Karvonsaroy
Inson huquqlari

Xitoyning mafkuraviy kampaniyasida qatnashgan uygʻur josusi Istanbulda otib ketildi

Karvonsaroy va AFP

1-oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Xitoyning Shinjon mintaqasidagi mafkuraviy lagerlarda hibsda saqlanayotgan musulmon ozchiliklarni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyishida “Biz kelyapmiz” deb yozilgan plakatni ushlab turgan erkak. [Ozan KOSE /AFP]

1-oktyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Xitoyning Shinjon mintaqasidagi mafkuraviy lagerlarda hibsda saqlanayotgan musulmon ozchiliklarni qoʻllab-quvvatlab oʻtkazilgan namoyishida “Biz kelyapmiz” deb yozilgan plakatni ushlab turgan erkak. [Ozan KOSE /AFP]

ISTANBUL – Istanbulda Xitoy hukumati tarafidan oʻzining millatdosh birodarlari ortidan josuslik qilishga majburlanganini aytgan uygʻur erkak otib ketildi, deb xabar qilgan Turkiya OAV seshanba (3-noyabr) kuni.

Dushanba (2-noyabr) kuni kechki payt sigareta sotib olish uchun tashqariga chiqqan Yusufujrang Aymayitijanga qarata ikki marta oʻq uzilgan, deb xabar beradi DHA yangiliklar agentligi. Aymayitijanning qoʻli va yelkasi jarohat olgan, hujum qilgan shaxs esa qochib ketgan.

Turkiyadagi uygʻurlar hamjamiyatiga koʻra, Aymayitijan Yusupjan Yemet va Yusuf Amat ismi bilan ham tanilgan.

2019-yil fevral oyida u Amat ismi ostida “Al-Jaziyra” telekanaliga oʻzining uygʻur millatdoshlari haqida Xitoy hukumatiga maʼlumot yetkazib turishga majbur qilinganini aytgan edi.

“Mening vazifam rasmiylarga maʼlumot yetkazib turishdan iborat boʻlgan. Odamlar nima qilayotgani – nima yeb-ichayotgani, uyida nimalar bilan shugʻullanayotgani, ularning qarindosh yoki doʻst boʻlishidan qatʼiy nazar hammasini yetkazib turganman”, deb aytgan edi Amat.

U onasi garovga olinib, qiynoqqa solinganidan soʻng, hamkorlik qilishdan bosh tortsa, uni qoʻyib yubormasliklarini aytishganidan soʻng, 2012-yildan josuslik qila boshlagan.

U 2012-2018-yillar oraligʻida ichida Afgʻoniston, Pokiston va Turkiya kabi mamlakatlarda josuslik qilib kelganini aytgan, deb xabar beradi “Al-Jaziyra”.

Dunyoda Pekinning bunday josuslari “sanoqsiz”, ularning ayrimlari uygʻurlarni oʻgʻirlab, Xitoyning Shinjonidagi lagerga olib borgan, degan edi u.

Xitoyning Shinjon viloyatidagi lagerlarida bir milliondan ortiq musulmonlar azob chekmoqda, Pekin ularni oʻz jamiyatiga majburan moslashtirish va islomiy merosni tag-tugi bilan yoʻqotishga urinmoqda.

27-oktyabr kuni AQSH senatorlari Xitoy rejimining uygʻurlar va boshqa turkiyzabon musulmonlarga qarshi genotsid siyosatini qoʻllayotgani haqidagi rezolyutsiyani eʼlon qilganlar.

Global zoʻravon

Turkiyadan kelgan bu xabar yaqinda AQSHda Xitoy rejimi muxoliflarini qoʻrqitishga qaratilgan xalqaro operatsiyaga aloqadorlikda ayblangan sakkiz nafar xitoylik josusning hibsga olinishi ortidan tarqalgan.

Pekinning koʻrsatmasi va nazorati ostida harakat qilgan josuslar kuzatuv olib borishgan va “Tulki ovi” deb nomlangan operatsiya doirasida AQSHning muayyan fuqarolarini taʼqib qilib, ularga tazyiq va bosim oʻtkazgan, deyiladi AQSH Adliya vazirligining 28-oktyabr kungi bayonotida.

Yuz bergan holatlarning birida xitoylik josus va uning bir nechta sherigi internet orqali kuzatuv va taʼqib qilish uchun bir shaxsning voyaga yetgan qizini nishonga olishgan. Xususan, josus bosim oʻtkazish kampaniyasi doirasida suratga va videoga olish uchun qizni topish maqsadida xususiy izquvar yollashga uringan.

Bu orada XXR raisi Si Tszinpin oʻz chiqishlarida tobora koʻproq shovinistik ritorikaga urgʻu berar ekan, borgan sari tajovuzkor boʻlib borayotgan xitoylik harbiylar boshqa suveren davlatlar hududiga daxl qilmoqdalar – qoʻshni davlatlar, kuzatuvchilar va xalqaro hamjamiyat bu tendentsiyadan jiddiy xavotirda.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500