Karvonsaroy
Diplomatiya

Turkmaniston Afgʻonistondagi tinchlik muzokaralariga koʻmaklashmoqchi

Jumaguli Annayev

2-noyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afgʻonistonning ichki tinchlik muzokaralarida Turkmaniston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Vepa Hojiyev (yuqoridan chapda) boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. [Turkmaniston TIV]

2-noyabr kuni Qatar poytaxti Dohada Afgʻonistonning ichki tinchlik muzokaralarida Turkmaniston tashqi ishlar vazirining oʻrinbosari Vepa Hojiyev (yuqoridan chapda) boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi. [Turkmaniston TIV]

ASHXOBOD – Yaqinda Afgʻonistonda nizolashayotgan tomonlar oʻrtasida Turkmaniston vositachiligida oʻtkazilgan uchrashuv, shuningdek, turkmanlarning Afgʻoniston bilan bogʻliq bir qator investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashi – Afgʻoniston istiqbolining kelgusi bosqichida Ashxobodning muhim rol oʻynashga intilayotganidan darak bermoqda.

Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Vepa Hojiyev boshchiligidagi Turkmaniston delegatsiyasi tinchlik jarayoniga koʻmaklashish maqsadida 2-noyabr kuni Qatarda Afgʻoniston hukumati va Tolibon oʻrtasidagi tinchlik muzokaralarida ishtirok etdi.

19 yildan beri urush iskanjasida qolayotgan Afgʻonistonda nizolashayotgan har ikki tomon vakillarining Dohadagi muzokaralari sentabr oyida boshlangan edi. Ular kelasi yil AQSH va boshqa xorijiy kuchlar ketganidan keyin mamlakatning taraqqiyot rejasini tuzishga urinmoqdalar.

2-noyabr kuni Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi veb-saytida Tolibon vakillari bilan uchrashuv qisqacha yoritilgan, ammo ishtirokchilarning kim ekaniga aniqlik kiritilmagandi.

TAPH quvurining uzunligi 1840 km ni tashkil etadi. Uni qurib bitkazish muddati bir necha bor ortga surilgan. [Fayl]

TAPH quvurining uzunligi 1840 km ni tashkil etadi. Uni qurib bitkazish muddati bir necha bor ortga surilgan. [Fayl]

Dohadagi delegatsiya ikki tomon oʻrtasida vositachi vazifasini bajardi va tinchlik muzokaralari chogʻida muammolarni harbiy emas, balki siyosiy usullar bilan hal qilish samaraliroq ekaniga ishontirishga urindi, dedi xavfsizlik vajidan oʻzini Sardor deb tanishtirishni soʻragan Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi.

“Adovat va urush ham mamlakat, ham Afgʻoniston xalqi va butun mintaqa uchun xayrli emasligiga Tolibon va hukumatni ishontirish muhim edi”, dedi rasmiy.

Dohada 2 noyabr kuni oʻtgan uchrashuvning batafsil yoritilmagani “bu masala u qadar joʻn emasligidan” dalolat beradi, dedi u.

Turkmaniston Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatilishiga hamda oʻzi va xalqaro sheriklar ishtirokidagi infratuzilma loyihalarining jadallashuviga umid qilmoqda, dedi Sardor. Bu loyihalar Afgʻonistondagi xavfsizlik muammolari sababli toʻxtab qolgan.

Investorlar Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik yoʻqligidan choʻchiyotgani va bu notinchlik Afgʻonistonda mintaqaviy miqyosdagi muhim qoʻshma loyihalarda ishtirok etayotgan mamlakatlar va kompaniyalarni xavotirga solishini Ashxobod yaxshi anglaydi, dedi Sardor.

Iqtisodiy umidlar

Tinchlik va xavfsizlik Afgʻoniston iqtisodiyotini jonlantirish kaliti hisoblanadi, deydi Moliya va iqtisodiyot vazirligining Iqtisodiy xatarlardan himoya qilish agentligi mutaxassisi Maisa Nuryogʻdiyeva.

Osoyishtalik qaytsa, “Afgʻonistonni mintaqaviy iqtisodiyotga integratsiya qilish jarayoni jadallashadi va toʻxtab qolgan loyihalarning koʻpi harakatga keladi”, dedi u.

Turkmaniston-Afgʻoniston-Pokiston-Hindiston (TAPH) gaz quvuri, optik tolali aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek Afgʻonistondagi temir yoʻl loyihalariga koʻplab sarmoyador va pudratchilar jalb qilinmoqda, ammo barqarorlik va xavfsizlikning yoʻqligi bunga toʻsiq boʻlyapti, dedi u.

