Karvonsaroy
Iqtisodiyot

Kremlning Belarusga “yordami” Markaziy Osiyoni nazorat qilish strategiyasida aks-sado bermoqda

Kanat Altinbayev

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2020-yilning 4-sentyabr kuni nutq soʻzlamoqda. [Mikhail KLIMENTYEV / Sputnik / AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2020-yilning 4-sentyabr kuni nutq soʻzlamoqda. [Mikhail KLIMENTYEV / Sputnik / AFP]

OLMAOTA – Rossiya rejimining Belarusdagi aktivlarni qoʻlga kiritish va uning beqaror iqtisodiyotiga turtki berishga qaratilgan harakatlari Moskvaning Markaziy Osiyoda taʼsir dastaklarini qoʻlga kiritish boʻyicha davom etayotgan strategiyasiga oʻxshab ketmoqda, deydi tahlilchilar.

Belarus – Moskvaning “strategik teranligi” uchun gʻoyatda muhim. Moskva oʻzining deyarli barcha neft va gazini Belarusga sotgani uchun ham bu mamlakatdan jiddiy manfaatdor.

Shuningdek, Belorussiyada strategik jihatdan muhim ikkita harbiy obyektga egalik qiluvchi Moskvaning bu mamlakatda yirik harbiy manfaatlari ham bor.

Belarus gʻalayonlar girdobiga qolayotgan shu kunlarda Rossiya rejimi mamlakatdagi taʼsiri va manfaatlarini taʼminlashga har qachongidan ham koʻproq intilmoqda.

Suratda: Qirgʻizistonning Chuy viloyati, Qorabolta shahridagi “Gazprom” yoqilgʻi quyish shoxobchasi, 2-oktabr. Gazprom Qirgʻizistonniing “Qirgʻizgaz” davlat gaz taqsimoti kompaniyasini barcha gaz quvurlari, gaz taqsimlash stansiyalari va yerosti omborlari bilan birga ramziy 1 dollar evaziga sotib olgan. [Kanat Altinbayev]

Suratda: Qirgʻizistonning Chuy viloyati, Qorabolta shahridagi “Gazprom” yoqilgʻi quyish shoxobchasi, 2-oktabr. Gazprom Qirgʻizistonniing “Qirgʻizgaz” davlat gaz taqsimoti kompaniyasini barcha gaz quvurlari, gaz taqsimlash stansiyalari va yerosti omborlari bilan birga ramziy 1 dollar evaziga sotib olgan. [Kanat Altinbayev]

9-avgust kungi bahsli saylovlarda oltinchi muddatga daʼvogarlik qilgan avtoritar prezident Aleksandr Lukashenkoning isteʼfosini talab qilayotgan namoyishchilar har kuni Belarus koʻchalarini toʻldirmoqda.

Namoyishlarni bostirish uchun Lukashenko ishga solgan maxsus qoʻshinlar namoyishchilarga qarshi zoʻravonliklar va qiynoqlar qoʻllashda ayblangan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Lukashenkoga “nazorat qoʻldan chiqadigan boʻlsa”, vaziyatga aralashishga vaʼda bergan.

Belarus Rossiyaga qarzdor boʻlib ulgurgan. 27-avgust kuni Lukashenko Putin bilan Minskning Moskva oldidagi bir milliard dollarlik qarzini qayta moliyalashtirish toʻgʻrisida kelishib olganini maʼlum qildi. U qayta moliyalashtirish tafsilotlari va shartlarini ochiqlamagan.

Ayni vaqtda COVID-19 pandemiyasi va milliy valyutaning qadrsizlanishi tufayli Belarus iqtisodiyoti inqirozga yuz tutmoqda.

Bu voqealar manzarasida Putin sentabr oyida TASSga bergan intervyusida Moskva Minskka 1,5 milliard dollar qarz berishini aytib, Rossiya Belarus iqtisodiyotidagi eng yirik investor ekanligini taʼkidlagan – bu yerda Rossiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan qariyb 2500 ta korxona faoliyat olib boradi.

“Biz qator sohalar va yoʼnalishlarda barqaror va chuqur hamkorlik qilib kelmoqdamiz”, dedi Putin.

Moskva iskanjasida

Kuzatuvchilar Kreml “saxiyligi”ning oʻz bahosi borligiga shubha qilmaydilar.

