BISHKEK – Kuzatuvchilarga koʻra, Moskvaning Bishkekka shartli moliyaviy yordami Qirgʻizistondagi taʼsirini mustahkamlash va mamlakatdagi siyosiy inqiroz sharoitida iqtisodiyotning strategik sohalarini nazorat qilishni kuchaytirish rejasining bir qismidir.
4-oktabr kungi parlament saylovlari ortidan 5-oktabr kuni Qirgʻizistonda ommaviy norozilik namoyishlari va toʻqnashuvlar avj oldi. Saylovda oʻsha paytdagi prezident Sooronbay Jeyenbekovga yaqin partiyalar gʻalaba qozongan boʻlib, ular ovozlarni ommaviy tarzda “sotib olishda” ayblanganlar. 6-oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi.
15-oktabr kuni Jeyenbekov mamlakatdagi inqirozga barham berish maqsadida isteʼfoga chiqqanini maʼlum qildi.
6-oktabr kuni namoyishchilar sobiq parlament aʼzosi Sadir Japarovni qamoqdan ozod qildilar. U 2017-yilda odam oʻgʻirlashda aybdor deb topilgan edi.
U 19-oktyabr kuni Oliy sud tomonidan oqlandi va parlament aʼzolari uni bosh vazir etib tayinladilar.
Inqiroz davom etar ekan, 14-oktabr kuni Rossiyaning “RBK” axborot agentligi Rossiya hukumatidagi manbalariga tayanib, Qirgʻizistondagi “siyosiy vaziyat barqarorlashmagunicha” Moskva Bishkekka moliyaviy koʻmak bermasligini maʼlum qildi.
2019-yilda Rossiya Qirgʻizistonga 30 million dollar (2,5 mlrd qirgʻiz soʻmi) taqdim etdi, 2012-yildan buyon esa 250 million dollardan (20,4 mlrd qirgʻiz soʻmi) ortiq grantlar ajratdi, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, Rossiya 2020-yil avgust oyida Qirgʻizistonga 100 million dollar (8,2 milliard soʻm) qarz berishga qaror qilgan Yevrosiyo barqarorlashtirish va taraqqiyot jamgʻarmasining (YBTJ) asosiy aksiyadori hisoblanadi.
YBTJ krediti toʻxtatilganmi yoki yoʻqmi, hali aniq emas, ammo fond nizom kapitalining 88 foizi Moskva nazoratida.
Kremlning manfaatlari
Ayrim tahlilchilarning fikricha, inqirozning avj pallasida yordamni toʻxtatish haqidagi qaror Kremlning Jeyenbekovdan xalos boʻlishni istaganidan dalolat beradi.
Jeyenbekov 2018-yildan beri AQSH va Gʻarb bilan hamkorlikni jadallashtirib kelayotgan edi.
2018-yil sentabr oyida Jeyenbekov rafiqasi bilan Nyu-Yorkka tashrif buyurib, AQSH prezidenti Donald Tramp tomonidan tashkillashtirilgan qabulda ishtirok etdi. Jeyenbekov Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antonio Guterres bilan muzokara oʻtkazib, BMT Bosh assambleyasida nutq soʻzladi.
Jeyenbekov Vashingtonga tashrif buyurib, bir qator strategik yoʻnalishlarda AQSH va Qirgʻiziston oʻrtasidagi sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan hukumatlararo kelishuvni muhokama qilish va imzolashni rejalashtirgandi, deb xabar bergan Qirgʻiziston ommaviy axborot vositalari 2019-yil oktabr oyida Jeyenbekov maʼmuriyatidagi manbalariga asoslanib.
Biroq, safar amalga oshmay qoldi, ayrim xabarlarga koʻra, Jeyenbekov 2019-yil sentabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan soʻzlashganidan soʻng uni bekor qilgan.
Siyosiy muammolarni yoritadigan bishkeklik jurnalist va jamoatchilik faoli Musurkul Qobilbekovning soʻzlariga koʻra, 28-sentabr kuni Rossiyaning Sochi shahrida oʻtgan uchrashuvda Jeyenbekov Qirgʻizistondagi parlament saylovlari arafasida Putindan yordam soʻragan.
“Sizga maʼlumki, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotiga qarshi boʻlgan turli kuchlar, ayniqsa parlament saylovlari arafasida faollashdi”, deb aytgan Putin bilan uchrashgan Jeyenbekov Kreml saytida eʼlon qilingan bayonotga koʻra.
