Karvonsaroy
Xavfsizlik

Huquq-tartibot tizimidagi islohotlar doirasida Qozogʻiston politsiyasi xizmat modeli asosida ishlashga oʻtmoqda

Aydar Ashimov

Qozogʻistonning Turkiston shahridagi tuman politsiya inspektori, 28-sentyabr. (Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi)

Qozogʻistonning Turkiston shahridagi tuman politsiya inspektori, 28-sentyabr. (Qozogʻiston ichki ishlar vazirligi)

NUR-SULTON – Qozogʻiston hukumati huquqni muhofaza qilish tizimidagi islohotlar doirasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) bilan birgalikda mamlakat politsiyasi faoliyatini servisga yoʻnaltirilgan modelga oʻtkazish ustida ish olib bormoqda, deb xabar beradi IIV.

“Xalqaro amaliyotda xizmatga yoʻnaltirilgan politsiya – muammolarni hal qilish va jamoatchilik bilan hamkor boʻlishga qaratilgan boshqaruv uslubi va tashkiliy strategiyadir”, deyiladi IIVning 23-sentyabr kungi bayonotida.

Servis modeli aholiga yuqori sifatli xizmatlar taqdim etish va xavfsizlik muammolarini aniqlash uchun huquqni muhofaza qilish idoralari va fuqarolar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga asoslangan.

Politsiyaning yangi modelida asosiy rol oʻz hududi aholisi bilan doimiy aloqada boʻlib turadigan uchastka inspektoriga ajratilgan.

Migratsiya politsiyasi xodimi fuqarodan maʼlumot olmoqda, 25-avgust, Qozogʻistonning Petropavlovsk shahri. (IIV)

Migratsiya politsiyasi xodimi fuqarodan maʼlumot olmoqda, 25-avgust, Qozogʻistonning Petropavlovsk shahri. (IIV)

“Jamoat xavfsizligini taʼminlovchi xizmatga yoʻnaltirilgan formatga oʻtish maqsadida oʻtgan yili Qaragʻanda viloyatida sinov loyihasi ishga tushirildi”, dedi IIVning kadrlar siyosati boʻlimi boshligʻi Aydar Saytbekov. “Uning maqsadi – jamoat xavfsizligi masalalarida mahalliy hamjamiyat bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish. Yaqin kelajakda xuddi shu loyiha poytaxt Nur-Sultonda ham joriy etiladi”.

Qozogʻiston huquqni muhofaza qilish organlaridagi islohotlar 2018-yil oktabrida, oʻsha vaqtdagi prezident Nursulton Nazarboyevning jamoatchilik bilan ishlashning yangi zamonaviy usullarini joriy etish va politsiya faoliyatini baholash mezonlarini oʻzgartirishi bilan boshlangan edi.

Huquq-tartibot organlari faoliyatini ijtimoiy yoʻnaltirilgan xizmatga aylantirishga oid bu kabi islohotlar 2018-yildan beri qoʻshni Qirgʻizistonda ham davom etyapti.

Xalqaro koʻmak

Qozogʻiston servisga yoʻnaltirilgan politsiya modelini Nur-Sultondagi YXHT dasturlari idorasining faol ishtirokida joriy etmoqda.

22-sentyabr kuni Nur-Sultonda IIV rasmiylari, jamoatchilik arboblari va YXHT mutaxassislari ishtirokida oʻtgan yigʻilishda yangi modelga oʻtish masalalari muhokama qilindi.

YXHT koʻmagida uchastka nozirlari va mahalliy politsiya xizmati rahbarlari uchun maxsus oʻquv treninglari oʻtkazilmoqda, deb xabar berdi IIV.

“YXHTning yordami tasodif emas. Aynan Yevropa mamlakatlarida politsiya xizmati modeli oʻz samaradorligini namoyish etdi. YXHT mutaxassislari mamlakatimizda servis modelini joriy etishga har tomonlama koʻmaklashmoqda”, deydi chimkentlik siyosatshunos Rauan Dautaliyev.

Jamoat xavfsizligida “nafaqat jinoyatchilarni ushlash, balki jamoatchilik bilan muloqot oʻrnatish, muammolarni aniqlash va ularni hal qilishga yordam berish ham muhim”, deydi Dautaliyev.

“Xizmatga yoʻnaltirilgan politsiya tarkibiga nafaqat politsiyachilar kiradi, balki ularga boshqa davlat tizimlari – sogʻliqni saqlash, taʼlim va ijtimoiy himoya sohasi vakillari ham yordam beradi.”

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimli yondashuvni talab qiladi va bunga zamonaviy xizmat koʻrsatish modeli orqali erishiladi”, dedi Dautaliyev.

Sinov loyihasidan mamlakat miqyosidagi oʻzgarishlarga qadar

Qozogʻistonda xizmatga yoʻnaltirilgan politsiyani tashkil etish Qaragʻanda viloyatida boshlandi, bu yerda oʻtgan yilning noyabridan beri tajriba loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mahalliy aholi huquq-tartibot idoralaridagi oʻzgarishlardan mamnun.

“Soʻnggi vaqtlarda politsiyaning faoliyati yaxshilandi”, deydi qaragʻandalik Serik Bilyalov. “Xavfsizlikni taʼminlash – politsiya va fuqarolarning umumiy vazifasi, degan fikr paydo boʻldi.”

“Politsiyaga murojaat qiladigan boʻlsangiz, sizga yordam berishga harakat qiladilar. Masalan, koʻchadagi shubhali odamlar yoki hatto kichik qonunbuzarliklar haqidagi maʼlumot uchun minnatdor boʻladilar.”

Qozogʻistonda fuqarolarning murojaatlarini qabul qiluvchi servis markazlari ishga tushirib boʻlingan. Bunday front-ofislar Qozogʻistonda ilk bor 2018-yil oxirida paydo boʻldi. Ular qabulxonalar, nogironlar uchun panduslar, navbatlarni raqamlovchi mashinalar, toʻlov terminallari, televizorlar va kofe-mashinalar bilan jihozlangan.

“Yaqinda yashash joyimda roʻyxatdan oʻtish masalasida politsiyaga murojaat qilgandim”, deydi Taraz shahrida yashovchi Roza Makajanova.

“Politsiya idorasining ishi xushmuomala va oʻz ishini yaxshi biladigan xodimlar bilan yaxshi taassurot qoldirdi. Navbatlar yoʻq. Xizmatlar “yagona darcha” uslubida taqdim etiladi, uning yordamida barcha xizmatlardan foydalanish mumkin.

Jamoatchilik bilan tezkor muloqotni osonlashtirish uchun politsiya ijtimoiy tarmoqlarda akkauntlar ochmoqda. Masalan, Olmaota shahar politsiya boshqarmasining 102 ta uchastka noziri ijtimoiy tarmoqlarda oʻz hisobiga ega.

“Maqsadimiz – fuqarolar bilan amaliy muloqot kanallarini yoʻlga qoʻyish va tunu kun ishlovchi qayta aloqa tizimini oʻrnatish”, dedi Olmaota shahar politsiyasi boshligʻi Kanat Taymerdenov.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500