Atrof muhit

Koʻmir isteʼmoliga tayanuvchi Xitoy iqlim masalalarida oʻzini dunyoda yetakchi qilib koʻrsatishga urinmoqda

Karvonsaroy va AFP

image

2017-yil 21-fevralda olingan bu fotosuratda Shanxaydagi koʻmir elektr stansiyasi oldidagi Xuangpu daryosida baliq tutayotgan odam aks etgan. [Johannes Eisele/AFP]

PEKIN – Yaqinda Xitoy rejimining 2060-yilga kelib mamlakat uglevodorod chiqindilarini nolga tenglashtirish haqidagi vaʼdasi ishonchsizlik bilan kutib olindi. Pekinning iflos koʻmir elektrostansiyalariga yangi mablagʻlar sarflashi va uglevodorod chiqindilarining koʻpayib borishi uning iqlim oʻzgarishi masalasida dunyoda yetakchi boʻlish intilishlariga putur yetkazadi.

Soʻnggi 30 yil ichida qazilma yoqilgʻilar Xitoyning iqtisodiy oʻsishi tayanchiga aylandi va bu davlat har yili dunyoda ishlatilayotgan koʻmirning yarmini isteʼmol qiladi.

2000-2018-yillar oraligʻida mamlakatning yillik uglevodorod chiqindilari deyarli uch baravar oshgan, global isishga aloqador parnik gazlarining deyarli uchdan biri ham unga tegishli.

Koʻmirning iqtisodiyotdagi ulushini yoʻqotish vaʼdalariga qaramay, Xitoyning iqlimga ziyon keltiruvchi yoqilgʻidan foydalanish hajmi joriy yilning iyun oyida 2013-yilda kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkichga yetgan.

image

Changji shahridagi koʻmirni qayta ishlash zavodining asosiy darvozasi yonidan oʻtayotgan xitoylik ishchi, 2015-yilning 9-noyabr kun olingan surat. [Fred Dyufur/AFP]

Koronavirus pandemiyasidan zarar koʻrgan viloyatlarning iqtisodiyotini qayta tiklash maqsadida Pekin davlat kreditorlariga yangi koʻmir zavodlarini qurishga imkon berdi.

2020-yilning birinchi yarmida Xitoy rejimi umumiy quvvati 23 gigavattga teng yangi koʻmir loyihalarini tasdiqladi, bu oʻtgan ikki yilgi jami loyihalar sonidan koʻproq, deb xabar beradi San-Fransiskoda joylashgan Global Energy Monitor (GEM) iqlimni kuzatuvchi nodavlat tashkiloti.

“Bir qator yangi koʻmir zavodlarining qurilishi 2030-yilga kelib Xitoy emissiyasining choʻqqisiga yetishi haqidagi vaʼdalariga mutlaqo zid”, deydi Energetika va toza havo tadqiqotlari markazining Xitoy boʻyicha mutaxassisi Lauri Myullyuvirta.

Voqelikka zid oʻlaroq, 22-sentabr kuni prezident Si Szinpin Birlashgan Millatlar Tashkiloti anjumanida mamlakatning iqlim oʻzgarishiga oid masalalaridagi yetakchilik tomon dadil qadamlar qoʻyganini aytar ekan, 2030-yilgacha emissiyaning choʻqqisiga yetib, yana 30 yildan keyin uglevodorod qaramligidan butunlay xalos boʻlishga vaʼda bergan.

Shu tariqa Pekin ilk marta uglevodorod neytralligiga erishish rejalarini eʼlon qilgan, ammo mamlakat qanday qilib qazilma yoqilgʻidan voz kechishini ochiqlamagan.

“Xitoyning energetika sohasidagi rejalashida muammo” bor, deydi Greenpeace China tashkilotining iqlim va energetika boʻyicha katta xodimi Li Shuo AFP nashriga.

Iqlim boʻyicha global yetakchi?

Dunyodagi ikkinchi eng yirik iqtisodiyot oʻzini qayta tiklanuvchi energiya boʻyicha global yetakchi deb hisoblaydi, ammo koʻmir qazib olinishining ortishi qayta tiklanuvchi energetikani Xitoy bozoridan siqib chiqarmoqda, chunki Xitoy har oyda oylik limitga asoslangan sovet usulidagi kvotalardan foydalanadi.

Tarmoq kvotalari soʻnggi yillarda mahalliy hokimiyatlarni koʻmirdan olinadigan elektr energiyasi uchun ajratmalarni koʻpaytirishga undadi va bu hatto iqtisodiy subyektlar investitsiyalar hajmini oshirsa ham, Xitoy energotizimida qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish uchun kamroq imkoniyat qoldirmoqda.