Qurib bitkazilajak TAPH quvurining uzunligi 1840 km ni tashkil etadi. Bu loyiha Janubiy Osiyoda energiya tanqisligini kamaytirishga yordam beradi va oʻzi oʻtgan toʻrt mamlakat uchun daromad keltiradi. Uni qurib bitkazish muddati bir necha bor ortga surilgan.

Turkmanistonlik tahlilchilarning aytishicha, quvur foydalanishga topshirilgach, Turkmaniston gaz eksport qilish uchun qoʻshimcha kanalga ega boʻladi, Afgʻoniston esa oʻziga tegishli gaz ulushini olishdan tashqari, yiliga 1 milliard dollar daromad qiladi va uni boshqa mamlakatlarga yetkazish ortidan 12000 kishini ish bilan taʼminlaydi.

Dubay va dunyoning boshqa yirik biznes markazlarida “turkman mutaxassislari yangi sarmoyadorlarni jalb qilish maqsadida bir nechta energetika loyihalarini taqdim etishdi, ammo TAPHning potensial investorlari xavfsizlik muammolari sababli ikkilanish va xavotirda”, dedi Nuryogʻdiyeva.

“Afgʻoniston hukumati vaziyatni tushunish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor. Endi Turkmanistonning tashabbuslarini hukumatga muxolif kuchlar ham qoʻllab-quvvatlashi kerak”, deb qoʻshimcha qildi u.

Vositachilik roli

Turkmaniston tinchlik jarayoniga koʻmaklashish orqali neytral davlat sifatidagi diplomatik maqomini mustahkamlamoqda, deydi TIV vakili Sardor.

“Agar muzokaralar jarayoni muvaffaqiyatli oʻtadigan boʻlsa, Turkmaniston Afgʻoniston zaminida tinchlik oʻrnatish uchun hal qiluvchi hissa qoʻshgan davlat boʻlishni istaydi”.

“(Dohada Tolibon bilan suhbatlashgan) hamkasblarim shunday koʻp taraflama muammo bilan yuzma-yuz kelmoqdalar”, dedi Sardor.

Sardorning soʻzlariga koʻra, Ashxobod Afgʻonistondagi vaziyatni tinch yoʻl bilan hal qilishga koʻmaklashish hamda hukumat va isyonchilar oʻrtasida siyosiy muzokaralar oʻtkaziladigan maydonga aylanishga tayyorligini bir necha bor taʼkidlagan.

“Global miqyosda olib qaraganda, Turkmaniston uchun Tolibondan nafaqat Ashxobodga kelish va Afgʻoniston hukumati bilan muzokaralar oʻtkaziladigan joyni oʻzgartirishga rozilik olish, balki Afgʻonistondagi infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirishda xavfsizlik kafolatlarini olish ham muhim”, deb qoʻshimcha qildi u.

“12-sentabr kuni boʻlib oʻtgan muzokaralarning ilk bosqichida tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovning oʻzi ishtirok etdi”, dedi Sardor.

Sardor Turkmaniston tashqi ishlar vazirligining muzokaralardagi qatʼiyatini “mamlakat rahbariyatining tashabbusni Qatardan oʻz qoʻliga olish va tomonlarni Ashxoboddagi muzokaralar stoliga jalb qilish istagi” bilan bogʻladi.

3-noyabr kuni BMT bosh kotibining maxsus vakili va BMTning Afgʻonistondagi koʻmak missiyasi rahbari Debora Layons bilan uchrashuvda Meredov Turkmanistonning “ichki muzokaralarning navbatdagi bosqichlari uchun Afgʻonistonga siyosiy maydon taqdim etishga” tayyorligini tasdiqladi.

“Agar muzokaralarni Ashxabodga koʻchirish va tomonlarning tinchlik kelishuviga koʻmak berish istagi amalga oshsa, Turkmaniston oʻzining betaraf davlat maqomiga maʼlum siyosiy dividendlarni qoʻshib olishi mumkin”, dedi Sardor.

Uning aytishicha, avvalgi muzokaralar, jumladan oliy darajadagi prezidentlar uchrashuvlari va Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi orqali oʻtkazilgan muloqotlar Kobulning Tolibon bilan muzokaralar uchun Ashxoboddan foydalanishga tayyorligini namoyon etgan.

Dohadagi turkman delegatsiyasi Tolibonni Ashxobod Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishga oid muvaffaqiyatli muzokaralarga tayyor ekanligiga ishontirishga harakat qildi, dedi Sardor.

“Turkmaniston rahbariyati nizolashayotgan tomonlarning oʻzaro kelishuvga erishishi, Afgʻonistonning qadim zaminida tinchlik oʻrnatilishi va butun mamlakatning bunyodkorlik yoʻlidan borishiga umid qilmoqda”, dedi Sardor.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500