“Ular hatto Qirgʻiziston suverenitetiga tajovuz qilishga hamda bizning ittifoqimiz va strategik sherikligimizga putur yetkazishga urinmoqdalar”, deb oʻz soʻzini davom ettirgan Qirgʻizistonning sobiq prezidenti. “Shubhasiz, biz bunga yoʻl qoʻymaymiz, ular koʻzlagan maqsadlariga erisha olmaydilar, zero Rossiyaning qoʻllab-quvvatlovi biz uchun muhim... va buning uchun sizdan minnatdorman.”
“Jeyenbekov Putinning oldida oʻzini yerga urdi, ammo Putin unga yordam bermadi”, deydi Qobilbekov.
Bishkekka bosim
Qobilbekovga koʻra, Moskvaning qoʻshimcha moliyaviy koʻmak berishdan bosh tortishi Bishkekka bosim oʻtkazishning ishonchli mexanizmi boʻlib, bu bilan Kreml Qirgʻizistondagi taʼsirini kuchaytirib, iqtisodiyotning soliq va bojxona kabi strategik sohalari ustidan nazoratini kengaytirishi mumkin.
Shunday boʻlsa-da, keyingi voqealar Rossiya rejasi boʻyicha ketmadi, deydi bishkeklik professor va xalqaro huquqshunos olim Qayrat Osmonaliyev.
Kreml Qirgʻizistondagi qonunchilikka binoan hokimiyatning Jeyenbekovdan Japarovga oʻtishi uchun Bishkekka Putin administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari Dmitriy Kozakni joʻnatdi, dedi Osmonaliyev.
“Moskva Jeyenbekovning prezidentlik muddatini tugatib isteʼfoga chiqishini istagandi, shunda bu tashqaridan tabiiy siyosiy jarayonga oʻxshab koʻrinar edi, ammo Jeyenbekov kutilmaganda isteʼfo berdi”, dedi u.
Osmonaliyevning taʼkidlashicha, “Rossiya shu sababli moliyaviy yordamni toʻxtatgan boʻlishi mumkin”.
Keyingi boshqa qarorlar Moskva oʻz maqsadlariga erishish uchun Qirgʻizistonga moliyaviy yordamni paysalga solayotganini koʻrsatgan.
21-oktabr kuni Japarov Rossiyaning Qirgʻizistondagi elchisi Nikolay Udovichenko bilan suhbatlashdi va uchrashuv davomida rus tili Qirgʻizistonda rasmiy til boʻlib qolishini aytdi.
Bu bayonot Oʻzbekiston va boshqa Markaziy Osiyo davlatlarining Rossiya taʼsirini kamaytirish va milliy oʻzlikni kuchaytirish maqsadida lotin yozuviga oʻtishga intilayotgan bir paytda yangragan.
Oʻz navbatida Udovichenko Rossiya “soliq tizimini modernizatsiyalash va mahsulot nazorati markirovka tizimini joriy qilishda Qirgʻizistonga yordam berishga tayyorligini” maʼlum qilgan.
Bu orada Qirgʻiziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev 23-oktabr kuni Moskvada hamkasbi Sergey Lavrov bilan Rossiyaning moliyaviy yordamini tiklash masalasini muhokama qildi, ammo Lavrov yordam tiklanmasligini aytgan.
Ertasi kuni Qozoqboyev “RIA Novosti” davlat axborot agentligiga bergan intervyusida Bishkek Rossiyaning Qirgʻizistondagi “Qant” aviabazasini kengaytirish masalasini koʻrib chiqishga tayyorligini aytdi.
Qant aviabazasi bir necha yillar davomida Qirgʻizistonda siyosiy yashinqaytargich boʻlib kelgan, zero koʻplab qirgʻizistonliklar mamlakatda Rossiya harbiylarining doimiy va mustahkam hozirligini milliy suverenitetga tahdid deb biladilar.
Unda Rossiya aviabazasini yopib qoʻya qolaylik.
Javob berishFikrlar 5
Laʼnati Rossiya, hammaning joniga tegdi. Tezroq parchalanib ketsa yaxshi boʻlardi.
Javob berishFikrlar 5
Rossiyadek fashist va bosqinchi mamlakatdan uzoqroq yurishimiz kerak.
Javob berishAmerika malaylari akillab qolishibdi. Daf boʻl, haromzoda amerikos.
Javob berishNecha pulga sotilding, Kremlning fohishasi?
Javob berishFikrlar 5