Karvonsaroy
Jinoyat va adolat

Qozogʻiston uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashni jadallashtirmoqda

Aydar Ashimov

Politsiya maxsus kuchlari avtomashinada portlovchi moslamalar bor-yoʻqligini tekshirmoqda, Nur-Sulton, 21-may. [Qozogʻiston IIV]

Politsiya maxsus kuchlari avtomashinada portlovchi moslamalar bor-yoʻqligini tekshirmoqda, Nur-Sulton, 21-may. [Qozogʻiston IIV]

NUR-SULTON – Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik va odam savdosiga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni, shuningdek ushbu davomli jinoyatlarga qarshi kengaytirilgan chora-tadbirlar rejasini eʼlon qildi.

Qozogʻiston Ichki ishlar vazirligi (IIV) “odam savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar tergovini takomillashtirmoqda”, deyiladi 4-noyabr kuni ichki ishlar vaziri Yerlan Turgumbayevning matbuot brifingi yakunlari boʻyicha berilgan vazirlik bayonotida.

Ushbu takomillashtirish choralari doirasida IIV mamlakatda uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashuvchi maxsus departament tashkil etmoqda.

Joriy yilda bu turdagi 107 ta jinoyat fosh etildi, ularning aksari “yaxshi tashkillashtirilgan va transmilliy xarakterga ega”, dedi Turgumbayev.

Suratda: Nur-Sultondagi politsiya operativ boshqaruv markazi, 29-oktyabr. [Qozogʻiston IIV]

Suratda: Nur-Sultondagi politsiya operativ boshqaruv markazi, 29-oktyabr. [Qozogʻiston IIV]

Politsiya va nodavlat tashkilotlar odam savdosiga oid ogohlantiruvchi maʼlumotlar va ishonch telefonlari yozilgan tibbiy niqoblarni tarqatmoqda. [Qozogʻiston IIV]

Politsiya va nodavlat tashkilotlar odam savdosiga oid ogohlantiruvchi maʼlumotlar va ishonch telefonlari yozilgan tibbiy niqoblarni tarqatmoqda. [Qozogʻiston IIV]

MVD bayonotida aytilishicha, joriy yil boshidan beri jinoiy guruhlarning 16 nafar yetakchisi va 130 aʼzosi javobgarlikka tortilgan boʻlib, ulardan 150 dan ortiq oʻqotar qurol va 960 dona oʻq-dori musodara qilingan.

Iyun oyida politsiya “STOP trafik” operatsiyasini oʻtkazib, odam savdosi bilan bogʻliq 50 ta holatni fosh etgan.

Operatsiya doirasida koʻngilochar maskanlar, saunalar, mehmonxonalar, ijara xonadonlari, fermer xoʻjaliklari va qurilish inshootlarida oʻtkazilgan politsiya reydlari davomida odam savdosi, majburiy mehnat va jinsiy qullik bilan bogʻliq holatlar aniqlangan.

Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurash boʻyicha politsiyaning 116-16 raqamli ishonch telefonlari ishlab turibdi. Politsiya bu xizmatni ommalashtirish maqsadida nodavlat tashkilotlar bilan birgalikda odam savdosiga oid ogohlantiruvchi maʼlumotlar va ishonch telefonlari yozilgan tibbiy niqoblarni tarqatmoqda.

Terrorizm va jinoyatchilik

Odam savdosiga qarshi kurashga qaratilgan choralar terrorchilik guruhlariga ham zarba beradi, deydi Nur-Sultonlik siyosatshunos Bolatbek Isayev.

“Odam savdosi ekstremistlar va terrorchilar orasida koʻp uchraydigan hodisa”, dedi u. “Gap qiz va ayollarni tutqunlikda saqlash, ularni bitta “er”dan boshqasiga berish toʻgʻrisida ketmoqda. Masalan, Suriya hududida “Islom davlati” (ID) tarafdorlari asiralardan tirik buyum sifatida foydalangan.”

Isayev bugungi kunda terrorizm uyushgan jinoyatchilik bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi.

“Qora bozorda odam savdosi, giyohvand moddalar, qurol-yarogʻ oldi-sotdisi bilan terrorchi tashkilotlar aʼzolari ham, ularga moliyaviy koʻmak beruvchi tarafdorlar ham shugʻullanishi mumkin”.

“Muammo haqida ochiq-oydin gapirilayotgani – ijobiy holat. Biz terrorizmning potensial xavfi va politsiyaning choralaridan boxabar boʻlyapmiz”, deb taʼkidladi u.

Qozogʻistonda odam savdosiga qarshi kurashda erishilayotgan yutuqlarga qaramay, qilinadigan ishlar hali koʻp.

AQSH Davlat departamentining iyun oyida eʼlon qilingan odam savdosiga oid yillik hisobotida mamlakatlarning odam savdosiga qarshi kurash standartlarini bajarish yoʻlidagi saʼy-harakatlari baholangan. Unda Qozogʻiston 2-darajali kuzatuv roʻyxatiga kiritilgan.

Bu toifaga TVPA (AQSHning odam savdosi qurbonlarini himoya qilishga oid qonuni) minimal standartlariga toʻliq javob bermasa-da, muvofiqlikni taʼminlash uchun “sezilarli choralar” koʻrayotgan mamlakatlar kiradi, deyiladi bayonotda.

Narkotiklarga qarshi kurash

Bu orada Qozogʻiston politsiyasi uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarish va sotishni jilovlashga urinmoqda.

Oʻtgan oy Qaragʻanda viloyati huquq-tartibot idoralari giyohvandlik moddalari ishlab chiqaruvchi laboratoriya tashkil qilgan fuqaroni hibsga oldilar, undan 5 kg dan ortiq sintetik narkotiklar musodara qilingan.

Sentabr oyida Jambil viloyati sudi Qirgʻizistondan Qozogʻistonga giyohvand moddalar olib oʻtish bilan shugʻullangan uyushgan jinoiy guruhning toʻqqiz nafar aʼzosini aybdor deb topdi. Ular 10 yildan 17 yilgacha boʻlgan qamoq jazolariga hukm qilingan.

Bundan tashqari, politsiya xodimlari taqiqlangan materiallarni aniqlash uchun ijtimoiy tarmoqlarni doimiy ravishda kuzatib bormoqda. Masalan, 2-noyabr kuni temirtaulik fuqaro internetga ekstremistik materiallar joylagani uchun jarimaga tortilgan.

Qozogʻiston huquq-tartibot idoralari, shuningdek noqonuniy qurollarning jinoyatchilar va ekstremistlar qoʻliga tushib qolishiga qarshi kurashmoqda.

May oyi oxirida Qozogʻistonning turli viloyatlarida “Karu” (Qurol) operatsiyasi boshlandi.

“Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad – oʻqotar qurol bilan bogʻliq jinoyatlarning oldini olish, bartaraf qilish va fosh etish; qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar va portlovchi moddalarni noqonuniy saqlash, ishlab chiqarish va sotish bilan shugʻullanuvchi shaxslar va uyushgan jinoiy guruhlarni aniqlash; qurollar va oʻq-dorilarni noqonuniy saqlash va sotish holatlarini aniqlash”, degan edi IIV oʻz bayonotida.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500