BISHKEK – Markaziy saylov komissiyasiga (MSK) koʻra, 20-dekabr kuni Qirgʻizistonda yangi parlament saylovlari, undan bir oy oʻtib – 17-yanvar kuni esa prezident saylovlari oʻtkazilishi mumkin.
Aniq sanalar hali tasdiqlanmagan, dedi komissiya rahbari Nurjan Shaildabekova muxbirlarga juma (16-oktabr) kuni.
Payshanba (15-oktyabr) kuni Sooronbay Jeyenbekov 2005-yildan beri Qirgʻizistonda oʻz lavozimidan ozod etilgan uchinchi prezident boʻldi. U sobiq sovet mamlakatida qon toʻkilishining oldini olish uchun shunday qarorga kelganini aytgan.
Muxolifat tarafidan soxtalashtirilgani daʼvo qilingan 4 oktyabr kungi parlament saylovlari ortidan namoyishchilar va politsiya oʻrtasidagi toʻqnashuvlarda bir kishi halok boʻlgan, 1200 dan ortiq odam jarohatlangan.
Saylov natijalarining bekor qilingani ham mamlakatda hokimiyat vakuumi yuzaga kelish xavfining oldini ololmagan.
Parlamentga murojaat qilar ekan, Jeyenbekov “Alloh va xalqi oldida toza” ekanini aytib, isteʼfoga chiqayotganini tasdiqlagan. Deputatlar uni gulduros qarsaklar bilan zaldan kuzatib qoʻyishgan.
Uning oʻz vazifasidan ketishi bosh vazir Sadir Japarov prezidentlik vakolatlarini vaqtincha oʻz zimmasiga olishini anglatadi, chunki parlament spikeri bu lavozimdan bosh tortgan.
Japarov dekabrda oʻtishi rejalashtirilgan parlament saylovlarini nazorat qilishga vaʼda bergan.
Moskva uning hukumatini tan olishga shoshilmayapti, zero bu ikki shaxsning hafta boshidagi qarama-qarshiligi chogʻida Kreml, aftidan Jeyenbekovni qoʻllab-quvvatlayotgan edi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya atrofidagi mamlakatlarda Sovet Ittifoqi davrida muzlatilganidan beri qayta jonlanayotgan mojarolar tufayli qoʻrquvda qolgan koʻrinadi.
Kremlda Belarusva Qirgʻizistondagi siyosiy inqirozlar, shuningdek tobora avj olayotgan Togʻli Qorabogʻ mojarosiga chora yoʻqqa oʻxshaydi.
Beqarorlik davom etmoqda
“Allohga shukrki, hokimiyat tinch yoʻl bilan almashdi”, deb aytgan Japarov parlamentga.
“Tashqi siyosat va boshqa muhim yoʻnalishlarni saqlab qolish uchun qoʻlimdan kelganini qilaman”, dedi u.
Lekin, undan keyin soʻzga chiqqan deputat Japarovni Konstitutsiyaga muvofiq prezident saylovida ishtirok eta olmasligini aytib ogohlantirgan va qirgʻiz rasmiysi uchun har ikki lavozimni egallash misli koʻrilmagan hodisa ekanini taʼkidlagan.
“Taqdir sizga shunday sinov va imkoniyat bermoqda”, deb aytgan 2010-yilgi inqilobdan keyin konstitutsiyaviy islohotlarning qabul qilinishida muhim rol oʻynagan Omurbek Tekebayev.
Deputatlarning hech biri Japarovga qarshi soʻzga chiqmagan. Poytaxtdagi noroziliklar davomida uning tarafdorlari koʻpchilikni tashkil qilgan edi.
Japarov noroziliklar vaqtida hibsdan ozod etilgan yirik siyosiy arboblardan biri edi. Odamlarni garovga olish va uyushgan jinoyatchilikda gumonlangan siyosatchi bu ayblovlarni rad etgan.
1991-yilda mustaqillikka erishgan Qirgʻizistonda qariyb 30 yilning koʻp qismi siyosiy beqarorlikda oʻtgan.