Karvonsaroy
Texnologiya

Rossiya razvedkasi zobitlari xalqaro kiberhujumlarga aloqadorlikda ayblanmoqda

Karvonsaroy va AFP

19-oktabr kuni Vashingtonda Pensilvaniya shtati Gʻarbiy okrugi prokurori Skott Bredi (oʻngda) va AQSH bosh prokurori yordamchisi Jon Demers (chapda) ishtirokida oʻtgan matbuot anjumanida Rossiya harbiy razvedkasining qidiruvdagi olti zobiti aks etgan fotosurat koʻrsatilgan. [Andrew Harnik/POOL/AFP]

19-oktabr kuni Vashingtonda Pensilvaniya shtati Gʻarbiy okrugi prokurori Skott Bredi (oʻngda) va AQSH bosh prokurori yordamchisi Jon Demers (chapda) ishtirokida oʻtgan matbuot anjumanida Rossiya harbiy razvedkasining qidiruvdagi olti zobiti aks etgan fotosurat koʻrsatilgan. [Andrew Harnik/POOL/AFP]

VASHINGTON – Qoʻshma Shtatlar Rossiya harbiy razvedkasining olti zobitini butun dunyo boʻylab kiberhujumlarni amalga oshirganlikda ayblamoqda. Bu haqda dushanba (19-oktabr) kuni AQSH adliya vazirligi bayonot bergan.

Bu oltovlon Rossiya Bosh razvedka boshqarmasi (GRU) 74455-boʻlinmasining zobitlari – Yuriy Sergeyevich Andriyenko (32 yosh), Sergey Vladimirovich Detistov (35 yosh), Pavel Valerevich Frolov (28 yosh), Anatoliy Sergeyevich Kovalev (29 yosh), Artem Valerevich Ochichenko (27 yosh) va 32 yashar Petr Nikolayevich Pliskinlardir.

Ular 2015 va 2016-yillarda Ukrainaning energetika tizimiga qarshi kiberhujumlar uyushtirishda, 2017-yili Fransiyadagi saylovlar va 2018-yilda Janubiy Koreyada oʻtgan qishki Olimpiya oʻyinlari, shuningdek 2017-yilda butun dunyodagi kompyuterlarni zararlab, AQSHhning uch kompaniyasiga qariyb 1 milliard dollar ziyon keltirgan “NotPetya” virusi hujumlarida ayblangan.

Ular, shuningdek rossiyalik sobiq ikki taraflama josus Sergey Skripal va qizining Angliyada asabni falajlovchi modda bilan zaharlanishiga oid xalqaro tergovga, shuningdek, Gruziya parlamenti va ommaviy axborot vositalariga qarshi kiberhujum uyushtirishda gumonlanmoqda.

Rossiya Bosh razvedka boshqarmasining (GRU) josuslari deb gumon qilingan 4 nafar shaxs Niderlandiya poytaxti Amsterdamga kirib kelmoqda, 2018-yil, 10-aprel. Keyinchalik Gollandiya hukumati ularni Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) serverlarini buzib kirishga uringani uchun mamlakatdan chiqarib yuborgan. Xakerlik hujumi aynan shu vaqtda sodir etilgani bejiz emas, sababi Moskva kimyoviy hujumni tergov qilayotgan KQTT mutaxassislarining Duma (Suriya) shahriga kirishini kechiktirishga urindi va bu bilan Kremlga hujum sodir etilgan joydan jinoyat izlarini yoʻqotishga imkon bermoqchi boʻldi. [Gollandiya mudofaa vazirligi]

Rossiya Bosh razvedka boshqarmasining (GRU) josuslari deb gumon qilingan 4 nafar shaxs Niderlandiya poytaxti Amsterdamga kirib kelmoqda, 2018-yil, 10-aprel. Keyinchalik Gollandiya hukumati ularni Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) serverlarini buzib kirishga uringani uchun mamlakatdan chiqarib yuborgan. Xakerlik hujumi aynan shu vaqtda sodir etilgani bejiz emas, sababi Moskva kimyoviy hujumni tergov qilayotgan KQTT mutaxassislarining Duma (Suriya) shahriga kirishini kechiktirishga urindi va bu bilan Kremlga hujum sodir etilgan joydan jinoyat izlarini yoʻqotishga imkon bermoqchi boʻldi. [Gollandiya mudofaa vazirligi]

Olti zobit “bitta guruh tomonidan sodir etilgan eng halokatli va vayronkor turkum kiberhujumlar” uchun masʼuldir, dedi AQSH Bosh prokurorining yordamchisi Jon Demers.

Xuddi shu GRU boʻlinmasi zobitlari avvalroq AQSHda 2016-yilgi saylovlarga putur yetkazishga urinishda ayblangan edilar, deydi Demers.

Bu ayblovlar 2015-yildan 2019-yilgacha sodir etilgan toʻrt yillik zararli kiberfaoliyat, jumladan, kompyuter firibgarligi va jinoiy til biriktirish, elektron pul oʻtkazmalari bilan bogʻliq firibgarliklar va shu maqsadlarda til biriktirish, ogʻirlashtiruvchi holatlarda kompyuterlar himoyasini buzib kirish va shaxsiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash kabilarni oʻz ichiga oladi.

“Injiq bola”

Guruh faoliyati Fransiya, Gruziya, Niderlandiya, Koreya Respublikasi, Ukraina, Buyuk Britaniya va AQSHni qamrab olgan.

Ayblanuvchilar 2015-yil dekabr va 2016-yil dekabr oylarida Ukrainadagi elektr tarmoqlariga qarshi zararkunanda dasturlarni qoʻllagan holda hujumlar uyushtirgan, dedi Demers.

