NUR-SULTON – Qozogʻistonda qoʻlbola sintetik narkotiklar ishlab chiqarish va sotish hajmi sezilarli darajada oshishi ortidan mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari giyohvandlik bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirgan.
Ichki ishlar vazirligi (IIV) maʼlumotlariga koʻra, joriy yilning 7 oyida mamlakatda sintetik giyohvand moddalar bilan bogʻliq 320 ta jinoyat qayd etilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar koʻp.
Shuningdek, musodara qilingan sintetik giyohvand moddalar hajmi 2019-yildagi 2,6 kg dan 2020-yilda 81,7 kg gacha – 31 baravar oshgan.
“Muammo jiddiy tus olmoqda. Bugungi kunda gap nafaqat xorijdan sintetik narkotiklar olib kirish va sotish, balki ularni mamlakat ichida ishlab chiqarish haqida ham bormoqda”, deyiladi IIVning 28-sentyabr kungi bayonotida.
Ichki ishlar vazirligi ilk dozadan keyin qaramlik keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan yangi sintetik vositalarning alohida xavfi toʻgʻrisida ogohlantirgan. Bu muammoga qarshi kurash doirasida vazirlik tomonidan sintetik giyohvand moddalarni isteʼmol qilish oqibatlari aks etgan film tayyorlandi.
“Sintetik giyohvandlik moddalari ularni ishlab chiqarish va sotishning arzonligi bilan ajralib turadi. Buning ustiga, narkofurushlar giyohvand moddalarni kontaktsiz usulda, veb-saytlar va elektron toʻlov tizimlaridan foydalangan holda sotishga oʻtganlar”, deyiladi IIV xabarida.
Narkotiklar savdosi oʻsmoqda
Bu yil Qozogʻiston politsiyasi giyohvand moddalar bilan bogʻliq bir nechta muhim operatsiyalarni amalga oshirdi.
24 sentabr kuni politsiya “mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi tayyorlashda ishlatiladigan xomashyoning katta partiyasini musodara qilib, narkotiklar ishlab chiqaruvchi maxfiy laboratoriya tashkillashtirgan gumondorni hibsga oldi.
Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) va IIV 30-iyul kuni Nur-Sultonda sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarishda gumonlangan toʻrt nafar shaxsni qoʻlga olish boʻyicha qoʻshma operatsiya oʻtkazdi.
KNB xabariga koʻra, jinoiy guruh aʼzolari giyohvand moddalarni internetdagi Deep Web va Darknet kabi maxfiy tarmoqlarda, shuningdek, poytaxtdagi xaridorlar orasida yashirincha pullaganlar.
27-iyul kuni KNB Olmaotada jinoiy guruh aʼzolari deb gumonlangan ikki shaxsni hibsga olgan va qora bozorda 1,5 milliard tenge (3,5 million AQSH dollari) turadigan 55 kg mefedron moddasini, shuningdek, naqd pul, oʻqotar qurol va sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarishda ishlatiladigan 1 tonna kimyoviy prekursor moddalarni musodara qilgan.
Uyushgan jinoiy guruhlarning narkotik ishlab chiqarishi va sotishi bilan bogʻliq holatlardan tashqari, bu ish bilan yakka tartibda shugʻullanadigan kimsalar ham uchrab turibdi.
17-may kuni KNB xodimlari Nur-Sultonda ijaraga olingan garajda giyohvand moddalar ishlab chiqarayotgani aytilgan shaxsni hibsga olib, qora bozordagi qiymati 60 million tenge (139 ming dollar) boʻlgan 3 kg “α-PVP” psixotrop moddasini musodara qildilar.
Oʻtgan yili Qozogʻiston qonunchiligiga yangi sintetik giyohvand moddalarni tezlik bilan taqiqlangan moddalar roʻyxatiga qoʻshishga imkon beruvchi oʻzgartirish kiritilgan edi.
Maxfiy muloqot
Jinoyatchilar bir-biri va mijozlari bilan muloqot qilishda zamonaviy texnologiyalardan foydalanayotgani bois ularni aniqlash va fosh qilish qiyinlashgan.
“Jinoyatchilar Telegram orqali muloqot qiladilar, oʻz IP-manzillarini yashirish uchun VPN [virtual xususiy tarmoq] dasturlaridan foydalanadilar, toʻlovlarni elektron hamyonlarga qabul qiladilar va mijozlarga giyohvand modda yashirilgan joyning geolokatsiyasi va fotosuratini yuboradilar. Ularni kuzatib borish juda mushkul”, deydi Nur-Sulton shahar politsiya idorasi tergovchisi Akjan Bukenbayev.
“Bu jinoiy qora bozor nasha va afyun kabi anʼanaviy giyohvand moddalarga qaraganda zararliroq va xavfliroq boʻlgan sintetik giyohvand moddalarga toʻlib bormoqda”, deydi “Beybit Aspan” (Tinch osmon) nodavlat notijorat tashkiloti rahbari, tarazlik Ruslan Seksenbayev.
Giyohvandlik “yosharib bormoqda”, deydi u.
“Ular ancha arzonroq boʻlgani uchun yoshlar soddalik bilan sintetik moddalarning zarari kam, ularni isteʼmol qilish bilan odam narkoman boʻlib qolmaydi, deb oʻylaydilar. Bu mudhish xato”, dedi u.
Butun dunyoda giyohvand moddalar ishlab chiqarish va sotishdan tushadigan pullar koʻpincha terrorizm va ekstremistik guruhlar faoliyatini moliyalashtirishga sarflanadi, deb taʼkidladi Seksenbayev.
“Shu bois ham giyohvand moddalar savdosidan tushgan bunday jinoiy pullarni legallashtirishga qarshi kurash olib borilyapti. Qozogʻistonlik mutaxassislar, jumladan, xalqaro tashkilotlar koʻmagida terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash boʻyicha oʻz malakalarini oshirib bormoqdalar”, dedi u.
Mana nashaning tabiiy kayfini taqiqlash nimaga olib keladi. Nasha chekishga ruxsat berilishi kerak. Hamma allambalo narsalarni chekib yotibdi. Tabiiy giyoh esa yoʻq
Javob berishFikrlar 2
Tabiiy narkotiklarga qarshi “kurashish” mana nimalarga olib keladi
Javob berishFikrlar 2