NUR-SULTON – Qozogʻistonda boshlangan tezkor profilaktik tadbirda uchastka nozirlari koʻp qavatli uy xonadonlari va xususiy uylarga tashrif buyurib, ularda yashovchi aholi bilan tanishish va xavf guruhiga kiruvchi shaxslarni tekshirish bilan shugʻullanmoqda.
Mamlakat boʻylab uch oy davomida oʻtkaziladigan “Hudud” operatsiyasi 7-sentabrda boshlandi va 10-dekabrga qadar davom etadi, deyiladi Ichki ishlar vazirligi (IIV) saytidagi xabarda.
Ushbu tashabbus jinoyatchilikning oldini olishga, uchastka nozirlarining imiji va taʼsirini yaxshilashga hamda fuqarolar bilan ishonchli munosabatlar oʻrnatishga qaratilgan, deb qoʻshimcha qiladi vazirlik.
Bu chora Qozogʻiston huquqni muhofaza qilish idoralari qoʻlbola sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarish va sotish hajmining sezilarli darajada oshishi ortidan narkotiklar bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurashni kuchaytirgan bir paytga toʻgʻri keldi.
Joriy yilning yetti oyi davomida huquq-tartibot organlari tomonidan sintetik giyohvand moddalar bilan bogʻliq 320 ta jinoyat qayd etilgan boʻlib, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan uch baravar koʻp, deb xabar bergan IIV oʻtgan oyda.
Aholiga yuqori sifatli xizmatlar koʻrsatish hamda huquqni muhofaza qilish organlari va fuqarolar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda Qozogʻiston politsiyasi yangicha xizmat modeli asosida ishlashga oʻtgan edi.
Musodara qilingan qurollar
Qiziloʻrda viloyatida oʻtkazilgan “Hudud” operatsiyasi davomida uchastka nozirlari 45 mingdan ortiq xonadonga tashrif buyurib, 5000ga yaqin turli qoidabuzarliklarni aniqladilar.
Inspektorlar sudlangan, ammo qamoqqa olinmay, shartli ravishda hukm qilinganlarga koʻz-quloq boʻlib turishadi.
Shimoliy Qozogʻiston viloyatida politsiya 938 nafar sudlanuvchini tekshirib, sud hukmining buzilishi bilan bogʻliq 68 ta holatni aniqlagan. Sudlanganlardan 16 nafarini ozodlikdan mahrum qilish boʻyicha mahalliy sud organlariga tegishli hujjatlar yuborilgan.
Tadbir doirasida qurol-yarogʻ egalari ham tekshiruvdan oʻtkazilmoqda. Aqtoʻbe viloyatidagi profilaktik choralarning ilk dekadasida qurollarni saqlash va politsiyada roʻyxatda oʻtkazish qoidalariga zid keluvchi yetti dona qurol fuqarolardan musodara qilindi.
“Bu chora-tadbirlar qamoqqa olinmagan, ammo jazoga hukm qilingan jinoyatchilarning qaytadan jinoyat sodir etishining oldini olish, ogohlantirish va chora koʻrish maqsadida amalga oshirilmoqda”, deydi Rudniy shahridagi probatsiya xizmati katta inspektori Almat Ismagulov Qozogʻiston politsiyasining rasmiy nashri Polisia.kz saytiga.
“Eng asosiy maqsad – retsidiv jinoyatchilikka barham berish va qidiruvdagi sudlanuvchilarning turar joylarini aniqlash”, deb qoʻshimcha qildi u.
“Biz uchastkamiz nozirini taniymiz. Uning uyali telefon raqamini ham bilamiz, kerak boʻlsa u bilan aloqaga chiqa olamiz”, deydi tarazlik 62 yashar Bibigul Ulibekova.
“Hozir odamlar politsiyaga avvalgidan koʻra koʻproq ishonmoqda. Odamlar kichik qoidabuzarliklarga ham koʻz yummayapti. Shubhali buyumlar va qoidabuzarlar haqida politsiyaga xabar berishni esa toʻgʻri ish deb bilmoqdalar.”