Karvonsaroy
Siyosat

Qozogʻiston prezidenti lotin yozuviga oʻtish masalasini chuqurroq oʻrganishga buyruq berdi

Karvonsaroy

Iqtidorli qizlar uchun moʻljallangan “Bіlіm-innovatsiya” litseyida boʻlib oʻtayotgan dars jarayoni, Ostona, 2018-yil, mart. Qozogʻistonning ayrim maktablari lotin yozuvida taʼlim berishga oʻtgan. [Fayl]

Iqtidorli qizlar uchun moʻljallangan “Bіlіm-innovatsiya” litseyida boʻlib oʻtayotgan dars jarayoni, Ostona, 2018-yil, mart. Qozogʻistonning ayrim maktablari lotin yozuvida taʼlim berishga oʻtgan. [Fayl]

NUR-SULTON – Qozogʻiston prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev olimlarga mamlakatda kirill alifbosining oʻrnini bosuvchi lotin alifbosining yana bir variantini ishlab chiqish buyrugʻini berdi, deb xabar qiladi “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosi dushanba (9-noyabr) kuni.

Toʻqayev madaniyat vaziri Oqtoʻti Raimqulova va taʼlim vaziri Asxat Aymagambetovga alifbo boʻyicha mutaxassislar bilan ishlash va oʻz ishlarini bu masalani oʻrganayotgan milliy komissiyaga taqdim etish vazifasini topshirgan, deb xabar beradi Toʻqayevning matbuot xizmati.

Qozogʻiston 2025-yilga qadar toʻliq lotin alifbosiga oʻtishni 2017-yildan beri rejalashtirib kelmoqda. Hozirgi kunda yangi alifboning bir nechta versiyasi koʻrib chiqilyapti, chunki olimlar harflar talaffuzi va diakritik belgilarni muhokama qilmoqdalar. Toʻqayev alifboning yana bitta versiyasini ishlab chiqish buyrugʻini bergan.

Uzoqlashuv

Orfografik islohot qozoq madaniyatini targʻib qilish va Qozogʻistonni Rossiya taʼsiridan yanada uzoqlashtirishga urinish oʻlaroq baholanmoqda. Qozogʻiston 1991-yilda mustaqil boʻlgan.

2019-yili prezident boʻlgan Toʻqayev qozoq tiliga mos keluvchi lotin alifbosini ishlab chiqish uchun qoʻshimcha vaqt talab qilinishini aytgan edi.

1929-yilda sovetlar hukumati SSSRdagi musulmon ozchiliklarni Islom madaniyati va merosidan uzoqlashtirish maqsadida ular foydalanadigan anʼanaviy arab harflariga asoslangan yozuvni lotin yozuviga almashtirgan.

1940-yilda ularning tilini rus tiliga bogʻlash maqsadida kirillcha alifbolar joriy qilindi.

Qozogʻistondagi yosh avlod lotin yozuvida taʼlim olsa, xorijiy tillarni oʻrganishi va global hamjamiyatga integratsiyalashuvi osonlashadi, degan edi 2018-yilda olmaotalik oʻquvchining onasi Saule Tursunova Karvonsaroy bilan suhbatda.

Oʻtgan oyda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga oʻtishni jadallashtirishga qaratilgan farmonni imzolagan edi.

Alifboni oʻzgartirish masalasi Qirgʻiziston parlamentida ham muhokama qilingan.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500