TOSHKENT – Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtishni jadallashtirishga qaratilgan farmonni imzoladi, deb xabar berdi oʻtgan hafta Ozodlik radiosi (RFE/RL).
Mirziyoyevning 21-oktabr kungi farmonida 2020-2030-yillarga moʻljallangan til borasidagi siyosati belgilab berilgan.
Farmonda uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash maqsadida ishchi guruh tashkil qilish vazifasi belgilangan.
Shuningdek, 2021-yil 1-apreldan boshlab rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasini aniqlash koʻzda tutilmoqda.
Hujjatga koʻra, 2030-yilga qadar maktabgacha taʼlim tizimida oʻzbek tilli guruhlar qamrovi 80%ga yetkaziladi, shuningdek, oʻzbek tili darslariga ajratilgan soatlar hajmi oshiriladi.
1920-yillar oxiriga qadar oʻzbek tili arab yozuviga asoslangan edi. Ozodlik radiosiga koʻra, Sovet hukumati Markaziy Osiyodagi musulmon xalqlarni Islom dunyosidan uzoqlashtirish maqsadida oʻzbek tilini lotin yozuviga oʻtkazgan.
Keyinroq, 1940-yilda Sovetlar Markaziy Osiyo davlatlarini Turkiyadan uzoqlashtirish maqsadida qisman kirill yozuvini joriy qilishgan.
Mustaqillikka erishgan Oʻzbekiston 90-yillar boshida yana lotin yozuviga oʻta boshladi. Biroq, mamlakatda kirillcha yozuv hali ham keng tarqalgan.
2019-yilda Toshkent davlat universitetidagi ishchi guruh bir necha urinishlardan soʻng lotin yozuviga asoslangan, 30 harfdan iborat yangilangan oʻzbek alifbosining yakuniy loyihasini taqdim etdi.
Rossiya taʼsiridan qochish
2017-yilda Qozogʻistonning oʻsha paytdagi prezidenti Nursulton Nazarboyev ilk marta hukumatga mamlakatning lotin alifbosiga oʻtish jadvalini tayyorlash yuzasidan koʻrsatma bergan edi.
Rejaga muvofiq, mamlakat 2025-yilga qadar toʻliq lotin alifbosiga oʻtishni moʻljallamoqda.
Qozoq maktablari 2018-yildan lotin alifbosida oʻqitishni boshlagan, yaqin yillarda mamlakat boʻylab boshqa maktablar ham ularning safiga qoʻshiladi.
Bu orada ayni masala Qirgʻiziston parlamentida ham muhokama qilingan.
Ozodlik radiosi xabarida aytilishicha, Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining lotin yozuviga oʻtishi Rossiya taʼsirini kamaytirish va milliy oʻzlikni kuchaytirishga oid saʼy-harakatlarning bir qismi deb koʻriladi. Ayrim tilshunoslarning fikriga koʻra, lotin yozuvi turkiy tillar uchun kirill yozuviga qaraganda koʻproq mos keladi.
1991-yilda mustaqillikka erishgach, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston oʻz tillarining maqomini koʻtarib, mos ravishda qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman va oʻzbek tillarini davlat tili deb eʼlon qildilar.
Bu islohot Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiyaga qaramlikni kamaytirishga urinayotganini koʻrsatuvchi belgilardan biridir.
Yanvar oyida Mirziyoyev Oʻzbekistonning Rossiya boshchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga aʼzo boʻlmasligini aytib, mamlakat mustaqilligini mustahkamlash niyatida ekani haqida Moskvaga qatʼiy mujda yoʻlladi. Oʻzbekiston bu tashkilotda kuzatuvchi maqomida boʻlishga qaror qilgan.
“Biz bu ittifoqqa aʼzo boʻlib kirmayapmiz”, deb aytgan Mirziyoyev oʻtgan yil dekabrdagi saylovlardan soʻng parlament yuqori palatasining ilk majlisida.
“Bir narsani bilib qoʻyinglar”, dedi u. “Hech kim mustaqillikni hech kimga berib qoʻymaydi. Mustaqillik xalq ishongan prezidentning qoʻlida.”
Bu Rossiya tashqi siyosatining muvaffaqiyatsizligidir
Javob berishFikrlar 1