“Xitoyning energetika siyosati ikki boshli mahluqqa oʻxshaydi, boshlar bir-biriga qarama-qarshi yoʻnalishda harakat qilishga urinmoqda”, deydi “Greenpeace” vakili Li. “Mahalliy hukumat organlari togʻ-kon sanoatidagi ish oʻrinlarini himoya qilish uchun koʻproq koʻmir energiyasini sotib olishni afzal koʻradi.”

Xitoyning koʻmirga qaramligini tugatish oson boʻlmaydi, deydi iqtisodchilar.

GEM maʼlumotlariga koʻra, mamlakat eng yuqori talabni qondirish uchun zarur boʻlganidan 400 GVt koʻproq koʻmir yoqilgʻisiga ega.

“Xitoyning koʻmir parki taxminan 50% quvvat bilan ishlamoqda”, dedi Myullyuvirta.

“Koʻplab obyektlar (foydasiz) oq fillar kabidir. Yangilarini qoʻshish ularning samaradorligini yanada pasaytiradi”.

Emissiya standartlari past boʻlgan yangi zavodlar eski iflos moʻrilar oʻrnini egallaydi, deydi siyosatchilar.

Ammo iqtisod uncha katta emas: yangi zavodlar ishlab chiqarilayotgan bir kVt/soat quvvat uchun eskilariga qaraganda atigi 11% kamroq karbonat angidrid gazini chiqaradi.

Harakat yoʻnalishi Xitoy energetikasining hali ham koʻmir hukmronlik qiladigan kelajagiga ishora qilmoqda.

Shu bilan birga, Xitoyning “Bir kamar - bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi xorijiy investitsiyalar yangi koʻmir stansiyalari bilan Pokistondan tortib, Zimbabvegacha rivojlanayotgan mamlakatlar eʼtiborini jalb qilishi mumkin.

Pekinning voqelikni buzib koʻrsatishi

Bu Pekinning xorijda faol dezinformatsiya kampaniyalari olib borish orqali jamoatchilik fikriga taʼsir oʻtkazishga urinishi bilan bogʻliq birinchi holat emas.

Xitoy rejimi COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda oʻzining “mardonavor xatti-harakatlari” haqida bong urayotgan boʻlsa-da, bu taʼrif Pekinning virusni tarqatish va global inqirozdan foyda olishdagi roli bilan bogʻliq voqelikka zid keladi.

Xitoy milliy muzeyida ochilgan “Kuch birligi” deb nomlangan yangi koʻrgazmada inqirozga qarshi kurashda erishilgan muvaffaqiyatlarni madh etuvchi rasmlar, haykallar va xattotlik namunalari namoyish etilgan.

Bu tadbir va rejimning ijtimoiy tarmoqlar va axborot makonini dezinformatsiya bilan toʻldirishga qaratilgan harakatlari Pekinning global sogʻliqni saqlash inqirozga qarshi choralari bilan bogʻliq real voqelikdan ancha yiroqdir.

2020-yil boshlarida Xitoy rasmiylari halokatli kasallik avj olayotganini bila turib, deyarli bir hafta sukut saqladilar va Uxandagi virusning dunyo boʻylab tarqalib ketishiga yoʻl qoʻyib, epidemiyaga oid dalillarni qasddan yashirish yoki yoʻqotishga urindilar.

Inqiroz boshlanganidan beri, Pekin fitna nazariyalarini targʻib qilish orqali koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq aybni oʻzidan soqit qilishga va ijtimoiy tarmoqlar hamda axborot makonini virus haqidagi dezinformatsiya bilan toʻldirishga harakat qildi.

Bu orada Xitoy kompaniyalari pandemiyani daromad manbaiga aylantirganlar.

Mart-may oraligʻida Xitoy 50 milliard donadan ortiq niqob eksport qilgan, bu oʻtgan yilgi hajmdan 10 marta koʻp, deydi tahlilchilar.

Bu kabi choralar doirasida Xitoy rasmiylari Shinjon hududidagi musulmon ozchilikni shaxsiy himoya vositalari ishlab chiqaruvchi zavodlarda ishlashga majburlamoqdalar. Xitoyning bu turdagi aksar mahsulotlari yaroqsiz va samarasiz deb topilgan.

Markaziy Osiyo uchun Xitoyning sarmoyasi va taʼsiri manfaatlimi?
Fikrlar 0
Siyosat * Majburiy 1500 / 1500