Karvonsaroy
Energiya

Turkmaniston TAPH gaz quvuri loyihasini jadallashtirmoqda

Jumaguli Annayev

TAPH quvurining uzunligi 1840 kilometrni tashkil etadi. Eron rejimi bu loyihaga qatʼiyan qarshi chiqmoqda. [Alistair Hamilton]

TAPH quvurining uzunligi 1840 kilometrni tashkil etadi. Eron rejimi bu loyihaga qatʼiyan qarshi chiqmoqda. [Alistair Hamilton]

ASHXOBOD – Turkmaniston rasmiylari chet ellik hamkasblari bilan Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) tabiiy gaz quvuri qurilishini jadallashtirishga intilmoqdalar.

TAPH quvurining Turkmanistondagi uchastkasi qurilishi 2015-yil dekabrda boshlangan.

Quvur yiliga 33 milliard kub metr gaz yetkazib berish quvvatiga ega. U Afgʻonistonning Hirot va Qandahor, Pokistonning Kvetta va Multon hamda Hindistonning Fazilka shaharlaridan oʻtishi kutilmoqda.

Quvur toʻrt mamlakat uchun ham manfaatli boʻladi. Turkmaniston oʻz tabiiy gazi uchun boshqa mijozlar izlashga majbur boʻlmoqda, sababi muqobil xaridor boʻlmagani sababli Xitoy va Rossiya undan juda arzon narxlarda gaz sotib oladi. Afgʻoniston ham tabiiy gaz, ham uning hududidan oʻtadigan quvur uchun tranzit yigʻimlarini olmoqchi. Pokiston va Hindiston esa bir necha yillardan beri energiya tanqisligidan aziyat chekib keladi.

Quvurning Afgʻoniston uchastkasidagi tayyorgarlik – yer ajratish va minalardan tozalash ishlari 2018-yil fevralda boshlangan. Sentabr oyida Caspian News Afgʻonistondagi qurilish ishlari 2021-yil avvalida boshlanishi haqida xabar bergan.

Pokiston uchastkasining qurilishini esa 2020-yilda boshlash rejalashtirilgan.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va Hindistonning Turkmanistondagi yangi elchisi Vidxu P. Nair 10-sentabr kuni “transmilliy gaz quvuri qurilishini yakunlashga oid yechimlarni” muhokama qildilar, deb xabar berdi “Oltin asr” davlat telekanali.

18-sentabr kuni Berdimuhamedov Pokiston prezidenti Orif Alvi bilan quvur loyihasini telefon orqali muhokama qildi, deb xabar beradi Turkmaniston davlat axborot agentligi (TDH).

Joriy yilda quvur qurilishiga oid ichki munozaralarning kuchayishi ortidan xalqaro hamjamiyat bu masalaga eʼtibor qaratgan.

Oldinga siljish

Turkmanistonning TAPH loyihasini jadallashtirishga intilayotgani bejiz emas, deydi familiyasini ochiqlamaslikni soʻragan ashxobodlik iqtisodiy sharhlovchi Vladimir.

“Gaz quvurining oʻziga qarashli qismi qurilishida erishilgan yutuqlar haqida xabar berar ekan, Turkmaniston oʻz sheriklariga loyihani qoʻllab-quvvatlash fikri va uning mintaqa uchun ahamiyatini tushunishdan real harakatlarga oʻtish vaqti kelganiga ishora qilmoqda”, dedi u.

TAPH quvurining qurilishi, istiqbollari, foydalari va moliyalashtirish muammolari haqida gapiradigan boʻlsak, Turkmaniston bu borada qatʼiy istak va maqsadga intilish orqali natijaga erishmoqda, deydi tahlilchi.

“Umuman olganda, Turkmanistonning nazdida ular (Afgʻoniston, Pokiston va Hindiston) aniq choralar koʻrish yoʻlida yetarlicha harakat qilmayotgandek koʻrinmoqda”, dedi u.

Berdimuhamedov Alvi bilan telefon orqali muloqoti chogʻida yaqin orada Pokistonda ham gaz quvurini qurish boshlanishiga umid qilayotganini aytar ekan, aynan shuni nazarda tutdi, deydi Vladimir.