Belarusning iqtisodiy tadqiqot markazi (BEROC) katta ilmiy xodimi Lev Lvovskiyning “Current Time” telekanaliga maʼlum qilishicha, 1,5 milliard dollar miqdoridagi “yordam” naqd pullar emas, balki Rossiyaning avvalgi qarzi restrukturizatsiyasi boʻlib, buning evaziga Minsk endi Rossiyaga jozibador korxonalarni sotishga majbur boʻlishi mumkin.

Lvovskiyning taʼkidlashicha, Belarusning boshqa chorasi ham yoʼq, zero uning iqtisodiyoti Rossiyaga qaram.

Rossiya allaqachon Belarusning koʻplab strategik aktivlarini nazorat qilmoqda, agar u mamlakat iqtisodiyotini qutqaradigan boʻlsa, ular Moskva nazoratiga yanada chuqurroq kirishi mumkin, deydi Vashingtondagi Atlantika kengashining katta ilmiy xodimi Anders Aslund.

2011-yilda “Gazprom” Belarus gaz kompaniyasini va avval unga tegishli boʻlmagan magistral gaz quvurining yarmini sotib olgan. Rossiyaning “Rosneft” davlat kompaniyasi nazoratidagi “Slavneft” Mozir neftni qayta ishlash zavodining 42,5 foizini xarid qilgan, deb yozadi Aslund.

Kreml nazorati ostidagi rossiyalik oligarxlar Belarusning Gʻarbga eksportining uchdan ikki qismini taʼminlaydigan Belarusdagi bir nechta yirik sanoat obyektlarini sotib olishga harakat qilmoqdalar.

Qozogʻistondagi agressiv choralar

Rossiya rejimi koʻplab sohalarda oʻz taʼsirini kuchaytirayotgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun voqealarning bunday ketma-ketligi juda yaxshi tanish.

Moskvaning Markaziy Osiyodagi eng boy neft konlariga ega Qozogʻistondagi xatti-harakatlari tajovuzkorroq tus olgan.

Bu yerda 10 mingdan ortiq firma, yaʼni Markaziy Osiyoning bu respublikasida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy kompaniyalarning uchdan biri ruslarga qarashli.

Rossiyaning Kaspiy dengizidagi eng yirik xalqaro neft transport loyihasi – Kaspiy quvuri konsorsiumida 24 foizlik ulushi bor. Uzunligi 1500 km dan oshadigan magistral quvur Qozogʻiston neftini Rossiyaga va Yevropaning qolgan qismiga yetkazib beradi. Yana 12,5 foizlik ulush Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasiga tegishli.

Bundan tashqari, Lukoyl 1997-yildan beri Qorachigʻanoq loyihasida 13,5 foiz ulushga egalik qiladi. Qorachigʻanoq Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatidagi yirik neft va gaz kondensat konidir.

Moskvaning Qozogʻistondagi tarixiy tajribasi uning mintaqada nazorat va taʼsirga ega boʻlish uchun qanchalik shafqatsiz harakat qilishini koʻrsatmoqda, deydi tahlilchilar.

1990-yillarda Moskva Qozogʻiston va Rossiya oʻrtasidagi Yevropaga neft eksport qiluvchi quvurdan foydalanishni toʻxtatishi uchun Ostona hukumatiga bosim oʻtkazgan, deydi neft va gaz sohasi boʻyicha olmaotalik tahlilchi, “Qozogʻistonning qora qoni” kitobi muallifi Oleg Chervinskiy.

Kremlning maqsadi – Gʻarbiy Qozogʻiston viloyatidagi yirik Tengiz konida neft qazib oluvchi xalqaro konsorsiumda “Lukoyl” uchun 5 foiz ulushga ega boʻlish edi, dedi u.

Shu bilan birga, Qozogʻistonda uning rangli metallurgiya, uran qazib olish, telekommunikatsiya va bank sohasidagi ulushi katta, dedi Chervinskiy Moskva ayni vaqtda oʻz bozorida Markaziy Osiyo davlatlarining imkoniyatlarini cheklashini aytib.

Olmaotadagi Xavflarni baholash guruhi rahbari Dosim Satpayev Rossiya va Qozogʻiston oʻrtasidagi oʻzaro investitsiyalarning nomutanosibligiga eʼtibor qaratdi.

365info.kz yangiliklar veb-saytiga bergan intervyusida u “Qozogʻiston biznesining Rossiya bozoriga kirib borishi deyarli imkonsiz” deb taʼkidlagan.

“Rossiya kompaniyalari Qozogʻistonda yangidan-yangi yoʼnalishlarni egallab olmoqda. Biz esa Rossiya bozorida hech narsa sotolmayapmiz”, dedi Satpayev.

