻlmaganida nima boʻlardi? Rossiya qamoqxona deysanmi? Shu qamoqqa tushishni istab MDHning turli burchaklaridan kelayotgan millionlab odamlarni avval koʻrmaganman. Demak, yaxshi qamoq ekanda.

Javob berish

Rossiya doim genotsidlar bilan mashgʻul.

Javob berish