Karvonsaroy
Inson huquqlari

Qarindoshlari Shinjondagi Pekin lagerlarida saqlanayotgan qozoqlar umidsizlikda qolmoqda

Karvonsaroy va AFP

27-avgust kuni Olmaotadan 60 km uzoqlikda joylashgan Uzunagʻashdagi Bikamal Kaken dom-daraksiz yoʻqolgan eri – Odilgʻozi Muqayning rasmini ushlab suratga tushmoqda. [Abduaziz Madirov/AFP]

27-avgust kuni Olmaotadan 60 km uzoqlikda joylashgan Uzunagʻashdagi Bikamal Kaken dom-daraksiz yoʻqolgan eri – Odilgʻozi Muqayning rasmini ushlab suratga tushmoqda. [Abduaziz Madirov/AFP]

UZUNAGʻASH, Qozogʻiston – Bikamal Kaken 2017-yilda eri Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjonga borib dom-daraksiz ketgach, uning yaqin orada Qozogʻistonga qaytmasligini taxmin qila boshladi.

Biroq, ayol turmush oʻrtogʻining taqdiri naqadar dahshatli kechganidan bexabar edi.

Odilgʻozi Muqayning dom-daraksiz gʻoyib boʻlishi ortidan huquqbon tashkilotlar Shinjondagi musulmon ozchilik vakillari uchun moʻljallangan ommaviy hibsxonalarning qoʻziqorindek koʻpayib borayotgani haqida ogohlantirgan edilar.

Kaken erining tizim qurboniga aylanganidan xabar topdi. Ammo mashaqqat ichida oʻtgan uch yildan soʻng, u ogʻirroq jazo – ekstremistik jinoyatlar uchun toʻqqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilingani maʼlum boʻldi.

Shinjondagi Ordam Mozor maqbarasining sunʼiy yoʻldoshdan olingan avvalgi va keyingi suratlari (2013 va 2018-yillar). Xitoy hukumati 10-11 asrlarda barpo etilgan va mintaqa musulmonlari uchun qadrli sanalgan bu joyni yer bilan yakson qilgan. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlar Xitoy Shinjonda 16 ming masjidni buzib tashlagani haqida guvohlik bermoqda. [ASPI]

Shinjondagi Ordam Mozor maqbarasining sunʼiy yoʻldoshdan olingan avvalgi va keyingi suratlari (2013 va 2018-yillar). Xitoy hukumati 10-11 asrlarda barpo etilgan va mintaqa musulmonlari uchun qadrli sanalgan bu joyni yer bilan yakson qilgan. Sunʼiy yoʻldoshdan olingan suratlar Xitoy Shinjonda 16 ming masjidni buzib tashlagani haqida guvohlik bermoqda. [ASPI]

2019-yilning 31-may kuni olingan surat: Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon viloyatining Xotan shahri yaqinidagi asosan musulmon etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlar hibsda saqlanadigan qayta tarbiyalash maskanini oʻz ichiga olgan majmuaning tashqi devorlari. [Greg Baker/AFP]

2019-yilning 31-may kuni olingan surat: Xitoy shimoli-gʻarbidagi Shinjon viloyatining Xotan shahri yaqinidagi asosan musulmon etnik ozchiliklar, jumladan qozoqlar hibsda saqlanadigan qayta tarbiyalash maskanini oʻz ichiga olgan majmuaning tashqi devorlari. [Greg Baker/AFP]

“Juda xavotirdaman. Xitoy [maʼmurlari] uni qamoqxonada yoʻq qilishadi”, deydi AFPga hozirda Qozogʻiston fuqarosi boʻlgan xitoylik etnik qozoq ayoli yigʻi aralash ikki qizini bagʻriga bosib.

Huquqni himoya qilish tashkilotlariga koʻra, Pekin bir milliondan ortiq odam, asosan uygʻurlar va qozoqlar kabi turkiyzabon millatlarga mansub musulmonlarni ekstremizm va ayirmachilik ayblovlari bilan Shinjon mintaqasida hibsda ushlab turibdi.