“YOIIning ochiq hududida bizning iqtisodiyotimiz Rossiyaniki bilan taqqoslaganda raqobatga mutlaqo bardoshsiz boʻlib chiqdi”, deya qoʻshimcha qildi u baʼzi sobiq Sovet Ittifoqi davlatlaridan tashkil topgan va Moskva tomonidan muvofiqlashtiriladigan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini nazarda tutib.

“Mutloq siyosiy harakat”

Xuddi shu strategiya Qirgʻizistonda ham amal qilmoqda. 2013-yil iyul oyida Rossiyaning energetika giganti “Gazprom” Qirgʻizistonning “Qirgʻizgaz” davlat gaz kompaniyasini barcha gaz quvurlari, gaz taqsimlash stansiyalari va yerosti omborlari bilan ramziy 1 dollarga sotib oldi.

Bishkek gaz operatorini bankrotlikdan qutqarish va tabiiy gazga boʻlgan ichki ehtiyojni qondirish uchun shunday yoʼl tutishga majbur boʻlgan.

Avvallari Qirgʻiziston Oʻzbekiston va Qozogʻistondan yetkazib beriladigan gazga tayanar edi, bu bitimdan keyin esa Rossiya va xususan Gazpromga qaram boʻlib qoldi, deb yozgan edi oʻshanda Rossiyaning “Neftegaz.ru” energetika yangiliklari sayti.

“Shubhasiz, Qirgʻiziston bilan bitim mutlaqo siyosiy choradir. Endi Rossiyaning Markaziy Osiyoda strategik ahamiyatga ega mamlakatdagi taʼsiri sezilarli darajada kuchayadi”, deb taʼkidlagan “Neftegaz.ru”.

Uch yil oldin Rossiya Qirgʻizistondagi yagona harbiy sanoat zavodi – “Dastan”ni sotib olishga urindi. Bishkekda joylashgan bu zavod Rossiya, Ukraina va Hindistonga torpedalar va tegishli komponentlarni eksport qiladi.

Moskva Qirgʻizistonga 180 million dollarlik qarzidan kechishni taklif qilib, evaziga korxona aksiyalarining 48 foizini soʻragan. Biroq, bu kelishuv amalga oshmadi va qarz Qirgʻizistonning boʻynida qoldi.

Qirgʻiziston, ayniqsa YOIIga aʼzolik sababli, anchadan beri Rossiyaning iqtisodiy taʼsiri doirasida boʻlib turibdi, deydi Qirgʻizistonning sobiq iqtisodiyot vaziri, hozirda Bishkekdagi Kyrgyz Concept sayyohlik kompaniyasining rahbari Emil Umetaliyev.

“Bugun tashqi iqtisodiy siyosatimizni oʻzimiz emas, balki Rossiya belgilaydi. Qirgʻiziston YOII aʼzosi oʻlaroq harakat erkinligidan mahrum boʻldi va boʻysunuvchi pozitsiyasiga tushib qoldi”, dedi Umetaliyev.

Rossiya oʻzining geosiyosiy manfaatlari hududida, jumladan, YOII yordamida kengaytirilgan iqtisodiy nazorat oʻrnatgani Kremlga bu davlatlarni oʻz taʼsir doirasida ushlab turish va oʻz maqsadlarini amalga oshirish uchun ularga bosim oʻtkazishga imkon beradi, deydi xalqaro aloqalar boʻyicha Nur-sultonlik mutaxassis Ruslan Nazarov.

“Putin ommatan sherik mamlakatlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidlab keladi”, dedi Nazarov. “Aslida esa u oʻz manfaatlarinigina koʻzlaydi”.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 5

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Tushunishim boʻyicha, muallif yoki aniqroq aytganda “yozgʻuvchi” – Ukrainada odamlarni koʻchalarga olib chiqqan, hozir ham belaruslik talabalar va uy bekalarini maydonlarga chiqarayotganlar kabi bir fitnachi. U bizning oramizda ham notinchlik va nifoq urugʻini sochmoqchimi?

Javob berish

Oʻzbekiston badali qoʻshnilarimiz tomonidan toʻlanayotgan Rossiya bilan bu ittifoqqa aʼzolik narxini doimo yodda tutishi kerak.

Javob berish

Rossiya qancha kam boʻlsa, shuncha yaxshi.

Javob berish

Rossiyaning zarari foydasidan koʻproq. Rossiyaga qaramlikdan xalos boʻlish kerak.

Javob berish

Xalos boʻl unda

Javob berish