“Aytish mumkinki, Turkmaniston TAPHning hamma ogʻirligini yakka oʻzi tortyapti, sheriklar esa, afsuski, bir chekkada turibdi”, dedi u.

2015-yilda tashkil etilgan “TAPI Ltd.” konsorsiumiga rahbarlik qiluvchi “Turkmangaz” davlat konserni vakili Ravshan Xalliyevga koʻra, quvurning Turkmaniston hududidagi 244 kilometrlik qismi qurib bitkazilish arafasida.

“Bu vaqtda esa quvurning Afgʻoniston (774 km) yoki Pokiston (826 km) uchastkasidagi qurilishi boshlangani ham yoʻq”, dedi u.

Turkmaniston Kobulning loyihadagi ishtirokini kuchaytirishga harakat qilayotgan boʻlsa-da, Afgʻoniston bu borada zaif boʻgʻin boʻlib qolmoqda, deydi Xalliyev.

Afgʻoniston tinchlik muzokaralari orqali 40 yildan ortiqroqqa choʻzilgan urushni toʻxtatishga urinmoqda. Uning iqtisodiyoti toʻxtovsiz jangovar harakatlar tufayli vayron boʻlgan.

Uning soʻzlariga koʻra, Turkmanistonning faol saʼy-harakatlari tufayli quvurning Afgʻoniston qismidagi yer uchastkalarini tanlash boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolashga erishildi.

“Turkmaniston loyihadagi sheriklarining faolligini oshirish va eng muhimi, xorijiy investorlarning ishonchini mustahkamlash uchun misli koʻrilmagan choralarni amalga oshirmoqda”, dedi Xalliyev.

Aminmanki, Turkmanistonning saʼy-harakatlari behuda ketmaydi va TAPH gaz quvuri mintaqadagi tinchlik va barqarorlik omiliga aylanadi, deydi ashxobodlik iqtisodiy sharhlovchi Vladimir.

Oʻz navbatida Afgʻonistonning “Tolibon” harakati oʻzining nazorati ostidagi hududlarda loyihaga toʻsqinlik qilmaslikka vaʼda berdi, dedi u.

“TAPH haqida 20 yildan ortiqroq vaqt davomida juda koʻp munozaralar boʻldi, ammo uni qurish istiqbollari endigina koʻrina boshladi”, dedi Vladimir.

Eronning qarshiligi

Ashxoboddagilar TAPHning Eron-Pokiston-Hindiston gaz quvuriga raqobatchi ekanligi va Tehron loyihani amalga oshirishga imkoni boricha toʻsqinlik qilishini biladi, deydi Xalliyev.

Xalliyevning soʻzlariga koʻra, Erondan chiqadigan gaz quvuri TAPHdan qariyb 1000 kilometrga uzunroq, ammo Tehron bu quvurni barpo etish taxminan 3 milliard dollarga (10,5 milliard manat) arzonroq tushadi, degan daʼvo bilan investorlarni jalb qilishga urinmoqda.

“Ashxobodlik sharhlovchilarning fikricha, Eron Janubiy Osiyo gaz bozorlari uchun kurashda nomaqbul usullardan foydalanmoqda”, dedi u.

U Afgʻonistondagi Tolibon qoʻmondonlaridan biri Muhammad Ayub Alizaiyning 2018-yil fevral oyidagi bayonotiga ishora qilgan.

Tolibon rahbariyati TAPH qurilishiga toʻsqinlik qilmaslikni vaʼda qilgan boʻlsa-da, Alizaiy Eron rejimi uni va odamlarini tayyorgarlikdan oʻtkazib, qurollantirganini va quvurga hujum qilishga buyruq berganini aytgan.

Alizaiyning boʻlinmasi bu missiyani bajarmay turib hukumatga taslim boʻlgan.

“Tolibon dala qoʻmondoni 2018-yilda, TAPHning Afgʻoniston qismidagi qurilishi boshlangani eʼlon qilinganida shunday bayonot bergan”, dedi Xalliyev.

Tehron 20 yildan ortiq vaqt mobaynida TAPH boʻyicha munosabat bildirmadi, bu esa dala qoʻmondonining gaplari haqiqat ekanligini anglatishi mumkin, deydi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500