Pekinning daʼvo qilishicha, koʻp sonli hibsxonalar tarmogʻi – ekstremizmga qarshi kurash doirasida tashkil etilgan kasb-taʼlim muassasalari boʻlib, ularga qatnash ixtiyoriydir.

Lekin, qoʻshni Qozogʻistondagi 44 yoshli Kaken – yoʻqolgan qarindosh-urugʻlari avval taxmin qilinganidek markazlarda emas, balki qatʼiy qamoq jazosini oʻtayotgani maʼlum boʻlgan koʻplab odamlardan biri.

“Turgan bitgani yolgʻon”

Shinjon hukumati milliy ozchiliklarga mansub ayollarni abort qilishga majburlayotgani haqidagi xabarlarni eshitgan Kaken eri – nafaqadagi neftchi bilan kenja farzandiga homilador ekanligida (bolasi hozir uch yoshda) Qozogʻistonga koʻchib oʻtgan edi.

Shunday boʻlsa-da, sobiq ish beruvchilar Qozogʻistonda yashash huquqiga ega, ammo pasportsiz boʻlgan 47 yoshli Muqayni 2017-yil may oyida oʻz yurtiga chaqirib olishadi.

Unga kompaniyaga qaytmagan taqdirda oilasi umid qilgan nafaqa bekor qilinishi mumkinligini aytishgan.

Muqay gʻoyib boʻlganidan soʻng uch yil oʻtib, qanday jazoga hukm qilingani maʼlum boʻldi – bu haqda kutilmaganda uni qamoqqa tashlagan mamlakatning yuqori martabali diplomati xabar qildi.

Xitoyning Qozogʻistondagi elchisi Chjan Syao davlatga qarashli axborot agentligi bilan suhbatda Muqayning ekstremizmda ayblanib 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilinganini aytar ekan, Kakenning oilasi boshdan kechirgan musibatlarga oid gap-soʻzlarni rad etgan.

Uning hikoyasi “turgan-bitgani yolgʻon, unda birorta ham haqiqat yoʻq”, dedi Chjan Xitoyning Global Times nashri bilan suhbatda.

Olmaotadan 60 km uzoqlikda joylashgan Uzunagʻash viloyatidagi bir xonali kvartirasida tikuvchilik bilan shugʻullanib, xayr-ehson olib yashaydigan Kaken erining aybsiz ekanligini taʼkidlaydi.

“Uning birgina jinoyati – qozoq millatiga mansubligidir”, deydi u AFPga.

Fevral oyida “Nyu-York Tayms” nashriga sizdirilgan Xitoyga oid hujjatlarga koʻra, Shinjon hukumati mintaqadagi aholini yaqindan kuzatib, ularning kelib chiqishi, diniy odatlari va munosabatlari hamda “muammoli” deb hisoblangan turli xatti-harakatlarini qayd etib borishi maʼlum boʻlgan.

Hujjatlarga koʻra, pasport olish uchun ariza bergan, uzoq yillar avval hijobda yurgan va “veb-havolani bosib, bexosdan xorijiy saytlarga kirgan” odamlar hibsga olingan.

“Juda kam odam ozodlikda”

Hukumatlar oʻrtasidagi yaqin aloqalarga qaramay, Qozogʻiston – minglab qozoqlarni oilaviy rishtalar bilan bogʻlab turadigan Shinjonda Pekin yuritayotgan siyosatga qarshi faollik markaziga aylanmoqda.

Bunga koʻp jihatdan “Atajurt” huquqbon tashkiloti sabab boʻldi. U gʻarbiy mintaqada qarindoshlarini yoʻqotgan yuzlab qozogʻistonliklar tomonidan yozib olingan videolavhalarni eʼlon qilgan.

2019-yilda Ostona Pekinning Qozogʻistonda yashash huquqiga ega boʻlgan yuzlab etnik qozoqlarga Xitoydan chiqib ketishga va chegara ortidagi oilalari bilan birlashishga ruxsat berganini aytgach, 2019-yilda Xitoy rejimi aksariyat fuqarolarning markazlarni “tamomlagani” bilan maqtana boshladi.

