Karvonsaroy
Ta’lim

Qozogʻistonda “Ekstremizmga qarshi birgalikda” tanlovi oʻtkazilmoqda

Aydar Ashimov

22-noyabr kuni mahalliy internet-kafeda oʻtirib maʼlumot izlayotgan tarazliklar. [Aydar Ashimov]

22-noyabr kuni mahalliy internet-kafeda oʻtirib maʼlumot izlayotgan tarazliklar. [Aydar Ashimov]

NUR-SULTON – Nur-Sulton shahar prokuraturasi tomonidan yoshlar oʻrtasida ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga bagʻishlangan tanlov eʼlon qilindi.

12-noyabrda boshlangan va 5-dekabrgacha davom etadigan loyihaning asosiy maqsadi Qozogʻistonda aholining ekstremizm va terrorizmga qarshi ogohligini hamda huquqiy va diniy savodxonlik darajasini oshirishdir, deb xabar beradi Nur-Sulton shahar hokimligining matbuot xizmati.

Tanlov uch yoʻnalishda oʻtkazilmoqda: “Eng yaxshi qisqa metrajli video”, “Eng yaxshi kollaj/plakat” va “Eng yaxshi loyiha”.

Tanlovga taqdim etilgan videolavhalar, suratlar va yozma materiallar oʻsmirlar orasida ekstremizmning oldini olish hamda vatanparvarlik va tashqi dunyoga nisbatan bagʻrikenglikni tarbiyalashga qaratilgan boʻlishi lozim.

Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) askari Koʻkchatovdagi aksilterror mashqlari chogʻida, 24-oktabr. [Qozogʻiston MXQ]

Milliy xavfsizlik qoʻmitasi (KNB) askari Koʻkchatovdagi aksilterror mashqlari chogʻida, 24-oktabr. [Qozogʻiston MXQ]

Qozogʻiston ichki ishlar vazirligining (IIV) garovga olingan holatda nima qilish kerakligi tushuntirilgan plakati davlat muassasalariga joylashtirilmoqda. [Qozogʻiston IIV]

Qozogʻiston ichki ishlar vazirligining (IIV) garovga olingan holatda nima qilish kerakligi tushuntirilgan plakati davlat muassasalariga joylashtirilmoqda. [Qozogʻiston IIV]

Tanlov yakunlari 14-dekabr kuni eʼlon qilinadi. Gʻoliblarga 150000 dan 1 million tengagacha (350-2300 AQSH dollari) pul mukofotlari beriladi.

“Tanlov uchun doʻstlarim bilan qisqa videolavha suratga olishga qaror qildik, unda bir qiz internet orqali yigit bilan tanishadi”, dedi Nur-sultonlik 25 yashar Oybek Ibrayev. “Yigit unga Islom haqida soʻzlaydi, lekin qarashlari ekstremistik boʻlgan bu yigit terrorchilarni oʻziga pir qilib olgan boʻladi”.

Voqea yaxshilik bilan yakun topadi, dedi u. Oilasi va doʻstlari qizga ekstremizm va terrorizmni qoʻllaydigan begona odamga ishonmaslik kerakligini tushuntiradilar.

Karantin vaqtida ekstremizm profilaktikasi

COVID-19 pandemiyasi sababli ommaviy tadbirlar taqiqlangan bir paytda bunga oʻxshash tanlovlar Qozogʻistonning koʻplab mintaqalarida oʻtkazilmoqda.

Joriy yilda Qaragʻanda viloyati Din ishlari boshqarmasi ekstremizm va terrorizmga oid jurnalistik maqolalar hamda ijtimoiy tarmoqlarda chop etilgan materiallar tanlovini oʻtkazdi.

Pavlodar dinlararo munosabatlarni tahlil qilish va rivojlantirish markazi (DMTRM) muntazam ravishda turli xodimlar va diniy mutaxassislar uchun tanlovlar, ochiq osmon ostidagi tadbirlar va onlayn seminarlar oʻtkazib kelmoqda.

DMTRM direktori Gulnaz Razdikova ekstremizmning oldini olishga qaratilgan bunday tadbirlarning muhimligini alohida taʼkidladi.

“Buzgʻunchi tashkilotlar safiga odam yollash bugungi kunning dolzarb muammosi boʻlib qolmoqda”, dedi u. “Pandemiya tufayli internet foydalanuvchilari soni yanada koʻpaydi, yollovchilar ham mudrab yotgani yoʻq”.

“Shu bois ham ekstremistik mafkuraga qarshi kurashda madaniy-maʼrifiy va ogohlikni oshiruvchi usullarni qoʻllash muhim.”

Markaz din sohasidagi qonunlar, ekstremizm va terrorizm tushunchalarini hamda ularning jamiyat uchun xavfliligini tushuntirish bilan shugʻullanadi, shuningdek, diniy bagʻrikenglik va toqatlilik kabi ijtimoiy qadriyatlarni targʻib qiladi, dedi u.

“Bu yili “uyushmagan auditoriya” deb nomlanuvchi odamlar guruhi bilan tushuntirish ishlari olib borishga asosiy eʼtibor qaratildi”, deydi Razdikova. “Bular oʻz-oʻzini ish bilan band qilganlar, ishsizlar, taksichilar va bozordagi sotuvchilar.”

“Karantin cheklovlari sabab koʻp odamlarni bir joyga toʻplash imkonsiz”, deydi turkistonlik diniy mutaxassis Nurbek Muxametov. “Shu sababli ekstremizmning oldini olish maqsadida biz koʻcha-kuyda risolalar tarqatyapmiz va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari oʻrtasida turli tanlovlar oʻtkazyapmiz.”

Muxametov mamlakatning ekstremizmga qarshi olib borilayotgan saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

“Endilikda bunday tanlovlar nafaqat nodavlat tashkilotlar, balki davlat idoralari tomonidan ham oʻtkazilmoqda”, dedi u.

Sizga maqola yoqdimi?

Fikrlar 0

Siyosat * Majburiy 1500 / 1500