Karvonsaroy
Salomatlik

Gʻarbning muvaffaqiyatli bayonotlari ortidan Putin Rossiya vaksinasi targʻibotini kuchaytirmoqda

Karvonsaroy va AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-noyabr kuni Moskva yaqinidagi qarorgohidan turib videoaloqa orqali BRIKSning XII sammitida ishtirok etmoqda. [Aleksey NIKOLSKIY / SPUTNIK / AFP]

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 17-noyabr kuni Moskva yaqinidagi qarorgohidan turib videoaloqa orqali BRIKSning XII sammitida ishtirok etmoqda. [Aleksey NIKOLSKIY / SPUTNIK / AFP]

MOSKVA – Yaqinda erishilgan yutuqlardan soʻng, Yevropa va Qoʻshma Shtatlarda COVID-19ga qarshi emlash dasturlari bilan bogʻliq rejalar shakllanar ekan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin yirik rivojlanayotgan mamlakatlar ittifoqi – BRIKS aʼzolarini Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalarni ommaviy ishlab chiqarishga chorlamoqda.

Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika respublikasidan iborat BRIKS alyansining onlayn sammitida nutq soʻzlagan Putin ittifoqning qolgan toʻrt aʼzosini Rossiyaning koronavirusga qarshi vaksinalarni keng miqyosda ishlab chiqarish va tarqatishga targʻib qildi.

“Rossiyada vaksinalar bor, ular samarali va xavfsiz... Bu mahsulotni keng miqyosda tarqatish uchun saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz juda muhim”, dedi Putin seshanba (17-noyabr) kuni.

Rossiya rahbari vaksinalarni ommaviy ishlab chiqarish boʻyicha besh mamlakat oʻrtasida qanday keng koʻlamli harakatlar olib borilishini ochiqlamagan va tijoriy shartlarni aytib oʻtmagan.

Avgust oyida Rossiya rejimi COVID-19ga qarshi dunyodagi birinchi vaksinani roʻyxatdan oʻtkazganini eʼlon qildi. Bu bayonot sovet davriga oid sunʼiy yoʻldosh sharafiga “Sputnik V” deb nomlangan vaksinaning keng miqyosli klinik sinovlaridan avval berildi.

Oʻtgan oyda Putin rejimi koronavirusga qarshi ikkinchi vaksina – “EpiVakKorona”ni ham roʻyxatdan oʻtkazganini aytdi.

Shubhali vaqt

AQSHning Pfizer transmilliy farmatsevtika korporatsiyasi va Germaniyaning BioNTech biotexnologik kompaniyasi 9-noyabr kuni oʻz vaksinalari samaradorligi 90 foizdan yuqori ekanligini eʼlon qildilar, bu global vaksina poygasida umidbaxsh bayonot boʻldi.

Oradan ikki kun oʻtib, Rossiya rejimi uning vaksinasi 92 foizlik samadorlikka ega ekanini aytdi. Koʻpchilikning fikricha, Kreml raqamlarga shunchaki 2 foiz qoʻshib qoʻyishgan boʻlishi mumkin.

Ammo bu shov-shuvli yangilik ham tashviqot choralariga hech qanday yordam berolmadi.

Chorshanba (18-noyabr) kuni Pfizer va BioNTech COVID-19ga qarshi oʻz tajriba vaksinalari boʻyicha yakunlangan tadqiqotlar ularning 95 foizga samaradorligini koʻrsatganini maʼlum qilgan.

AQSH Milliy sogʻliqni saqlash instituti bilan hamkorlikda oʻzining COVID-19ga vaksinasini ishlab chiqqan Moderna biotexnologiya kompaniyasining 16-noyabr kungi xabariga koʻra, dastlabki natijalar nomzod-vaksinaning 94,5 foizga samarador ekanini koʻrsatdi.

Putinning BRIKSga murojaati – mamlakatlar Gʻarbning sinalgan va muvaffaqiyatli vaksinalari xaridi uchun shartnoma imzolamasidan avval, sinovi yakunlanmagan “Sputnik V”ni sotishga urinish oʻlaroq baholanmoqda.

“Rossiyaning bayonotini tushuntirish juda mushkul”, degan edi mamlakatda COVID-19 vaksinasi boʻyicha olib borilayotgan tadqiqotlar va ishlanmalarni diqqat bilan kuzatib borayotgan, Rossiyaning Klinik tadqiqotlar boʻyicha tashkilotlari uyushmasi vakili Svetlana Zavidova oʻtgan haftada.

“Qoʻrqamanki, ular Pfizer natijalarini koʻrib, unga shunchaki 2 foiz qoʻshib qoʻyishgan boʻlishi mumkin”, dedi u Science nashri bilan suhbatda.

Aksar tahlilchilar Kremlning birinchi boʻlib vaksina ishlab chiqish “ishtiyoqi” uning samaradorligi va xavfsizligiga putur yetkazishi mumkinligidan xavotirda.

“Sputnik V” vaksinasining xavfsizligi atrofidagi shubhalar ortar ekan, Kreml bu mahsulot borasidagi ritorikasini yanada kuchaytira boshlagan.

Moskvaning vaksinani targʻib qilish kampaniyasi vatanparvarlik bayonotlari bilan toʻlgan va hech qanday tanqidni koʻtarmaydi – “Kreml xavfsizlikni oʻylamayapti” degan daʼvolar Rossiyaga qarshi boʻhton sifatida rad etiladi.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500