Koʻplab qozogʻistonliklarning aytishicha, Pekinga bosim oʻtkazishda videomurojaatlar va OAV eʼtibori muhim rol oʻynagan.

Shunday boʻlsa-da, ushbu ozod qilishlar toʻlqinidan koʻp oʻtmay, boshqa qozogʻistonliklar qarindoshlari qamoq jazosiga hukm qilingani haqida xabarlar ola boshlaganlar, deydi guruh bilan koʻngilli boʻlib ishlagan AQSHning Arizona shtati universiteti doktoranti Mehmet Qoshiqchi AFP nashriga.

“Ha, yuz minglab odam lagerlardan ozod qilingan boʻlishi mumkin, ammo haqiqatda ozodlikka chiqqanlar juda oz, buning ustiga, yuz minglab odam rasman qamoqxonalarga joylashtirilgan”, deb aytgan u AFP nashriga.

Xitoy rejimiga qarshi noroziliklar davom etmoqda.

Sentabr oyida Olmaotada 200 ga yaqin namoyishchi toʻplanib, Pekindan Qozogʻistonning ichki ishlariga aralashishni toʻxtatishni talab qilgan va hukumatning Shinjondagi etnik qozoqlar doxil etnik ozchiliklarga nisbatan zoʻravonliklariga norozilik bildirgan edi.

“Chuqur afsusdamiz”

Tashkilot ofislarida koʻrsatma bergan va Qozogʻiston hukumatiga xat yozganlar orasida Baybolat Kunbolat ham bor edi, u 30 yoshli ukasi Baymurat Naurizbekning “taʼlim” markazlaridan biriga joylashtirilgani xabar topgan.

Boshqalar norozilik tadbirida bir yildan koʻproq ishtirok etib kelayotgan boʻlsa, u 2019-yilda ilk marta bu ishga bosh qoʻshgan.

Uning AFP nashriga aytishicha, avvaliga u Qozogʻiston va Xitoy oʻrtasidagi “qoʻshnichilik aloqalariga” nisbatan hurmat sababli oʻzini tiyib turgan.

Kunbolat Olmaotadagi konsullik oldida Naurizbekning ozod qilinishini talab qilib namoyishda ishtirok etganidan soʻng, ukasi irqiy nafrat qoʻzgʻash ayblovi bilan 10 yillik qamoqqa hukm qilingan, bu haqda fevral oyida Qozogʻistondagi Xitoy missiyasi aʼzosi Gu Ming xabar bergan.

Kunbolatning ukasi 2012-yili internetda qoldirgan posti va boshqa bir qator fikr-mulohazalari tufayli 2018-yilda hibsga olingan, deb aytgan diplomat Kunbolatga.

Gu agar Kunbolat norozilikni toʻxtatmas ekan, elchixona “Qozogʻiston hukumati bilan birgalikda unga qarshi chora koʻrishi” haqida xabar bergan. Guning aytishicha, bu Naurizbekning ishiga salbiy taʼsir qilishi mumkin edi.

Xitoy elchixonasi WeChat ilovasi orqali olib borilgan va Kunbolat AFP nashriga koʻrsatgan yozishmani tasdiqlash talablarni eʼtiborsiz qoldirgan.

“Biz Naurizbekning ishini koʻtarib chiqish uchun deyarli bir yil kutdik, chunki ayrim mish-mishlarga qaraganda lagerdagi eng uzoq muddat bir yil hisoblanadi”, dedi Kunbolat. “Hozir bundan juda afsusdamiz.”

Sentabr oyidagi tergov hisobotida soʻnggi yillar davomida Xitoy hukumati Shinjonda 16 mingga yaqin masjidni yoʻq qilgani va bu bilan kommunistik partiya ruhidagi mamlakatdan Islom madaniyatini tag-tugi bilan yoʻqotishni maqsad qilgani aytiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 1

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500

Turkiy va musulmon mamlakatlar ittifoqi – Turon tashkil etilishi lozim.

Javob berish