“Bular oʻta muhim fuqaroviy infratuzilma obyektlarining boshqaruv tizimlariga qarshi zararli dasturlar yordamida uyushtirilgan ilk jiddiy hujumlardir”, dedi u.

“Bu hujumlar oqibatida sharqiy Yevropada qishning oʻrtasida elektr va issiqlik taʼminoti uzilib qoldi va yuz minglab ukrainalik erkaklar, ayollar va bolalar qorongʻulik va sovuqda qolishdi.

Ayblanayotgan shaxslar 2017-yilgi saylovlar oldidan Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning siyosiy partiyasi va Fransiyaning mahalliy boshqaruv organlariga qarshi “maxfiy maʼlumotlarni oʻgʻirlash va ularni jamoatchilikka oshkor qilishga” qaratilgan operatsiyalarni amalga oshirgan.

Demersning aytishicha, 2018-yil Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahridagi qishki Olimpiya oʻyinlari kiberhujumlar nishoniga aylangan, bunga hukumat qoʻllab-quvvatlagan doping mojarosi tufayli Xalqaro olimpiya qoʻmitasining (XOQ) rossiyalik sportchilarga ushbu sport tadbirida mamlakat bayrogʻi ostida qatnashishni taqiqlab qoʻygani sabab boʻlgan.

“Ularning kiberhujumi injiq bolaning emotsional yetukligini milliy davlat resurslari bilan birlashtirdi”, dedi u aybdorlar bu xatti-harakatni Shimoliy Koreyaga toʻnkashga uringanini qoʻshimcha qilib.

XOQ koronavirus pandemiyasi sababli Tokio olimpiadasini 2021-yilga qoldirishidan avval, guruh Olimpiya oʻyinlari bilan bogʻliq obyektlarga qarshi onlayn-razvedka amaliyotlarini oʻtkazgan, deb xabar bergan 19-oktabr kuni Buyuk Britaniya rasmiylari.

2018-yil aprel oyida xalqaro Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) va Birlashgan Qirollikning mudofaaviy fan va texnologiyalar laboratoriyasi tomonidan Skripalning zaharlanishi yuzasidan olib borilayotgan tergovlarga qarshi “nayza fishingi” (elektron pochta qabul qiluvchilardan aldov yoʻli bilan maxfiy maʼlumotlar olish) kampaniyalari boshlangan.

2018-yilda Gruziyada yirik OAVga qarshi nayzali fishing kampaniyasi boshlandi, 2019 yilda esa xakerlar mamlakat parlamentining kompyuter tarmogʻini buzishga urindilar, deb xabar beradi Adliya vazirligi.

Bu orada 2017-yili NotPetya virusi hujumlari butun dunyo boʻylab biznes va infratuzilmaga jiddiy zarba berdi – AQSHda bu hujumdan kasalxonalar, FedEx pochta gigantining shoʻba korxonasi va farmatsevtika kompaniyasi talafot koʻrgan.

Buzgʻunchilik va masʼuliyatsizlik

Bu ayblovlar Rossiyaning keng tarqalgan xakerlik va dezinformatsiya taktikasini fosh etadi.

“Hech bir mamlakat Rossiya singari oʻz kiber-salohiyatini bu kabi yovuz niyatda yoki masʼuliyatsizlik bilan qoʻllab, arzimagan taktik afzalliklarga erishish va qahr-gʻazabini bostirish uchun asossiz ravishda misli koʻrilmagan zarar yetkazmagan”, dedi Demers.

Iyul oyida Britaniya rasmiylari Rossiya razvedkasini maʼlumotlar va intellektual mulkni oʻgʻirlash maqsadida COVID-19 vaksinasini ishlab chiqish bilan shugʻullanayotgan turli tashkilotlarga qarshi onlayn hujumlar uyushtirishda aybladilar.

“Butun dunyo COVID-19ga qarshi kurash yoʻlida birlashgan vaqtda... Rossiya hukumatining bunday ishlar bilan shugʻullanishi oʻta xunuk va nomunosibdir”, degan edi oʻshanda Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.

Avvalroq, may oyida Germaniya kansleri Angela Merkel Kreml tomonidan uning shaxsiy hisoblarini buzish va yetakchi siyosatchilar ortidan josuslik qilish urinishlaridan hafsalasi pir boʻlganini aytgan.

Bu hodisalar Rossiyaga aloqador minglab ijtimoiy tarmoq akkauntlarining Gʻarb sogʻliqni saqlash tizimlarini obroʻsizlantirish kampaniyasi doirasida koronavirusga oid fitna nazariyalarini tarqatish boʻyicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni boshlashi ortidan yuz bergan.

May oyida Facebook butun dunyo boʻylab saylovlar va jamiyatga putur yetkazuvchi taʼsir choralari bilan shugʻullangan Rossiyaga aloqador oʻnlab akkauntlarni oʻchirib tashlagan edi. Fevralda esa ijtimoiy tarmoq etnik ziddiyat qoʻzgʻashga uringan Rossiya harbiy razvedkasiga aloqador oʻnlab akkauntlardan tozalangan.

Sentabr oyida Facebook Qoʻshma Shtatlarda siyosiy tartibsizlik keltirib chiqarishga qaratilgan, endigina nish urayotgan Kremlga aloqador kampaniyani fosh qilib, “xorijiy aralashuv” siyosatiga qarshi boʻlgan soʻl progressiv kuchlarni nishonga olgan 13 ta Facebook akkaunti va oʻzini jurnalist deb koʻrsatgan ikkita sahifadan iborat tarmoqni oʻchirib tashlagan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Bunday yuqori sifatli safsataga toʻla asossiz maqolalarni oʻqigandan keyin, bunday maqolani yozish uchun Klichkoga oʻxshagan miyasi achigan odam boʻlish kerak deb oʻylab qolasan kishi.

Javob berish