DUSHANBE – Oʻtgan haftada AQSH hukumati Markaziy Osiyo davlatlariga narkotrafik va odam savdosiga qarshi kurashda koʻmaklashayotgan bir qator loyihalarga oid yangiliklarni eʼlon qildi.
29-oktabr kuni AQSHning Tojikistondagi elchixonasida davlat idoralari, nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) va boshqa hamkor tashkilotlar xodimlari ishtirokida onlayn tadbir oʻtkazildi. Unda odam savdosining oldini olish, odam savdosi jabrdiydalari va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohasida erishilgan yutuqlar, olingan saboqlar va ilgʻor tajribalar muhokama qilindi.
Tadbirda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) “Qadr-qimmat va huquqlar” loyihasi yakunlari sarhisob qilindi.
USAID loyihasi doirasida 500 dan ortiq davlat idoralari rasmiylari, nodavlat tashkilotlar va talabalarga inson huquqlari, ishga yollash etikasi va odam savdosiga qarshi kurash usullari boʻyicha bilim berilib, 18000 dan ortiq kishining odam savdosi xatarlari va migrantlar huquqlariga oid xabardorligi oshirildi.
“Biz uzoq yillar davomida Tojikiston hukumati, xususiy sektor va fuqarolik jamiyatidagi manfaatdor tomonlar bilan xorijga ishchi kuchini jalb qilishni takomillashtirish va odam savdosi bilan bogʻliq hodisalarning oldini olish, aholining xabardorligini oshirish va jabrdiydalar uchun adolatni qaror toptirish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirib kelmoqdamiz”, dedi tadbirda soʻzga chiqqan AQSHning Tojikistondagi elchixonasi vakili Jon Ginkel.
Oxirgi besh yil ichida 1000 dan ortiq odam savdosi jabrdiydalari va migrantlar ushbu loyiha orqali reabilitatsiya va jamiyatga qayta moslashish jarayonidan oʻtdilar. Natijada 62 mingdan ortiq odam, jumladan, davlat idoralariga murojaat qilish orqali oʻz huquqlarini tiklashga erishdi.
“Hamkorlar sifatida biz birgalikda Tojikiston fuqarolariga yaxshiroq xizmat koʻrsatish uchun bunday tizimlarni mustahkamlashimiz mumkin”, dedi u.
AQSH va Tojikiston hukumatlari odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha 20 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda, deyiladi elchixona bayonotida.
2001-yildan beri USAID Tojikistonda odam savdosiga oid xabardorlikni oshirish va odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berish uchun 20 million dollardan koʻproq mablagʻ sarflagan.
Narkotrafikka qarshi kurashdagi yangi vositalar
Bu orada 29-oktyabr kuni Qirgʻiziston respublikasi Narkotiklarga qarshi kurash xizmatining (CNS) yaqinda taʼmirdan chiqqan tahliliy markazi qayta ish boshladi, deyiladi Qirgʻizistondagi AQSH elchixonasi bayonotida.
Bino toʻla taʼmirlanib, alohida server, kompyuterlar va himoyalangan ichki tarmoq bilan jihozlandi. Modernizatsiya loyihasi AQSH Davlat departamenti tomonidan moliyalashtirildi, BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi esa yangilanish ortidagi kattaroq tashabbusni muvofiqlashtirdi. Bu ishlar uchun 200 ming dollardan ortiq mablagʻ sarflandi.
AQSH hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan loyiha doirasida mutaxassislarga taʼlim berilib, kartografiya va razvedka maʼlumotlarini tahlil qiladigan yangi dasturiy taʼminot taqdim etildi.
Qirgʻizistonlik operativ xodimlar CNS markazining tahliliy mahsulotlari yordamida narkofurushlar Qirgʻiziston orqali Qozogʻiston, Rossiya va Yevropa Ittifoqiga olib oʻtmoqchi boʻlgan katta miqdordagi afyun va psixotrop moddalarni qoʻlga olganlar.
Markazning ochilish marosimida Qirgʻiziston bosh vazirining oʻrinbosari Maksat Mamitkanov, ichki ishlar vaziri Ulan Niyozbekov va boshqa huquq-tartibot idoralari rasmiylari ishtirok etdilar.
Tadbirda qatnashgan rasmiylar giyohvand moddalarga qarshi kurashda razvedka maʼlumotlarini yaxshiroq tahlil qilish narkotiklar kontrabandasiga barham berishiga umid bildirdilar.
Qoʻshma Shtatlar CNSning transmilliy jinoiy guruhlar kontrabandasiga chek qoʻyish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi.